Allohning bayti – masjidlarni obod qilishga bugun har qachongidan ham e'tibor kuchaygan. Chunki bu ma'rifat maskanlari mo'min-musulmonlarning ilmini oshirish, bilimini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Bugun, 2022 yilning 10 yanvar' kuni Toshkent viloyati Parkent tumani So'qoq qishlog'idagi “Kungay” jome masjidi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, imom domlalar, mahalla faollari, homiylar, saxovatpesha tadbirkorlar ishtirok etdi.
Masjidning eski binosi 1880 yil hashar yo'li bilan qurilgan edi. Bor-yo'g'i 350 kishini o'z bag'riga oladigan masjid so'nggi yillarda namozxonlarga torliq qilib qoldi. Shuni inobatga olib, O'zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligi rahbariyat bilan maslahatlashgan holda 2019 yil may oyida yangi masjid qurilishini boshlab yubordi.
Oradan ikki yarim yil o'tgach, So'qoqda go'zal ma'rifat maskani qad rostladi. Homiylar mablag'lari hisobidan bunyod etilgan jomeda ayni paytda 2–2,5 ming kishi bemalol ibodatlarni ado etishi mumkin.
Yangi jomega mos tarzda zamonaviy tahoratxona ham qurildi. Poklik maskanida barcha shart-sharoit yaratilgan.
Tadbir so'ngida xayrli duolar qilindi.
Toshkent viloyati vakilligi matbuot xizmati
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi