Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2025   |   25 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:46
Quyosh
06:05
Peshin
12:23
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:46
Bismillah
17 Sentabr, 2025, 25 Rabi`ul avval, 1447

O'zbekiston haqidagi kitoblar Peshovar universitetiga taqdim qilindi

07.01.2022   943   1 min.
O'zbekiston haqidagi kitoblar Peshovar universitetiga taqdim qilindi

Peshovar universiteti huzuridagi Alisher Navoiy markazida «H.E. Shavkat Mirziyoyev: A visionary statesman» (“Shavkat Mirziyoev: uzoqni ko'ra biladigan davlat arbobi”) nomli tahliliy maqolalar kitob-to'plami taqdimoti o'tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning Islomoboddagi elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, kitob-to'plam diplomatiya missiyasi tomonidan Islomobod global va strategik tadqiqotlar markazi (GSTM) bilan hamkorlikda nashr etilgan bo'lib, unda Yangi O'zbekiston erishgan yutuqlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida amalga oshirilayotgan demokratik o'zgarishlar, ichki va tashqi siyosat, xususan, mintaqaviy va global tashabbuslar, jumladan, Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy o'zaro bog'liqligiga bag'ishlangan xalqaro konferentsiyada ilgari surilgan 10 ta tashabbusga bag'ishlangan 14 ta tahliliy material jamlangan.

GSTM ijrochi direktori Holid Taymur Akrom to'plam nusxalarini Peshovar universitetining Mintaqaviy (Rossiya, Hitoy va Markaziy Osiyo) tadqiqotlar markazi direktori, professor Shabir Ahmad Honga topshirdi.

Professor Shobir Ahmad Hon Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida O'zbekiston mintaqadagi qudratli mamlakatga aylanganini ta'kidladi. Ekspert O'zbekiston rahbari tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyoning o'zaro bog'liqligini mustahkamlash bo'yicha ilgari surilgan tashabbuslarni alohida qayd etdi.

Shuningdek, u bunday akademik tashabbuslar ikki mintaqa madaniyati va ijtimoiy-iqtisodiy dinamikasini o'zaro anglash uchun zarurligini ta'kidladi.

Kitoblar Peshovar universiteti kutubxonasi va Alisher Navoiy markaziga topshirildi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Bomdod namozidagi sunnat amallar

17.09.2025   1288   3 min.
Bomdod namozidagi sunnat amallar

1. Bomdod namozining sunnatini yengil o‘qish.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozida azon va iqomat orasida yengil ikki rakat o‘qir edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

2. Birinchi rakatda Kafirun, ikkinchi rakatda Ixlos surasini o‘qish.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bomdodning ikki rakatida “Qul yaa ayyuhal kaafirun” va “Qul huvallohu ahad”ni o‘qirdilar» (Imom Muslim rivoyati).

 

3. Sunnatdan so‘ng ozgina yonboshlash.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozining sunnatidan keyin o‘ng taraflari bilan ozgina yonboshlab yotar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

4. Yosin surasini va Hashr surasining oxirgi uch oyatini tilovat qilish.

Ma’qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «“Yosin” Qur’onning qalbidir. Kim uni Allohni va oxirat kunini umid qilib o‘qisa, albatta, mag‘firat qilinadi. Uni o‘liklaringizga o‘qinglar», dedilar (Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy rivoyati).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi “Yosin”dir. Kim “Yosin”ni qiroat qilsa, Alloh unga bu qiroati uchun Qur’onni o‘n marta qiroat qilgan(savobi)ni yozadi» dedilar (Imom Termiziy, Imom Bayhaqiy rivoyati).

Ma’qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim subh chog‘ida uch marta “A’uzu bismillahis samiy’il aliym, minash shaytonir rojiym” deb, Hashr surasi oxiridan uch oyatni tilovat qilsa, Alloh unga yetmish ming farishtani vakil qilib qo‘yadi. Ular unga kech kirguncha salavot aytadilar. Agar u o‘sha kuni o‘lsa, shahid holida o‘ladi. Kim o‘shalarni kech kirganda aytsa, xuddi o‘shandoq bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

 

5. Bomdod namozidan keyin o‘sha joyda o‘tirish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to choshgoh namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham, mag‘firat qilinadi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozidan so‘ng namoz o‘qigan joylarida to quyosh yaxshi chiqib olgunicha o‘tirar edilar” (Imom Muslim rivoyati).

 

6. Quyosh chiqqanidan so‘ng ikki rakat ishroq (quyosh chiqishi) namozini o‘qish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo‘lur. To‘liq, to‘liq, to‘liq”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

 

7.So‘ngra zuho (choshgoh) namozini o‘qish.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim choshgoh namozini muhofaza (bardavom) qilsa, uning gunohlari agar dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
 

Davron NURMUHAMMAD