Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Islom dini insonlarni doimo ahil-inoq, tinch-totuvva hamjihat bo'lib hayot kechirishga chaqiradi. Tarixdanma'lumki, mana shunday fazilatlarga amal qilib yashagankishilar doimo baxtu saodatga erishgan. Alloh taologashukrki, yurtimizda qo'lga kiritilayotgan barcha yutuqlar,muvaffaqiyatlar zamirida jamiyatimizdagi ittifoqlik,hukm surayotgan tinchlik mujassam, albatta.
Barcha zamonlarda davlatning rivojlanishi tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bog'liq bo'lgan. Zero, eng yirik davlatlar ham fitnalar sabab halokatga uchragan. Shu sababli tinchlikni saqlash, ogohlik hamda hushyorlikni oshirish har bir zamon va makonning muhim talabi bo'lgan.
Ayniqsa, hozirgi murakkab davrda turli sabab va omillar bilan nizo chiqarishga harakat qilayotgan tomonlar ko'payib borayotgan bir pallada osoyishtalikni ta'minlash uchun astoydil qayg'urib yashashni davrning o'zi taqozo etayotganini barchamiz yaxshi anglab turibmiz.
Din peshvolari, taniqli ulamolar jamiyatda ahillikni ta'minlash, sillai rahm qilish, o'zaro yordam berish, bir-biriga muruvvat ko'rsatish va ijtimoiy illatlardan saqlanishga dinimiz manbalari asosida muntazam pandu nasihatlar qilib kelmoqda.
Rivoyatlardan birida Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu aytadilar: “Men Nabiy alayhissalomdan: “Ey Allohning Rasuli! Menga Alloh taolodan duo qilib so'raydigan biror narsani o'rgating”, deb so'radim. Shunda Uzot: “Alloh taolodan xotirjamlikniso'rang”, dedilar. Bir necha kundankeyin yana Muhammad alayhissalomning oldilariga kelib, “Ey Allohning Rasuli! Menga Alloh taolodanduo qilib so'raydigan biror narsanio'rgating”, deb so'radim. Shunda Hazrati payg'ambarimiz sollallohu alayhivasallam: “Ey amakim, Alloh taolodan dunyo va oxiratda xotirjamlikniso'rang”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom “Vidolashuv haji”dagi xutbalarida mo'min-musulmonlarga qalblarining eng to'ridagi nasihatlarini qilgan edilar: “Ey odamlar! Parvardigoringiz — bir, otangiz — bir, hammangiz Odam alayhissalomdandirsiz! Odam alayhissalom esa tuproqdan edilar. Allohning huzurida eng hurmatlirog'ingiz taqvodorrog'ingizdir! Arablarning ajamlardan afzalligi yo'q, faqatgina taqvosi bilan afzal bo'lishi mumkin. Ey odamlar! Yetkazdimmi? Ey Allohim! O'zingguvoh bo'l”.
Demak, bizning Parvardigorimiz — bir, payg'ambarimiz — bir, dinimiz — bir, ota-onamiz — bir va maqsadimiz ham bir, ya'ni Alloh taoloning rizoligiga sazovor bo'lib, ikki dunyo saodatiga erishish ekan, o'zaro ittifoq va ahil bo'lib, tinch-totuv va rohat-farog'atda yashashimiz shart.
Alloh taolo Qur'oni karimda mo'min-musulmonlar o'zaro aka-uka va do'stu birodar ekani haqida bunday marhamat qilgan: “Albatta, mo'minlar birodardirlar”. (Hujurot surasi, 10-oyat).
Agar biz ushbu ko'rsatmani yaxshi anglab etsak va shunga amal qilsak, o'rtamizda har xil ziddiyat, ixtilof chiqarish, turli ko'ngilsiz hodisalar va bir-birining molini nohaq, turli aldov yo'llar bilan eyish bo'lmaydi.
Ta'kidlash zarurki, inson doim hayotdagi voqea-hodisalardan ibrat olib yashashi lozim. “Birni ko'rib fikr qil,birni ko'rib shukr qil ”, degan naql ham bejiz aytilmagan. Hamma xalqlarning maqsadi tinchlik va farovonlikka erishish. Lekin doim ham bu ne'mat nasib bo'lavermaydi. Zero, mamlakatdagi notinchlik hammaga zarar keltiradi, ayniqsa, oddiy xalqqa ziyoni ko'p bo'ladi.
“Bir kun urush bo'lgan joydan qirqkun baraka ko'tariladi”, deydi dono xalqimiz. Ushbu serma'no maqolning naqadar to'g'ri ekanini qo'shni Qozog'istondagi fojiali voqealar ham ko'rsatib turibdi.
Qo'shni va qardosh birodar mamlakatda beqarorlik va tartibsizliklar minglab odamlarning shaxsiy mulki, jamiyat hisobiga barpo etilgan davlat mulkini vayron qilish, o'g'irlash, eng yomoni, bir-birlarining qonini to'kish kabi jinoyatlarga olib kelgani mudhish holatdir.
Ayniqsa, bunday kulfat butun umr halol mehnat qilgan oddiy insonlarning boshiga og'ir sinovlar solishi, ular bor bisotidan bir zumda ajrab qolishi, to's-to'polonlarga aralashib qolgan yoshlarning jarohat olishi va qurbon bo'lishi xalq uchun katta fojiadir. Vayron qilingan, o't qo'yilgan binolar, mol-mulklarni chetdan birov kelib qaytatiklab bermaydi.
Shu o'rinda qardosh Qozog'iston hududidagi manfur fojiali voqealarda Vatan osoyishtaligi va mamlakat xalqining himoyasi yo'lida qurbon bo'lgan fidoyi farzandlarning haqlariga duolar qilish, mag'firat so'rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning chin mo'minlik burchimizdir.
Qur'oni karimda: “…Ey Rabbimiz! O'zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat etgin…” (Hashr surasi, 10-oyat), deya mo'min kishi marhumlar haqqiga xayrli duo qilishga buyuriladi. Shunday ekan, marhumlarning ahli baytiga sabr tilab, haqlariga duo qilamiz, jarohatlanganlarga komil va ojil shifolar tilaymiz.
Islomdagi mo''tabar qoidaga ko'ra, dinimizda zarar berish ham, zarar ko'rish ham yo'qdir. Shu sababli dinimizda fitnalar oqibatida kelib chiqqan tartibsizliklarga aralashmay, ibodatda bardavom bo'lganlarga katta in'omlar va'da qilingan. Jumladan, hadisi sharifda bunday deyilgan: “Haraj — fitna paytida qilingan ibodat, menga hijrat qilish kabidir”. (Imom Muslim rivoyati).
Keltirib chiqarilgan tartibsizlik va nizolar oqibatida mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan zaiflashuvi kuzatilishi tabiiy hol. El-yurt birdamligi yo'qolishi esa katta talafot. Bu haqda Qur'oni karimda quyidagicha ogohlantiriladi: “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda, sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro'ngiz) ketib qolur. Sabr qilingiz! Albatta,Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”. (Anfol surasi, 46-oyat).
Hozirgi kunda hamjihatlik va tinchlik masalasi yanada dolzarb bo'lmoqda. Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne'matlaridan biridir. Barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikka bog'liq. Bu ne'mat bebaho ekani to'g'risida islom dini manbalarida ham takror-takror aytilgan.
Qur'oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlik, ezgulik va bag'rikenglikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur'on bilan tinchlik va salomatlik yo'llariga yo'llab, O'zizni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to'g'ri yo'lga hidoyat qilur”. (Moida surasi, 16-oyat).
Hazrati payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug' ne'mat ekanini ta'kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular — tinchlik-xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”. (Imom Buxoriy rivoyati). Bugun bu hadis har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, tinchlik-xotirjamlik suv va havodek zarur bo'lib turgan, og'ir kulfatni boshidan kechirayotgan ayrim mamlakatlar xalqlari tinchlikni, xotirjamlikni orzu qilishi shubhasiz.
Dinimizda tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne'matlaridan sanaladi. Tinchlikning ilohiy ne'mat ekani haqida payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Allohdan afv vatinchlik-omonlikni so'ranglar. Chunkibiror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq ne'mat berilgani yo'q”. (Imom Termiziy rivoyati).
Hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan vazifalarni mukammal va xotirjam ado etish uchun tinchlik va osoyishtalik zarur. Yaratgan Parvardigor ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, shaytoniy yo'llarga ergashmaslikka amr etib, bunday deydi: “Eyimon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta,u sizlarga aniq dushmandir”. (Baqarasurasi, 208-oyat).
Demak, tinchlik qaror topgan yurtdagina osudalik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga etadi, mo'min-musulmonlarimiz ibodatlarini xotir jam ado etadi.
Yangi O'zbekistonda dinimiz ravnaq topayotgani va mo'min-musulmonlar farovon hayot kechirayotgani ham tinchligimiz sharofatidandir. Alloh taolo mo''tabar diyorimizga o'zining aziz ne'mati — tinchlik, osoyishtalikni berdi, qut-baraka, farovonlikni ato etdi. Atrofga nazar solsak, bizlarni o'rab turgan sonsiz, sanoqsiz ne'matlar qurshovida yashayotganimizga amin bo'lamiz.
Qur'oni karimda Rabbimiz bunday marhamat qiladi: “Shuningdek, sizlarga barcha so'ragan narsalaringizni ato etdi. Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangiz, sanog'iga eta olmaysiz”.
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir hadisi muboraklarida: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi”, deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Biz qancha shukr qilsak — shuncha oz. Ushbu sururli damlar bardavom bo'lmog'i uchun tinchlik ne'matining shukronasini qilib, uni ko'z qorachig'idek asramog'imiz darkor. Chunki ne'matlar shukri bilan davomli va ziyoda bo'ladi. Zero, oyati karimada: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marhamat qilingan. (Ibrohim surasi, 8-oyat).
Tinchlik va osoyishtalik, o'z navbatida, doimiy va qat'iy harakatlarni talab etadi. Hushyorlik, ogoh bo'lib yashash, bu — bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki kundalik ish, kundalik amaliy harakat bo'lishi lozim. Shuningdek, tinchlikni saqlashga faqatgina ma'lum soha vakillari emas, balki butun jamiyat mas'uldir.
Shu o'rinda biz, din peshvolari, ulamolar va imom-xatiblar o'z oldimizga qat'iy maqsadlarni qo'ygan holda, tinchlikni ta'minlashga daxldorlik hissini chuqur anglashimiz zarur. Demak, yurtdagi tinchlik va barqarorlik xalqimiz farovonligi asosidir. Inson o'ziga berilgan ne'matning qadrini mulohaza qilish va mushohada yuritish orqali, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o'ylab ko'rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko'proq shukr qilishga undaydi. Tinchlik va barqarorlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardir.
Bugungi tahlikali zamonning, uzoq va yaqin hududlardagi notinchliklarning o'zi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, jahonda kuchayib borayotgan xatarlarni to'g'ri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ongu shuurida murakkab va tahlikali dunyo hamda mintaqada ro'y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvurlar shakllanishiga yo'l qo'ymaslik zarur.
Hulosa o'rnida ta'kidlash lozimki, dinimizning ahillikka, ittifoqlikka va tinchlikka bo'lgan e'tibori juda katta bo'lib, shukrona, hushyorlik va ogohlik bularning negizidir. Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning barqarorligini ta'minlash, yoshlarimizni fitna to'rlaridan saqlash — yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni farovon, olijanob xalqimizni doimo O'zining panohida saqlasin.
Nuriddin HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2022 yil 13 yanvar', 8(530) son
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi