Har bir musulmon kishi Alloh taolo yaxshi ko'rgan banda bo'lishni istaydi. Orzu qiladi va bu yo'lda qo'lidan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solib harakat qiladi. Chunki Alloh taolo qaysi bir bandani yaxshi ko'rsa, uni hargiz o'z holiga tashlab qo'ymaydi. Oxiratdagi maqomi baland bo'lishiga sabab bo'ladigan xayrli amallarga tavfiq beradi, jannatga olib boradigan amallarni oson va engil qilib qo'yadi.
Alloh taolo yaxshi ko'rgan bandasi bo'lish uchun qanday sifatlar bilan ziynatlanishimiz lozim. Bu sifatlar haqida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari erda tavoze bilan yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganda «Salomatlik bo'lsin», deb javob qiladigan kishilardir. Ular kechalarni Parvardigorga sajda qilgan va tik turgan (bedor) holda o'tkazadigan kishilardir. Ular: "Parvardigoro, O'zing bizlardan jahannam azobini daf etgin. Darhaqiqat, uning azobi halokatlidir. Darhaqiqat, u eng yomon qarorgoh va eng yomon maqomdir", deydigan kishilardir. Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo'llari) buning o'rtasida - mo''tadildir. Ular Alloh bilan birga boshqa "iloh"ga iltijo qilmaslar va Alloh o'ldirishni man etgan jonni nohaq o'ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlar)ni qilsa, gunoh (uqubat)ga uchrar. Qiyomat kunida unga azob bir necha barobar ziyoda qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur. Illo, kimki tavba qilsa va imon keltirib, yaxshi amal qilsa, bas, Alloh ana o'shalarning yomonlik (gunoh)larini yaxshilik (savob)larga aylantirib qo'yur. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir. Kimki tavba qilib ezgu (ishlarni) qilsa, bas, albatta, u Alloh (rizosi va mag'firati)ga qaytgan bo'lur. Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg'on guvohlik bermaslar va behuda (so'z yo ish) oldidan o'tgan vaqtlarida olijanoblik bilan (undan yuz o'girgan hollarida) o'tarlar. Ularga Parvardigorlarining oyatlari eslatilgan vaqtida u (oyatlar)ga kar va ko'r hollarida yiqilmaydilar (balki ularni anglab-bilib amal qilurlar). Ular: "Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko'z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin", deydigan kishilardir. Aynan o'shalar sabr qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalar bilan mukofotlanurlar va u joyda (farishtalar tomonidan) salom va omonlik bilan qarshi olinurlar. Ular o'sha joyda mangu qolurlar. U eng go'zal qarorgoh va eng go'zal dargohdir" (Furqon surasi 63-76-oyatlar).
Demak, Alloh yaxshi ko'radigan bandalar:
Yuqorida zikr qilingan sifatlarga ega bo'lgan bandalar “(jannatdagi) yuksak darajalar bilan mukofotlanurlar va u joyda (farishtalar tomonidan) salom va omonlik bilan qarshi olinurlar. Ular o'sha joyda mangu qolurlar”.
Yorbek ISLOM,
Olmazor tumanidagi “Mevazor” jome masjidi imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.