Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan bomdod namozini o'qidilar, so'ng «Falonchi keldimi?» dedilar. «Yo'q», deyishdi. U zot: «Falonchi keldimi?» dedilar. «Yo'q», deyishdi. U zot shunday dedilar: «Munofiqqa namozlarning eng og'iri mana shu ikki namozdir (bomdod va xufton). Agar bu ikkisi uchun nimalar berilishi bilganinglarda tizzada emaklab bo'lsa ham ularni o'qishga kelardinglar. Avvalgi saf farishtalar safi kabidir, agar uning fazlini bilganingizda uning uchun musobaqalashgan bo'lar edingiz. Bir kishining boshqa bir kishi bilan o'qigan namozi yolg'iz o'zi o'qigan namozidan afzaldir, ikki kishi bilan o'qigan namozi bir kishi bilan o'qigan namozidan afzaldir. (Jamoat) qanchalik ko'p bo'lsa, Alloh azza va jallaga shunchalik mahbubdir».
Abu Dovud rivoyati.
Darhaqiqat, bomdod namozi bir qancha foydalari bilan boshqa namozlardan ajralib turadi. Kimki mazkur foydalardan bittasini bilsa, o'sha foydani qo'lga kiritish uchun uning himmatini uyg'otishga, uyqu va dangasalikni engishga, issiq ko'rpani tark qilishiga va masjid sari hansirab etib borishiga o'sha birgina foyda ham kifoya qilishini anglab etadi. Mazkur foydalar quyidagilardir:
1. Allohning zimmasiga kirish.
Jundub ibn Abdulloh ibn Sufyon al-Bajaliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim bomdod namozini o'qisa, u Allohning zimmasida (himoyasida) bo'ladi. Alloh sizlardan hargiz O'z zimmasidan biror narsani talab qilmaydi. Chunki, U Zot kimdan O'z zimmasidan biror narsani talab qilsa, topadi. Keyin uni yuztuban qilib jahannam oloviga uloqtiradi”.
Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilishgan.
Bu hadisning ma'nosi quyidagicha: kim bomdod namozini jamoat bilan o'qisa, u Allohning himoyasida bo'ladi. Unga hech kim yomonlik qila olmaydi. Kim Allohga bergan ahdini buzsa, U Zot undan o'sha ahdni talab qiladi.
2. Qiyomul laylning ajri.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim xuftonni jamoat bilan o'qisa, kechaning yarmini ibodat bilan o'tkazgan bo'ladi. Kim bomdodni jamoat bilan o'qisa, kechaning hammasini ibodat bilan bedor o'tkazgan bo'ladi”.
Imom Muslim rivoyat qilgan.
3. Nifoqdan ozod bo'lish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Munofiqlarga eng og'ir namoz xufton va bomdod namozlaridir. Agar u ikkisidagi narsani bilganlarida emaklab bo'lsa ham kelar edilar. Batahqiq, namozga amr qilib, u qoim qilinganda bir kishini odamlarga namoz o'qib berishini buyurib, so'ngra o'zim o'tin ko'targan odamlar bilan namozga hozir bo'lmagan odamlarning oldiga borib, ustlaridan uylariga o't qo'yib yuborishni qasd qildim”, deganlar. Imom Ahmad, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.
4. Qiyomat kunidagi to'liq nur.
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Masjidlarga zulmatlarda yurib boruvchilarga qiyomat kuni to'liq nur bo'lishining bashoratini ber”, dedilar.
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
5. Farishtalarning bomdodga kelganlar oldiga hozir bo'lishlari va ularga Alloh huzurida maqtov aytishlari.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ichingizda kechasi bir xil farishtalar, kunduzi bir xil farishtalar almashib turadilar. Ular bomdod namozida va asr namozida jamlanib turadilar. So'ngra ichingizda tunaganlar ko'tariladilar. Bas, Robbilari ulardan O'zi bilib tursa ham: “Bandalarimni qay holda tark qildingiz?” deb so'raydi. Ular: “Ularni namoz o'qiyotgan hollarida tark qildik. Ular huzuriga borganimizda ham namoz o'qiyotgan ekanlar”, deyishadi”, dedilar.
Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasaiy rivoyat qilishgan.
6. Bir haj va umraning ajri.
Muoz ibn Anas al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Kim bomdodni jamoat bilan o'qisa, so'ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o'tirsa, keyin ikki rakat namoz o'qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo'lur. To'liq, to'liq, to'liq”, deyilgan.
Imom Termiziy rivoyat qilgan.
7. Dunyo boyliklari teng kela olmaydigan boylik.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir qo'shinni Najd tomonga yubordilar. Ular ko'plab o'ljalar bilan tezda qaytib keldilar. Qo'shin bilan birga bormaganlardan biri: “Biz bulardan ko'ra tezroq qaytgan va afzalroq o'lja to'plagan qo'shinni hech ko'rmadik” dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Sizlarga eng afzal g'animat to'plagan va eng tez qaytgan qavmning xabarini beraymi? Ular bomdod namoziga hozir bo'lib, keyin to quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o'tirgan qavmdir. Ana o'shalar eng tez qaytgan va eng afzal g'animat to'plaganlardir” dedilar”.
Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Bu zaif hadis” degan.
8. Bomdod sunnatining fazliga erishish.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar”.
Imom Muslim, Imom Ahmad, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan.
9. Do'zaxdan najot va jannatga kirishga bashorat.
Umora ibn Ruvayba roziyallohu anhu dedilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Quyosh chiqishidan va botishidan oldin namoz o'qigan kishi hargiz do'zaxga kirmaydi” deyayotganlarini eshitdim”.
Imom Muslim rivoyat qilgan. Hadisdagi namoz bomdod va asr namozlaridir.
10. Qiyomat kuni Allohni ko'rish baxtiga erishish (Bu foydalarning eng kattasidir).
Jarir ibn Abdulloh al-Bajaliy roziyallohu anhu dedilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o'tirgan edik. Bir payt u zot to'lin oy kechasi bo'lgani uchun oyga nazar soldilar va: “Sizlar xuddi mana shu oyni ko'rganingizdek Robbingizni ko'rasizlar. Uni ko'rishda uyushib, qisilib qolmaysizlar. Agar quyosh chiqishidan va botishidan oldin namoz o'qishni ko'paytira olsalaringiz, shunday qilinglar” dedilar”.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.
Bomdod namoziga o'z vaqtida turishga yordam beradigan ishlardan biri xuftondan keyin ko'p o'tirmay uyquga yotishdir. Erta yotish kishini tetik bo'lib uyg'onishiga va masjidga bora olishiga yordam beradi.
Manba: arabic.uz
Hurshid Ma'ruf tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV