Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Noyabr, 2026   |   15 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:59
Quyosh
07:18
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
25 Noyabr, 2026, 15 Jumadul soni, 1448

Tarbiyachilarni tarbiyalang

07.12.2023   1684   3 min.
Tarbiyachilarni tarbiyalang

Kichik o'g'lim 3 yoshga to'lganda uning yotog'ini alohida qilmoqchi bo'ldik. Lekin bu biroz qiyin bo'ldi. Chunki o'g'limiz boshqa xonada yotsa, qo'rqib yig'lab chiqardi. Bir soat ham o'tmay yana oldimizga chiqib kelardi. Har qancha tushuntirsak ham tushunmasdi.

Keyin farzandlarimni yig'dim-da ularga “Ukalaringiz sizlar bilan bir xonada yotgisi kelmayapti. Baribir bizning oldimizga kirib olyapti. Nima qilsak bo'ladi?” deb maslahat soldim. Katta qizim “Onajon, bu masalani menga qo'yib bering” deb mas'uliyatni bo'yniga oldi.

Kechqurun o'g'ilchamizni akalarining emas, katta opasining xonasiga kirgazib yubordim. Keyin o'rnimga yotib hali zamon yig'lab chiqib kelsa kerak deb kuta boshladim. Oradan yarim soat, bir soat vaqt o'tdi. Lekin uyimiz jimjit. Yig'i ovozi yo'q. Ko'zimga uyqu kelishga ulgurmasdan o'g'limning yig'isidan uyg'onib ketishga o'rganib qolgan ekanman shekilli, xavotir olib o'rnimdan turdim. Qizimning xonasiga sekin bordim. Eshikni qiya ochib qarasam, o'g'lim jim yotibdi. Quloq solsam, qizim ukasiga payg'ambarlar qissalaridan aytib berayapti. Sekin eshikni yopib joyimga borib yotdim. O'g'lim ertalabgacha yig'lamasdan uxladi.

Keyingi kunlari qizim ukasini “Kim birinchi uxlash” musobaqasi kabi turli o'yinlari bilan qiziqtirib uxlata boshladi. Borib-borib o'g'limiz alohida uxlashga ham o'rgandi.

Men qizimdan juda mamnun edim. Oila davrasida o'tirganimizda uni dadasiga maqtadim. Keyin bergan yordami uchun bag'rimga bosib, yuzidan o'pish bilan mukofotladim. Qo'shimchasiga oldindan tayyorlab qo'ygan hadyamni unga taqdim qildim. Qizim quvonchi ichiga sig'may: “Onajon, men uchun sizning quchog'ingiz har qanday hadyadan afzal” dedi. Qizim endigina o'n besh yoshga to'lgan bo'lsa ham, bu qadar ma'noli gapirganiga, nafaqat mening, balki dadasining ham boshlari ko'kka etdi.

(Kichik yoshdagi farzandlarimizni tarbiyalashda ularning opalaridan, akalaridan foydalanish yaxshi samara beradi. Bu bilan ham katta hayot bo'sag'asiga yaqinlashib qolgan farzandlarimizni katta hayotga tayyorlagan bo'lamiz, ham kichik farzandlarimizni ularga eng mehribon bo'lgan jigarlari qo'liga topshirish bilan xotirjam bo'lamiz. Buning yana bir e'tiborga molik jihati shuki, bu uslub bilan bolalarimizning kichiklari kattalarini hurmat qilishni o'rganadi va biz vafot etib ketganimizdan keyin ham ularning o'rtasidagi silai rahm rishtalari Allohning izni ila bardavom bo'ladi. Tarj.)

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining

“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   2821   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar