O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Nuriddin domla hazratlari
(12.11.2021 yildagi Andijon viloyati markaziy "Devonaboy" jome masjididagi suhbatdan lavha)
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Hozirgi kunlarda shifokorlar bemorlarga dori yozib beradilar va dorixonalar ana shu dorini yozgan shifokorlarga bonus sifatida ma’lum miqdorda pul beradi. Shu pul ular uchun halol hisoblanadimi?
Shuningdek, sohadagi ayrim shifokorlar tibbiy tekshiruv o‘tkazadigan jihoz (apparat) o‘rnatishgan va keladigan har bir bemor uchun yuborgan shifokorlarga mablag‘ berishadi. Buning hukmi qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar shifokor bemorning manfaati va yaxshiligini ko‘zlagan holda, to‘liq xolis va omonatdorlik bilan bemor uchun eng foydali hamda mos keladigan dorini tavsiya qilsa, qolaversa, quyidagi shartlarga rioya etsa, u holda shifokor uchun dorixonadan bonus olishi joiz bo‘ladi:
1. Shifokor shunchaki bonus olish ilinjida sifatsiz, keraksiz va qimmat dori-darmonlarni tavsiya qilmasligi kerak.
2. Bemorga nisbatan hech qanday aldov bo‘lmasligi lozim, ya’ni haqiqatan ham undagi kasallikning ushbu doriga ehtiyoji bo‘lsin. Shuningdek, shifokorning mazkur firma bilan hamkorligi oshkora qilib qo‘yilishi kerak.
3. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniya yoki dorixonalar shifokorga beriladigan bonuslar xarajatini dori narxini qimmatlashtirish orqali bemorning zimmasiga yuklamasliklari kerak.
4. Bemor faqat shifokor o‘zi kelishib olgan o‘sha dorixona yoki firmaning dorisini sotib olishga majburlanmasligi lozim.
5. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bonus, hadya va imtiyozlar to‘lovining xarajatini qoplash uchun dorilarning sifatini tushirib yubormasliklari kerak.
Savolning ikkinchi qismidagi tibbiy jihozlarga tekshiruv uchun yuborish orqali olinadigan bonuslarning hukmi ham yuqoridagi hukm bilan bir xil bo‘ladi. Ya’ni, bemorni muayyan bir shifokorda ko‘rikdan o‘tishga majburlamaslik, pul ilinjida kerak bo‘lmasa ham yubormaslik, tibbiy ko‘rik qiluvchi shifokor unga yuborgan shifokorga bermoqchi bo‘lgan mablag‘i bemorga ko‘rsatadigan xizmat haqiga qo‘shmasligi, xizmatining sifati va narxi boshqa shifokorlarniki bilan bir xil bo‘lishi shart.
Lekin ushbu shartlarga rioya qilmasdan ayrim shifokorlarning o‘z burch va vazifalarini bajarish evaziga firma va dorixonalardan bonus olishlari pora bo‘lib qoladi. Natijada mablag‘ni ularga berayotganlar ham gunohga sherik bo‘lib qoladi. Chunki Islomda porani berish ham, olish ham haromdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir”.
Shuningdek, Nabiyi karim sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini, pora oluvchini va pora ishida vositachilik qiluvchini la’natlaganlar.
Demak, savolda aytib o‘tilgan holatda, agar yuqoridagi shartlarga rioya qilinmasa, bu ham ayni pora bo‘lar ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi