Iinsonga umr o'zi nima uchun beriladi? Inson bu umrda nimalar qilishi kerak? degan savollar tug'ilishi tabiiydir: Ushbu savollarga javoban Alloh taolo Qur'oni Karimning Mulk surasida bunday marhamat qiladi: “U (Alloh), sizlarning qay biringiz yaxshiroq amal qilishingizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan zotdir”.
Ushbu oyati karimadan inson umri bekorga berilmagani, uni huda-behuda ishlar, kayfu safo va bekorchilik, dangasalik va tamballik bilan zoye qilish uchun emas, balki, xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan hamda oxirat uchun zaxira bo'ladigan oliy ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursat ekani oydinlashadi.
Inson umri cheklangan. U ma'lum yillar, ma'lum oylar, kunlar, soatlar, daqiqalar, boringki, ma'lum lahzalardan iborat. Shunday ekan, o'tayotgan har bir onimizning qadriga etmasak, vaqt hamisha bizning zararimizga ishlaydi.
Mashhur tobeinlardan Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Ey odam bolasi, sen ma'lum kunlardan iboratdirsan. Sen uchun bir kuning ketishi bir qisming, bir bo'laging ketishi demakdir”, deganlar.
Inson aziz umrini va oltindan ham qimmatli bebaho vaqtini g'animat bilishi lozimligini Qur'oni karim oyatlari bunday talqin qiladi: “Axir Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantirguvchi (payg'ambar) ham kelgan ediku!”(Fotir surasi, 37-oyat).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qiyomat kuni Odam bolasining qadami Robbi azza va jallaning huzuridan to U Zot undan besh narsa haqida so'ramagunicha uzilmas: umridan, uni nimaga sarflagani haqida; yoshligidan, uni nimada o'tkazgani haqida; molidan, uni qayerdan kasb qildi-yu, nimaga infoq qilgani haqida va ilmiga qanday amal qilgani haqida” (Termiziy va Tabaroniy rivoyat qilishgan).
Demak, qiyomatda bandadan albatta umri haqida, uni nimaga sarflagani haqida so'raladi. Bu savol-javobdan qochib qutulib bo'lmaydi. Umrning har lahzasi haqida so'ralar ekanmizmi, demak, yashab o'tgan har lahzamizning javobini berishimiz lozim. Javobimiz to'g'ri chiqishi uchun esa bu ne'matning qadrini bilishimiz va shukrini ado etishimiz kerak.
Vaqt sen asrashing kerak bo'lgan eng qimmatli narsadir. Senda esa, u behuda o'tib ketkmoqda. O'tayotgan xar bir laxza inson xayoti va umrining bir qismidir. U qiyomat kuni insonning foydasiga yo zarariga guvohlik beradi.
Ulamolar o'tayotgan vaqt haqida ,unday deganlar: “Vaqt betaraf bo'lmaydi, yo senga qadrdon do'st yoki ashaddiy raqib bo'ladi”. Ya'ni o'tgan vaqt insonning yo foydasi, yo zarariga hujjat bo'ladi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh bunday deganlar: Boshlanayotgan har bir kun shunday nido kiladi: “Ey odam bolasi, men yangi kunman, sening amalingga guvohman, mendan foydalanib qol, agar o'tib ketsam, kiyomat kunigacha qaytmayman”.
Mo'min ikki havotir orasida bo'ladi: tez o'tib ketgan kecha va hali kelmagan erta orasida, kechada Alloh taoloning nima qilganini (ya'ni undan amallarini qabul etgan yo etmaganini) bilmaydi, ertaga Alloh taoloning nima hukm qilishini bilmaydi.
Shunga ko'ra banda o'zi uchun o'zidan foydalanib qolsin, oxirati uchun dunyosidan foydalanib qolsin, qarishidan oldin yoshligidan foydalanib qolsin, o'limidan oldin hayotidan foydalanib qolsin.
Alloh subhanahu va taolo barchamizga dinimiz ta'limotlarini teran, go'zal tarzda o'rganib borishimizni nasib qilsin. Umr deb atalmish buyuk ne'matning shukrini ado etishda Alloh taoloning O'zi madadkor bo'lsin. Bu aziz umrimizni, bu buyuk ne'matni zoye qilishdan ham Alloh taoloning O'zi asrasin. Qiyomat kuni “Umringni nimaga sarflading?” deb so'ralganda, tilimiz burro bo'lib, yaxshilikka, iymon-e'tiqodga, ibodatga, xayr-barakaga sarflaganimizni aytish imkonini Alloh taolo hammamizga ato etsin.
Manbalar asosida Ho'jaobod tumanidagi “Yetti chinor” jome masjidi
imom noibi Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari