Hurmatli olimlar va mutaxassislar!
Sizlarni 2022-yil may oyida bo‘lib o‘tadigan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda ishtirok etish uchun taklif etamiz.
Simpoziumda islomshunoslik va moturidiyshunoslik sohalariga oid keng qamrovli masalalar muhokama qilinadi. Simpoziumning asosiy yo‘nalishlari:
- Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi;
- moturidiylik ta’limoti va tarixi;
- moturidiylik ta’limotining bugungi kundagi ahamiyati;
- zamonaviy islomshunoslik masalalari;
- bugungi kunda moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi;
- moʻtadil islom ta’limotini targ‘ib qilish.
Simpoziumda ishtirok etish uchun xalqaro miqyosdagi olimlar, mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, tadqiqotchilar, magistrlar va talabalar murojaat qilishlari mumkin.
Simpozium uchun maqolala o‘zbek, arab, ingliz, turk, rus, nemis, fransuz, fors va urdu tillarida qabul qilinadi.
Simpozium natijalari ilmiy to‘plam shaklida nashr qilinadi.
Simpoziumda ishtirok etishni istaganlar 2022 yil 28 fevral sanasiga qadar quyida ko‘rsatilgan manzillarga maqola annotasiyasini topshirishlari talab qilinadi.
Annotasiya talablari:
1. Annotasiya matni MS Office dasturida, Times New Roman shrifti, 14 kegel kattaligi, 1,5 intervalda bo‘lishi va 250 belgidan kam bo‘lmasligi lozim.
2. Annotasiya matni tahrir qilingan holda A4 hajmdagi qog‘ozga, yuqoridan va pastdan 2,5 sm., chapdan 3 sm., o‘ngdan 1,5 sm. joy qoldirib, elektron tarzda topshiriladi.
3. Ma’ruzachining ismi familiyasi, ilmiy daraja va unvoni (o‘ng yuqori burchak, kursivda, 10 kegel kattaligidagi shrift, 1 interval), tashkilot va shahar nomi, muloqot telefonlari joy kodi bilan hamda elektron pochta manzili (ikkinchi qatorda) ko‘rsatiladi.
4. Fayl nomi muallif yoki birinchi muallifning familiyasi (hammuallif bo‘lganida) bilan nomlanishi lozim.
Telefon: (71) 244-35-26, (71) 244-35-18;
Telegram: +998 99 803 31 41;
e-mail: info@maturidi.uz;
WhatsApp: +998 91 172 76 77
#xabar #qabul #murojaat
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan olib borayotgan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qabullar jarayonida har bir murojaat e’tibor bilan o‘rganilib, aksariyati o‘z vaqtida ijobiy hal etilayotgani quvonarlidir.
Jumladan, bugun 17 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar. Qabul davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra masalalari, oilaviy muammolar hamda moddiy yordam bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, oilaviy masalalar bo‘yicha murojaat qilganlarga muammolar yechimi yuzasidan maslahatlar berildi, shar’iy savollarga atroflicha tushuntirishlar qilindi hamda moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish va uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati