Albatta din nasihatdir. Ularning ayrimlaridan misol tariqasida Luqmoni Hakimning o'z o'g'illariga qilgan nasihatlaridan keltiramiz. Ushbu nasihatlar Qur'oni karimda Luqmoni Hakim tillaridan keltiriladi.
Nasihatlarning eng birinchisi shikrdan qaytarishdir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Eslang, Luqmon o'g'liga nasihat qilib, degan edi: "Ey, o'g'ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir"» (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shundan so'ng, Luqmoni Haqim ota-onaning haqqini ado etishni nasihat qiladi. Ota-onaga yaxshilik qilishga va go'zal munosabatda bo'lishga, agar gunoh ishga majburlashmasa, ularga itoat etishga, hatto mushrik bo'lsalar-da, ularga qo'pol munosabatda bo'lmaslikka chaqiriladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Agar ular (ya'ni ota-onang) seni o'zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo'rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo'lsalar-da) dunyoda yaxshi muomalada bo'lgin"(Luqmon surasi, 15-oyat).
So'ngra Luqmoni Hakim o'g'liga Alloh taolo oshkoru maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot ekani, bir zum bo'lsa-da Alloh taoloning kuzatib turganligini yoddan chiqarmaslikni nasihat qiladi: (Luqmon yana dedi): "Ey, o'g'ilcham! Shubha yo'qki, agar xantal (o'simligining) urug'idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo'lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki er ostida bo'lsa, o'shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir" (Luqmon surasi, 16-oyat).
Keyin Luqmoni Hakim ibodat, xususan namozga oid hamda amri ma'ruf, nahyi munkar qilish va musibatlarga sabr etishni nasihat qiladi: "Ey, o'g'ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o'zingga etgan (balolar)ga sabr qil!..." (Luqmon surasi, 17-oyat).
Luqmoni Hakimning o'g'liga qilgan so'nggi nasihat odamlar bilan muomala qilish axloq va odobiga tegishli bo'lib, unda ochiq yuzli, shirin so'zli, tavoze'li bo'lish, kibrlanmaslik, baqirib gapirmaslik haqida so'z boradi.
"Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas" (Luqmon surasi, 18-oyat).
"(Yurganingda) o'rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir" (Luqmon surasi, 19-oyat).
Alloh taolo Luqmoni Hakim haqida bunday marhamat qiladi: "Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): «Allohga shukr qilgin! Kimki shukr qilsa, faqat o'zi uchun shukr qilur. Kimki noshukurlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va hamd egasidir" (Luqmon surasi, 12-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.