Insonning qalbi temirga o'xshaydi, suv tekkan temir zanglaganidek, qalb ham zanglab turadi. Shu sababli inson doimo qalbiga e'tibor berishi va uning zangini ketkazib turishi lozim.
Insonning qalbidagi zangni ikki narsa ketkazadi. Bu ikki narsaning biri o'limni eslash bo'lsa, ikkinchisi esa Qur'oni karimni o'qishdir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bu qalblar ham xuddi temir suv tekkanda zanglagani kabi zanglaydi”, dedilar. Shunda: “Yo Allohning Rasuli, nima qalbni sayqallaydi, zangini ketkazadi?” deyildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O'limni eslash va Qur'on tilovat qilish”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Alloh taolo qalblarimizni doimo pok holda bo'lishini barchamizga nasib aylasin!
R. AKBAROV,
O'zbekiston musulmonlar idorasining
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi
#xabar #musobaqa
Bugun, 9 fevral kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Shayxontohur sport maktabi sport zallarida diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqalarining respublika bosqichiga rasman start berildi.
Mazkur bosqichda O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari tomonidan o‘tkazilgan saralash musobaqalarida g‘olib bo‘lgan jamoa va ishtirokchilar, ularning murabbiylari va hakamlar, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari vakillari hamda viloyat bosh imom-xatiblari ishtirok etmoqda.
Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, ushbu musobaqa respublika bo‘ylab diniy soha vakillarini bir maydonga jamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani, dinimiz sport bilan shug‘ullanishga chaqirishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bellashuvlar manfaatli va barakali o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, musobaqalar O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari tasdiqlagan tartib-qoidalar asosida nimchorak final, chorak final, yarim final hamda final bosqichlari ko‘rinishida o‘tkazilmoqda. Final uchrashuvlari esa 10 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari jamoalari o‘zaro bellashmoqda.
Musobaqa yangiliklari va tafsilotlarini kanalimiz orqali kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati