Hazrati Ali roziyallohu anhu xalifalik davrlarida u kishining sovutlari yo'qolib qoladi. Sovutni bir yahudiy odamning qo'lida ko'radilar. «Mening sovutim-ku», desalar, «Yo'q, meniki», deydi yahudiy. Hazrati Ali roziyallohu anhu xalifa bo'la turib, xalifaning bosh qozisi Shurayhga shikoyat qiladilar va ikkovlari mahkamaga boradilar. Halifa va bir oddiy yahudiy fuqaro. Yahudiy musulmonlar orasida tinch yashash ahdini olgan. Hazrati Ali roziyallohu anhu «Bu sovut meniki. Sovutni sotmaganman, birovga bermaganman. Yo'qotib qo'ygan edim. Bugun esa bu odamning qo'lida ko'rdim», deydilar. «Dalilingiz bormi, ey mo'minlar amiri?» deydilar qozi Shurayh. «Dalilim yo'q, guvohim ham yo'q», deydilar u zot. Shunda qozi Shurayh hukmni yahudiyning foydasiga chiqarib beradi, chunki yahudiy «Sovut meniki», deb turibdi. Masala shu bilan tugaydi. Hazrati Ali roziyallohu anhu chiqib ketayotsalar, haligi yahudiy u kishini to'xtatib, «Ey Ali, bu qanday dinki, o'zining halifasini zarariga, g'ayridinning foydasiga hukm chiqarib bersa? Bu, albatta, adolatli din ekan. Men sovutingizni otingizdan tushib qolgan mahalda topib olgan edim. Bu sizning sovutingiz. Endi men ham musulmon bo'laman» deb, hazrati Ali roziyallohu anhuning qo'lida musulmon bo'ladi va sovutni tutqazadi. Hazrati Ali roziyallohu anhu: «Musulmon bo'lgan bo'lsang, bu sovut senga sovg'a», deganlar. Bu ham, albatta, bag'rikenglikka go'zal misollardan bo'ladi.
Endi mana shu masalalarni eshitib turib, bugun musulmonni kofir deyayotgan musulmonning ahvoliga qarang. Imom Muslim Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Qaysi bir musulmon o'z birodariga «Ey kofir!» desa, ikkovidan biri bu narsaga albatta duchor bo'ladi. Agar u birodari aytganidek bo'lsa, kofir bo'ladi. Unday bo'lmasa, aytgan odamning o'zi kofir bo'ladi». Shuning uchun birovni kofir deyish, odamlarni kofirga, musulmonga ajratish yaxshi emas. Bu ishga savob ham va'da qilinmagan. Aksincha, juda og'ir gunohkor bo'lish mumkin, iymondan, dindan ayrilib qolish mumkin. Bu juda xatarli narsa. Bir odam kofirning amalini qilsa, ochiq-oydin kofirning so'zini gapirsa, avval u ogohlantiriladi, «Sen kofirning gapini gapiryapsan, kofirning amalini qilyapsan, bilib qilyapsanmi, bilib aytyapsanmi?» deb so'raladi. Agar u «Ha, bilib qilyapman» desa ham, darrov hukm berilmaydi. Avval uni insofga, hidoyatga chaqiriladi. Foydasi bo'lmasa, qamab qo'yiladi. Islom davrida shunday bo'lgan. Oxirigacha qaytmasa, bilib turib, qasddan shunday qilayotgan bo'lsa, murtad hukmi berilib, shunda ham qaytmasa, keyingina qatl qilinadi. Ilgarilari shunday hukm bo'lgan, endi esa yo'q. Ammo o'sha odam adashib, bilmay aytdim desa, tavba qiladi, tamom. Hullas, bir musulmon o'sha gapi bilan kofir bo'lib qolmaydi. Bugun ozgina o'ziga yoqmagan yo'lni ko'rsa, o'zlarining aytganini gapirmasa, shu xalqni to'g'ri yo'lga boshlab kelayotgan imomlarni tap tortmasdan kofir deyayotganlar ham o'zbeklar, musulmonlar. Ularga birov buning uchun biron narsa mukofot va'da qildimi? Qancha ko'p odamni kofir deb e'lon qilib bersang, shuncha ko'p pul beramiz, deganmi? Holbuki yuqoridagi hadisda o'qidik, bir odamni musulmon qilish qanchalik fazilatli ekanligini...
Imom Sha'roviy rahmatullohi alayh o'zlarining «Tazkirot»larida bir yosh, bemazhab yigit bilan bahs qilganlarini aytib berganlar. U bemazhab terrorchi bola ekan. Uni tutib, imom Sha'roviyning oldiga olib kelishgan. Shunda imom uni insofga chaqirganlar, o'sha suhbatlari keltirilgan. Imom Sha'roviy «Sening fikringcha, musulmon diyorida tungi klublarga borib o'ynayotgan musulmon erkak, musulmon ayollarni o'ldirish kerakmi? Portlatish kerakmi?» desalar, haligi terrorist: «Albatta, ularni portlatish kerak. Ular kofir, ular gunohkor. Ularning qoni halol», deydi. «Ularni o'sha gunoh qilayotgan xollarida o'ldirsang, portlatsang ular qayerga borishadi? Do'zaxga tushadimi?» deydilar imom. Haligi yigit «Albatta», deydi. «Demak, sening vazifang odamlarni do'zaxga tiqish ekan-da? Unda sen bilan shaytonning vazifasi bir ekan. Holbuki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuridan bir kuni bir yahudiy odamning tobuti olib o'tilganda, o'rinlaridan turib, yig'laganlar, «Men buni do'zaxdan qutqarib qola olmadim», deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir insonni do'zaxdan saqlab qola olmaganlariga yig'layaptilar. Sen esa uni do'zaxga hukm qilib, xursand bo'lyapsan. Demak, sening yo'ling Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo'lidan boshqa ekan. Sening yo'ling shaytonning yo'li bilan bir yo'l ekan» deb, uni mot qilgan ekanlar imom Sha'roviy. Bunga o'xshash muzokaralar ko'p o'tgan.
Ustoz Rahmatulloh Termiziy hafizahulloh
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati