Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyul, 2025   |   2 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:49
Xufton
21:17
Bismillah
27 Iyul, 2025, 2 Safar, 1447

Alloh haqida hamisha yaxshi gumonda bo'ling!

03.01.2022   2462   6 min.
Alloh haqida hamisha yaxshi gumonda bo'ling!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e'tikof o'tirgan edilar. Kechasi Sofiya roziyallohu anho onamiz u zotning ziyoratlariga bordilar, biroz gaplashishdi, so'ng Sofiya onamiz uylariga ketmoqchi bo'ldilar. Nabiy alayhissalom kuzatgani turdilar.

Shunda ansoriylardan ikki kishi o'tib qoldi. Ular Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko'rishlari bilan tezlab qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Shoshilmang, bu ayolim Sofiyadir", dedilar.

«Subhanalloh! Yo Allohning Rasuli!» deyishdi. Ya'ni sizga hech qachon shubha qilmaymiz. Siz Allohning payg'ambarisiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, shayton insonning qon yurar joyida yuradi. Men u sizning qalbingizga biror narsani yoki yomonlikni otishdan qo'rqdim", dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadislaridan juda ko'plab saboqlar olish mumkin.

Birinchidan, odamlarning fikriga yomon hayollar kelib turar ekan. Shuni bilishimiz kerakki, shayton insonni yomon fikrlar bilan g'o'zg'atadi. Masalan, ko'cha-ko'yda bir ayolni bir erkak bilan ketayotganini ko'rsak yoki kimningdir usti boshini ko'rib noto'g'ri xulosa chiqarishga shoshilamiz. Bir joyda bir tanishingizni ko'rib, darhol u haqda yomon gumonga bormang, chunki aslida uning niyati butunlay boshqa bo'lgan bo'lishi mumkin. Shuni aslo unutmangki, shayton insonni yomon yo'lga boshlash uchun doimo vasvasa qilib, yomon fikrlarga undaydi.

Ikkinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini yomon gumonga tushib qolishdan qaytarganlar. Shuning uchun, "xotirjam bo'ling, bu mening ayolim Sofiya" deb hatto sahobalarda yomon fikr tug'ilmagan bo'lsa ham, ularni turli gumonga bormasliklarining oldini oldilar.

Hamisha yaxshi fikrda bo'lish kishilar o'rtasida do'stlik va ishonch rishtalarini mustahkamlaydi. Yomon fikr insonlar orasida keng tarqalgan xavfli kasallikdir. Hatto ba'zan erkak kishi shaytonning vasvasalariga uchib, o'z ayoliga ham shubha bilan qarab, josuslik qiladi. Natijada, orada ishonch yo'qoladi.

Ba'zilar yon-atrofidagi barcha odamlarga shubha bilan qaraydi. Ular nima ish qilishsa, hammasini tahlil qiladi. Biz hamisha atrofimizdagi barcha narsaga yaxshi gumon bilan qarashga odatlanishimiz lozim.

Albatta, bundan befarq bo'lish kerak degan tushunchaga bormaslik kerak. Bu ikkisi o'rtasida katta farq bor. Masalan, narsa sotib olish va sotishda yoki boshqa muomalarda ziyrak bo'lish talab etiladi. Tekshirmay, surishtirmay ko'rganimizga ishonib ketavermasligimiz lozim. Bunday holatlarda aql-idrok yaxshi gumondan ustun qo'yilmaydi.

Yaxshi gumon qilishda ota-bobolarimiz go'zal namuna edilar. Ular biror musibatga uchrashsa hamisha "bunda bir yaxshilik bor" deb aytishardi. Misol uchun, biror idish sinib qolsa, avtohalokat ro'y bersa, biror ishlari yurishmasa "Insha Alloh bunda bir yaxshilik bor" deyishardi. Ammo biz biror musibatga uchrasak bir zumda tushkunlikka tushamiz. Biroq o'tgan ulug'larimiz "Bunda yaxshilik bor, Alloh mendan bir yomonlikni ketkazdi. Har bir kechikishda bir yaxshilik bor" deb yaxshi gumonda bo'lishardi. Biz ham hamisha Alloh haqida yaxshi gumonda bo'lishga intilishimiz kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ajoyib bir voqeani rivoyat qilib berganlar: “Sizlardan oldingilar ichida 99 ta odamni o'ldirgan bir kimsa bor edi. U er yuzi ahlining eng bilimdon kishisini surishtirdi. Uni bir rohibga dalolat qilishdi. U rohibning oldiga keldi va o'zining 99 ta jonni o'ldirganini, tavba qilishiga imkon bor-yo'qligini so'radi. Rohib: “Imkon yo'q” deb javob berdi. Boyagi kimsa rohibni ham o'ldirdi va sanoqni 100 taga etkazdi. Keyin yana er yuzining eng ilmli kishisini surishtirdi. Uni bir olimga dalolat qilishdi. U borib, o'zining 100 ta jonni o'ldirganini, endi tavba qilishiga imkon bor-yo'qligini so'radi. Olim: “Imkon bor. Sen bilan tavba orasini kim to'sa oladi?! Sen falon erga bor. U erda Alloh taologa ibodat qilayotgan insonlar bor. Ular bilan birga ibodat qil. O'z eringgga qaytma. Chunki u yomon joy ekan” deb javob berdi. Boyagi kimsa aytilgan tomonga jo'nadi. Yarim yo'lga etganda, vafot etdi. U odam xususida rahmat farishtalari bilan azob farishtalari tortishdilar. Rahmat farishtalari: “Bu odam tavba qilgan holda qalbi bilan Alloh taolo sari ketayotgan edi” deyishdi. Azob farishtalari: “Bu odam hech yaxshilik qilmagan” deyishdi. Shunda ularning yoniga bir farishta odam suratida keldi. Farishtalar uni bu ishga hakam qildilar. U: “Sizlar uning yashagan joyi bilan bormoqchi bo'lgan joyini o'lchab ko'ringlar. Bu odam qaysi tarafga yaqinroq bo'lsa, o'sha tarafga hukm qilinadi” dedi. Farishtalar o'lchab ko'rsalar, u odam bormoqchi bo'lgan tarafiga yaqin ekan. Darhol uning ruhini rahmat farishtalari ko'tarib oldilar”.

Alloh haqida yaxshi gumonda bo'lishning chegarasi yo'q, chunki bu Alloh bilan muloqotning bir turidir. Alloh taolo hadisi qudsiyda bunday marhamat qilgan: "Men bandam men haqimda nima gumon qilsa, o'shandayman. U Meni zikr qilgan chog'da, Men u bilanman".

Shunday ekan, Robbingiz haqida yaxshi gumonda bo'ling. Jannatning eng oliysini so'rang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo'lishni so'rang. Albatta, Alloh taolo bu dunyoda ham, oxiratda ham ko'plab ne'matlarini beradi.

Agar biror musibatga uchrasangiz buni sinov deb biling, Alloh sizning darajangizni ko'tarishini umid qiling. Agar biror yaxshilik etsa, buni Allohning ne'mati deb biling! Hamisha yaxshi gumon va niyatda bo'ling. Unutmangki, Alloh taolo sizga aslo yomonlikni ravo ko'rmaydi, sizga faqat yaxshiliklarni xohlaydi, shuning uchun bir qancha engilliklar bergan.

 

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hazrati inson bo‘ling!..

22.07.2025   7198   2 min.
Hazrati inson bo‘ling!..

Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.


– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.


– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...


Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.


Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:

– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi(Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...


Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.


Akbarshoh Rasulov