Saudiya Arabistoni masjid me'morlariga har uch yilda beriladigan Abdulatif al-Fozan mukofoti sovrindorlarini tanladi. Bu yil tanlovning mavzusi etib "21-asr masjidlari arxitekturasi" tanlab olindi. Tanlovda 201 mamlakatdan 43 ta masjid ishtirok etdi. Ulardan to'rt me'mor, antropolog, rassom va san'atshunosdan iborat xalqaro hakamlar hay'ati ettita g'olibni tanlab oldi, deb xabar beradi IslamNews.
Mukofot bir necha nominatsiyalar bo'yicha taqdim etildi: davlat darajasida Mamlakatni ifodalovchi markaziy masjid, Juma namozi uchun masjid, Tuman masjidi. Saudiya Arabistonidagi Qirol Abdulloh Katta masjidi, Livandagi Amir Shakib Arslon masjidi, Turkiyadagi Sajaklar masjidi, Misrdagi Bason masjidi, Indoneziyadagi G'arbiy Sumatra Katta masjidi va Malidagi Jenne Katta masjidi eng yaxshi masjidlar sifatida e'tirof etildi.
Arch Daily xabariga ko'ra, mukofot 2011 yilda "masjid me'morchiligini yaxshiroq tushunish va o'tmish, kelajak va bugungi kun o'rtasidagi aloqani kuchaytirish uchun poydevor qo'yish" maqsadida ta'sis etilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati