Insonning qalbi temirga o'xshaydi, suv tekkan temir zanglaganidek, qalb ham zanglab turadi. Shu sababli inson doimo qalbiga e'tibor berishi va uning zangini ketkazib turishi lozim.
Insonning qalbidagi zangni ikki narsa ketkazadi. Bu ikki narsaning biri o'limni eslash bo'lsa, ikkinchisi esa Qur'oni karimni o'qishdir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bu qalblar ham xuddi temir suv tekkanda zanglagani kabi zanglaydi”, dedilar. Shunda: “Yo Allohning Rasuli, nima qalbni sayqallaydi, zangini ketkazadi?” deyildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O'limni eslash va Qur'on tilovat qilish”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Alloh taolo qalblarimizni doimo pok holda bo'lishini barchamizga nasib aylasin!
R. AKBAROV,
O'zbekiston musulmonlar idorasining
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ismlari Zurora ibn Avfo Omiriy Haroshiy, kunyalari Abu Hojib, yashagan joylari Basra bo‘lib, Basra shahrining qozisi bo‘lganlar. Obid va ishonchli kishilardan edilar. Hijriy 93 yilda Basrada vafot etganlar.
Abu Janob Qassob aytadi: “Bir kuni Zurora ibn Avfo Qushayr masjidida bizga imomlik qildi.
“Va qachonki dudga puflansa” (Muddassir surasi, 8-oyat) oyatiga yetganda, joni uzilib, yerga yiqildi. Uni ko‘targanlar orasida men ham bor edim”.
Solih Murriy aytadi: “Zurora ibn Avfoni vafotlaridan keyin tushimda ko‘rdim. U kishiga: “Alloh sizni rahmatiga olsin! Siz haqingizda nima deyildi?” dedim. U kishi mendan yuzlarini burdilar. Keyin men u kishidan: “Alloh sizni nima qildi?” deb so‘radim. Shunda u kishi menga yaqin keldilar va: “Men bilan fazli, juvdi, karami ila muomala qildi” deb javob berdilar. Men yana u kishidan: “Sizning nazdingizda qaysi amal afzalroq va yetukroq” deb so‘rasam, “Rizo va orzuni qisqa qilish” deb javob berdilar”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan