Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Vatan himoyasi – sharaf, uni sevish esa fitriydir

13.01.2022   2579   9 min.
Vatan himoyasi – sharaf, uni sevish esa fitriydir

 

Tarix saboqlaridan ma'lumki, har qanday ezgu niyat, orzu va maqsadning ro'yobga chiqishi, avvalo, Alloh taoloning inoyati va jamiyatdagi mustahkam tinchlik-xotirjamlikka bog'liqdir. Bu barcha zamonlarda o'z isbotini topgan haqiqatdir.

Alloh insonni xalq qildi. O'zi undan yaratgani va unga qaytaradigani erga, zaminga, ona tuproqqa muhabbatni inson fitratiga qorishtirdi. Shayx Muhammad G'azzoliy rahimahulloh aytadilar: “Bashar o'z eriga, garchi u tap-taqir sahro bo'lsa ham, qattiq bog'lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo'linganda sog'inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g'azab hislarini paydo qiladi”.

Vatan o'zligi, tuprog'i yoki obro'siga qilingan fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turishdir. Vatanni sevish, vatanparvarlik, ibodat darajasiga ko'tarilgan sof va asl islomiy qadriyatdir. Bunday sifatga ega bo'lish mo'minning asosiy xususiyatlaridan biridir.

Sir emas, hozir dunyoning ayrim mamlakatlarida beqarorlik, terrorchilik, narkobiznes kabi millat tanlamas illatlar xalqaro xavfsizlikka tahdid solmoqda.

Vatan – bu inson va uning avlod-ajdodlari kindik qoni to'kilgan muqaddas dargohdir. Vatan – bu ajdodlar maskani, el-yurt, xalq voyaga etgan, uning tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari chinakamiga shakllanib, o'sib, kamol topib boradigan zamindir.

Vatan deganda, hamisha o'zimiz tug'ilib o'sgan, ko'z ochib ko'rgan, ta'lim-tarbiya olib voyaga etgan, necha-necha avlodu ajdodlarimiz yashab o'tgan, ularning aql-idroki, mehnati sarf qilingan yurt ko'z oldimizga keladi.

Vatan ona kabi aziz va mukarramdir. Vatan insonga baxt-iqbol beradigan zamindir. Abdulla Avloniy aytganidek: “Har bir kishining tug'ilib o'sgan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug'ilgan, o'sgan joyini jonidan ortiq suyar... Biz turkistonliklar o'z vatanimizni jonimizdan ortiq suyganimiz kabi, arablar arabistonlarini, qumlik issiq cho'llarini, eskimuslar shimol taraflar, eng sovuq qor va muzlik erlarni boshqa erlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi turonlik oson erlarga o'z vatanlarini tashlab hijrat qilurlar edi”.

Vatan – bu xalqning o'tmishi, buguni va kelajagidir. Vatan – muqaddas qadriyat. Taraqqiyot Vatandan boshlanadi. U insonning kindik qoni to'kilgan joy, insonni ijtimoiy etimlikdan asrovchi manzil, ma'naviy kamolot va fuqarolik maydoni, hayot maktabi, farovonlik va baxt-saodat o'chog'idir.

Inson uchun vatan yagonadir. Vatanning katta-kichigi ham, boy-kambag'ali ham bo'lmaydi. Vatan tanlanmaydi. Vatan bizning molimiz emas. Shuning uchun ham u pulga sotilmaydi va sotib olinmaydi. Vatan in'om etilmaydi, qarzga berilmaydi. Vatan har bir fuqaro uchun muqaddas va betakrordir.

Vatanni eng oliy ne'mat singari boshimiz uzra baland ko'tarib, har on va har soniyada uning tuprog'ini ko'zlarga surtib, unga ta'zim bajo aylashimiz farzandlik burchimizdir. Hadisi sharifda “Vatanni sevmoq imondandir”, deyilgan. Ya'ni imoni but, vijdoni pok har bir inson vatanni sevadi, uni g'animlar ko'zidan asraydi, uning yashnashi va yashashi, hurligi uchun kurashadi.

Vatan mehrini, vatan sehrini, uning mo''tabarligiyu ulug'vorligini so'z bilan ifodalash qiyin.

Har bir barkamol inson vatan kamoloti va istiqboli, el-yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun hamma narsani, hatto shirin jonini ham ayamaydi. Bu haqda Fuzuliyning mening bitta hayotim bor, bordi-yu, mingta hayotga ega bo'lgan taqdirimda ham hammasini Vatan uchun sarflagan bo'lur edim, degan so'zlari har birimiz uchun bebaho o'gitdir.

Bu kabi holatlar esa bizning jannatmonand, diyorimizda tinch va farovon hayot kechirayotganimiz uchun shukronalar qilishga va shu barqarorlik va osoyishtalikni asrab-avaylash uchun barcha imkoniyatlarni tatbiq etishga undaydi.

Mustaqillik yillarida yurtimizda davom etayotgan moddiy va ma'naviy taraqqiyot asosida tinchlikni saqlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish borasida ulkan natijalarga erishildi.

Vatanparvarlik – yolg'iz o'z vataniga mehr qo'yishdan iboratgina emas. Bu juda katta his... Bu – vatan bilan o'zini bir butun deb bilish, uning yaxshi-yomon kunlarida asqotish demakdir.

Islom dini ta'limotiga ko'ra, Alloh taolo Odam naslidan dunyoga kelgan zurriyotlarni er yuzida turli millat va elatlarga bo'lib qo'ygan. Bu haqda Alloh taolo xabar berib bunday deydi: «Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir» (Hujurot murasi, 13-oyat).

Tabiiyki, inson farzandi qayerda, qaysi mamlakatda dunyoga kelsa, ana shu er uning ona-Vataniga aylanib qoladi. Kindik qoni to'kilgan joy inson uchun hamma narsadan ham qimmatli dargohdir. Rasuli Akram sollollohu alayhi va sallam Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida tug'ilib o'sgan vatanlari Makkai mukarramaga yuzlanib turib: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hech ham o'z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo'lur edim”, deganlari siyrati nabaviya kitoblarida bayon etilgan.

Demak, Vatanni sevish, vatanparvar bo'lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog'inib yashash insoniyat tabiatida mavjud bo'lgan nozik his-tuyg'udir.

Vatanparvar – o'z vatani kamoloti yo'lida, o'z xalqiga muhabbati tufayli ezguliklari tugul, jonini ham ayamaydigan insondir, xalqqa va vatani ozodligi, farovonligi uchun o'zini qurbon qiluvchi insondir.

Tarixdan ma'lumki, biror-bir millat boshqa bir millatni xorlamoqchi bo'lsa, avvalo, uning vatanini bosib olib vayron qilgan yoki ularni vatanidan quvib chiqargan. O'z vatanini dushmanlar qo'lida qolganini ko'rgan millatga bundan ortiq xo'rlik va azob yo'q. Zero, vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir. Buyuk alloma Alixon to'ra Sog'uniy hazratlarining quyidagi so'zida ona-Vatanini sevuvchi sadoqatli har bir kishining qalbida g'ayrat va shijoat uyg'otadi: “Har bir insonga ma'lumdurki, dunyo hayotida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to'rt narsasi bordir. Bu to'rt narsaga ega bo'lmagan kishilar chin insonlik sharafidan mahrum bo'ladilar. Ular ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan boylikka o'zi egalik qilish, tug'ilib o'sgan ona-Vatani va asrlar bo'yi e'tiqod qilib kelgan muqaddas dinidir”.

Dinimizning ilohiy ta'limotlarida ona-Vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yo'lida jon fido qilgan kishilarga shahidlik maqomi berilishi qayd etilgan.

Donolar aytadilar: “Kishining vafodorligi va sadoqati uning o'z Vatani uchun qayg'urishidan, do'stlarini sog'inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, o'kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoiyligi ona- Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo'lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo'shishi bilan o'lchanadi, albatta.

Vatan himoyasi – barchamizning muqaddas burchimiz! Inson uchun na davlat va saltanat, na toju taxt, hech bir narsa Vatanga, el-yurt mehriga teng kelolmaydi. Vatandan judolik  katta baxtsizlikdir. Inson istagan joyda bir parcha nonga qornini to'yg'azishi mumkin. Lekin Vatanning o'rnini hech narsa bosolmaydi. Vatanda yashash haqiqiy baxtdir.

 

Shayx Sayyid Rahmatulloh TYeRMIZIY,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

20.08.2026   46640   2 min.
Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.  Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.

So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi. 

Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.

Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari