Qalb inson ko'kragidagi bir parcha go'sht bo'lib, xatari ulkan, ta'siri esa kattadir. Uning salohiyati butun tana va jamiyki a'zolar salohiyatidir. Uning fasodga yuz tutishi esa jasadning bari va jamiyki a'zolarning fasodga yuz tutishidir. No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Ogoh bo'ling! Tanada bir parcha go'sht bor. Agar u salohiyatli bo'lsa, jasadning bari salohiyatli bo'ladi. Agar u fasodga yuz tutsa, jasadning bari fasodga yuz tutadi. Ogoh bo'ling!
Pokiza qalb bu – insonning qalbini iymon hamda Alloh azza va jallaga bo'lgan bandalik tozalab qo'ygan bo'lishini ifoda etadi. Bas, shunda ushbu qalb insonlardan etishi mumkin bo'lgan ozorlarni, u er-bu erlardan tegishi mumkin bo'lgan haqorat tomchilarini ko'tara oladi va toza, oppoq bo'lib qoladi. Har qachonki unga qora nuqta suqulib kirmoqchi bo'lsa, uning Alloh taologa bo'lgan bandaligi uni eritib yo'q qiladi va yana toza, oppoq bo'lib qolaveradi. Mana shu toza qalbdir.
Mavlono Jaloliddin Rumiy yozadilar:
«Ka'ba Ozarning o'g'li Ibrohim Halilulloh qurgan imorat. ko'ngil esa Aziz va Jalil bo'lgan Alloh taoloning nazargohidir, (boqadigan eridir)...»
Rumiy hazratlari Ka'bani kamsitayotganlari yo'q aslo... Demoqchi bo'layaptiki Ka'ba muqaddas bo'lishiga qaramay, moddiy ashyolardan bino bo'lgan... Zarar ko'rsa, nurasa, yiqilsa uni ta'mirlash yoki yanada mukammal shaklda tiklash mumkin...
Ammo uning ham mavjudligiga sabab bo'lgan Insonning Alloh nazargohi va iymon jilvagohi Ko'ngli bir sinsa, ta'mirlash imkonsiz...
Ko'ngil haqida so'zlar ekanmiz, yuraklarimizni bir sog'inch to'ldiradi. Bu eng hassos va eng toza qalb sohibi janobi Payg'ambarimizning sog'inchlaridir...
Sarvari koinot sollallohu alayhi va sallam hamisha bolalar, xasta, keksa, kimsasiz, faqir, beva, bechora kishilarning ko'nglini olib, barchaga birdek shavqat bilan munosabatda bo'lganlar...
Bir bayramda hamma shodu-xurram turgan chog'ida, ota-onasi yo'qligidan ezilib, bir chetda turgan etim bolaga:
- «Men sening otangman, o'ksinma» – deb hadyalar berganlar...
Ko'ngilini olish, etimligini bildirmaslik uchun ko'chada o'sha bola aytganidek tuya bo'lganlar...
To'rt oyoqlab, bolani elkalariga mindirib, sallalari peshini jilov qilib, «suvoriy»lariga tutqazgan cheksiz shafqatu rahmatning timsoli Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdir...
Oqko'ngillilik va qalb pokizaligi... Bular odamlarda topilishi qiyin bo'lgan og'ir ibodat.
Go'zallikni ko'rish uchun go'zal qalbli bo'lish kerak. Gina va nafratni o'zida jamlagan qalb yaxshilikni qanday ko'radi, bag'rikenglik yo'lini qanday tutadi?!
Hasaddan yonayotgan qalb qanday qilib o'zi yaxshi ko'rgan narsani boshqaga ilina oladi?!
Birovlar aybini, qabohatni qidirgan qalb go'zal xislatlarni qayerdan ko'ra olsin?!
Atrof olam go'zalligini ko'rish uchun pokiza qalb ko'zi bilan qarash lozim. Bo'lmasa qalbda bino qilganing qora devordan o'zga narsa ko'rinmaydi ko'zga...
Bilasizmi, biz qalbimiz orqali ulashgan mehr, bir insonni xursand qiladi, shu insondagi xursandchilik tugagunicha, bizni hayot boshqa tarafdan xursand qiladi. Aksincha bizdan berilgan yomonlik, nafrat ham bir insonni qalbini og'rishiga sabab bo'lib, toki u insonni qalb og'rig'i bitmagunicha, og'riq bergan insonda salbiy o'zgarishlar kuzatilar ekan...
Bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan xursand bo'lib, “Ey Oisha, mendan xohlagan narsangni so'ra” dedilar. Oisha roziyallohu anho juda ham ziyrak ayol edilar, bu fursatni qo'ldan boy bermaslik uchun eng yaxshi narsani so'rashni qasd qildilar va “Bu borada otam bilan maslahatlashsam” dedilar. Chunonchi Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga borib voqe'ani bayon qildilar. Abu Bakr roziyallohu anhu : “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me'rojga chiqqanlarida Alloh taolo u zotga sirlarni aytgan. O'shalardan birini aytib berishlarini so'ra” dedilar. Oisha onamiz roziyallohu anho o'sha narsani so'radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Robbim menga me'roj kechasida “Mening nazdimda mo'minning darajasi shu darajada yuqoriki, qaysi bir mo'min boshqa bir mo'minning qalbiga xursandchilik solsa, albatta jannatiy bo'ladi” dedi”, dedilar. Oisha roziyallohu anho xursand bo'lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bu gapni etkazgan edilar Abu Bakr qattiq yig'ladilar. Oisha roziyallohu anho “Nega yig'laysiz, axir bu xursandchilik xabar emasmi” deganlarida, “Bu, mo'minning qalbi Alloh taoloning nazdida shu darajada qadrliki, kim unga ozor etkazsa, do'zaxiydir” degani bo'ladi – dedilar.
Vaqtinchalik omonatga berilgan qalblarimiz pokiza, amallarimiz solix xamda Alloxning roziligini topadigan savobli ishlarda bardavom bo'lib, atrofdagi insonlarning ko'nglini xursand qilish barchamizga nasib qilsin.
Yangiyo'l tumani
Imom sulton jome masjidi Imom xatibi O.Narzullayev
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar