Mozori-Sharif shahrida joylashgan “Turkiston” xususiy universitetida Afg'onistonda o'zbek tili rasmiy til maqomini olganining 18 yilligiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA. Unda Balx davlat universtiteti va “Turkiston” universitetining o'qituvchi va talabalari, mahalliy o'zbek diasporasi ziyolilari ishtirok etdi.
Anjumanda so'zga chiqqan “Turkiston” universiteti rektori Abdul Hodiy Qodiriy 2004 yilda bo'lib o'tgan Loyi-Jirg'ada mamlakatda pushtu va dariy tillari qatorida o'zbek tiliga ham rasmiy maqom berilganini ta'kidladi. Mamlakat muvaqqat hukumati bugungi kunda yangi Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish jarayonida o'zbek tilining Afg'onistonda tutgan mavqeini e'tiborga olishga ishonch bildirayotgani qayd etildi.
“Turkiston” universtitetining ilmiy ishlar bo'yicha prorektori Abdul Qayum Turobiy O'zbekiston tomonidan Afg'onistonga ko'rsatilayotgan iqtisodiy va gumanitar ko'mak, O'zbekiston buyuk muhaddis allomalar Imom Buxoriy va Imom Termiziyning yurti ekani, o'zbek xalqining jahon ilm-fani va taraqqiyotiga qo'shgan munosib hissasi to'g'risida so'z yuritdi. U o'z ma'ruzasida bugungi Afg'oniston yoshlari qo'shni davlatlar, jumladan, O'zbekiston yoshlari bilan madaniy-ma'rifiy aloqalarni rivojlantirishi muhim ahamiyat kasb etishini urg'uladi. Shu bilan birga prorektor O'zbekiston oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan afg'on yoshlari o'z vataniga qaytishgach, xalq xo'jaligining turli sohalarida samarali faoliyat olib borishiga ishonch bildirdi.
Balx davlat universiteti tibbiyot fakul'teti katta o'qituvchisi va Afg'oniston turkiy xalqlar ziyolilari uyushmasi a'zosi Abdulsattor Samadiy Afg'onistonda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillarini o'zaro birdamlikka chaqirar ekan, o'zbek xalqining jahon tamadduni va islom madaniyati rivojiga qo'shgan beqiyos hissasi hamda uning milliy an'analari haqida atroflicha fikr yuritdi.
Anjuman chog'ida Afg'oniston oliy o'quv yurtlarining vakillari o'zbek tili va adabiyoti asoschisi Alisher Navoiyning boy ijodiy va ma'naviy merosi, buyuk mutafakkir qalamiga mansub asarlar, shuningdek, Afg'onistonda o'zbek tili va adabiyotining rivojiga katta hissa qo'shgan olim va mutaxassislar ijodi haqidagi fikrlarini bayon qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!», dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga shunday dedi:
- Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
- Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘uda o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
- Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi: «Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar, ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyatdan).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas. Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga rahbar ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi