Ba'zan ko'cha-ko'yda, to'y-ma'rakalarda tanishlarimiz bilan uchrashsak, ular hayotidan nolib, ishlari yurishmayotganini, orzu-maqsadlari ro'yobga chiqmayotganidan afsuslanishadi. Tijoratchilar bilan gurunglashsak, savdolari baroridan kelmay, kasodga uchrayotganidan yozg'irishadi. Insonmiz-da, Alloh taolo in'om etgan ne'matlarning qadriga etmaymiz. Gunohlarimiz ko'p, istig'for aytmaymiz.
Gunohlar afv etilishi, solih amallar ko'payishini va yuksak darajalarga erishishni kim ham xohlamaydi. Oila bag'rida, tinch-osuda Vatanda yashash katta baxt-ku! Buning uchun ko'p istig'for aytishga odatlanish kerak.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: «Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rang, so'ngra Unga tavba qiling, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur…» (Hud surasi, 3-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim istig'forni doimiy aytib yursa, Alloh unga qiyin damlarda osonlikni nasib etadi. Uni o'ylamagan joyidan rizqlantiradi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Har doim istig'for aytish joiz, gunoh qilganda esa vojib bo'ladi. Istig'for aytishning bir necha turlari bor. Ulardan eng ulug'i “Sayyidul istig'for” duosidir. Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz alayhissalom: «Istig'forning sayyidi “Allohumma, anta Robbiy. La ilaha illa anta. Holaqtaniy va ana 'abduk. Va ana 'ala ahdika va va'dika, mastato't. A'uzu bika min sharri ma sona't. Abuu laka bini'matika 'alayya va abuu bi zanbiy. Fag'firliy, fainnahu la yag'firuz zunuba illa ant”, demoqdir. Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa-yu, o'sha kuni kech kirishidan oldin vafot etsa, jannatga kiradi. Kim uni ishonch bilan tunda aytsa-yu, o'sha kechasi tong otishidan avval bu dunyoni tark etsa, jannat ahlidan bo'ladi”, dedilar».
Duoning ma'nosi: “Ey Alloh, Sen Rabbimsan! Sendan o'zga iloh yo'q. Meni yaratding va men Sening bandangman. Qodir bo'lganimcha Senga bergan ahdimda va va'damda turibman. Sendan qilmishlarimning yomonligidan panoh tilayman. Menga bergan ne'matingni e'tirof qilaman. Gunohlarimni ham tan olaman. Meni mag'firat qil. Albatta, Sendan o'zga gunohlarni mag'firat qiluvchi yo'q”.
Muqaddas dinimizning asosiy manbai – Kalomullohda bunday deyiladi: «Va men: “Parvardigoringizdan mag'firat so'ranglar, albatta U o'ta Mag'firatli bo'lgan Zotdir. (Shunda) U Zot ustlaringizga osmondan yomg'ir quydiradi va sizlarga mol-dunyo, bola-chaqa bilan madad beradi hamda sizlarga bog'u bo'stonlar (ato) qiladi va sizlarga oqar daryolar (ato) qiladi”, dedim» (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
Ibn Kasirning tafsirida bu oyat quyidagicha sharhlanadi: “Ya'ni agar sizlar Allohga haqiqiy tavba qilsangiz, istig'for aytsangiz va U Zotga itoat etsangiz, rizqingiz ko'payadi. Alloh osmonning barakasidan ustingizga yomg'ir yog'diradi. Yerning barakasidan o'simliklar va turli nabototlarni undirib chiqaradi. Sizlarga ko'p farzand va boyliklar ato qiladi. Shuningdek, Alloh sizlarga turli mevalari bor va o'rtasidan daryolar oqib turuvchi go'zal bog'lar ato qiladi”.
Nuh payg'ambarning qavmi mol-dunyoga ruju qo'ygan edi. Shu sababli u zot qavmini Allohga itoat etishga chaqirgan. Uzoq yillar qilingan da'vatlarni qabul etmay, o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni yolg'onga chiqarishgach, Alloh taolo Nuh alayhissalom qavmiga qurg'oqchilik yuborib, ayollarini tug'mas qilib qo'yadi. Shundan so'ng, agar imon keltirsalar, Alloh ularga yana farovonlik ato qilib, boshlaridagi og'ir kunlarni ketkazishi ma'lum qilinadi.
Hasan Basriy rahimahullohning oldiga bir kishi qurg'oqchilikdan shikoyat qilib kelganida, u zot unga: “Istig'for aytgin!” deb maslahat bergan. Boshqa odam kelib kambag'allik, yana boshqasi befarzand ekanini, boshqa birov erining unumdorligi past ekanidan shikoyat qilib kelganida, Hasan Basriy ularning barchalarini ko'p istig'for aytishga amr qildi.
Shunda Robiy' ibn Subayh: “Oldingizga turli toifadagi odamlar kelib, har xil masalada shikoyat qilishgan bo'lsalar-da, ularning hammasini istig'for aytishga buyurdingiz. Buning sababi nima?”, deb so'radi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh yuqoridagi oyatni o'qib bergan ekan..
“Tafsiyrun Nasafiy” kitobida: “Istig'for Allohdan mag'firat qilishini so'rashdir. Agar istig'for aytuvchi kofir bo'lsa, kufrdan istig'for aytadi. Agar istig'for aytuvchi osiy mo'min bo'lsa, gunohlaridan istig'for aytadi”, deyilgan.
Imom Qurtubiy: “Ushbu va Hud surasidagi oyatlar istig'for rizq ko'payishi va mo'l yomg'ir yog'ishiga sabab bo'ladi”, degan.
Shu o'rinda bir voqeani eslab o'tish maqsadga muvofiq. Zakotini o'z vaqtida beradigan, ko'p istig'for aytadigan bir tijoratchi tanishimning mollari saqlanadigan joyga elektr energiyasining nosozligi tufayli o't ketibdi. Barchaning mollari kuyib kul bo'libdi-yu, biroq haligi birodarimizning mollari omon qolgan ekan. Barcha qiziqib buning boisini so'raganida u kishi: “Men har tong ishga kelib va ishdan qaytayotib “Sayiidul istig'for” duosini o'qiyman. Rasulloh sollallohu alayhi va sallam o'rgatgan duoning kuchini ko'rib turibman”, degan ekan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimki istig'forni ko'paytirsa, Alloh u (banda) uchun har qanday g'am-tashvish va tanglikdan chiqish yo'li (paydo) qilib, uni o'zi o'ylamagan tomondan rizqlantiradi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Mo'min banda sababsiz biror muammo va qiyinchilikka duch kelmaydi. Buning asosan ikkita sababi bor. Birinchisi, Alloh qaysi bir bandani yaxshi ko'rsa, uni musibat bilan sinaydi. Bu sinovdan chiroyli sabr bilan chiqib ketgan bandaning gunohlari kechiriladi, imoni ziyoda bo'ladi, qalbi poklanadi.
Muxtasar aytganda, bizni yaratgan Zot, koinotning egasi Alloh taologa qancha ko'p istig'for aytsak, turmushimiz yanada farovon va nurafshon bo'ladi. Istig'for tufayli boshimizga balolar yog'maydi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'ladi.
Mansur O'ROLOV,
Sergeli tumani “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom noibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Farg‘ona viloyati tuman-shahar bosh imom-xatiblari va otinoyilari ishtirokida tahliliy yig‘ilish o‘tkazdilar.
Yig‘ilishda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Burhonjon Qo‘ldoshev, soha mas’ullari va bosh imom-xatiblar ishtirok etib, hududda amalga oshirilgan xayrli ishlar va oldinda turgan dolzarb vazifalarni muhokama qildilar.
Majlisda Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy islohotlar amalga oshirilayotgani, yangi masjidlar, Qur’on kurslari va majmualar barpo etilayotgani, xususan, joriy yilda Qo‘qon shahrida “Masjidul Latif”, Qo‘shtepa tumanida “Umar ibn Xattob” hamda Yozyovon tumanida “Al Farg‘oniy” jome masjidlari foydalanishga topshirilgani, Qo‘qonda yangi tajvid kursi ish boshlaganini alohida e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida imom-xatiblar va otinoyilar tomonidan 42 mingta ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani, 6 500 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etilgani, 6 000 nafar migrant oilalari holidan xabar olingani hamda 400 ta ajrim yoqasidagi oila yarashtirilgani ijobiy baholandi.
Shuningdek, homiylar va imomlar tashabbusi bilan ehtiyojmandlarga 3 mlrd so‘mlik va madrasalarga 136 mln so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatilib, 3 ta oilaga yangi uy qurib berilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu bilan birga, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Imom-xatiblarga aholi orasida targ‘ibot-tashviqotni kuchaytirish, Mustaqilligimizning 35 yilligi va «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida masjidlarni obod qilish topshirildi.
Oilaviy ajrimlarning oldini olish va ijtimoiy tarmoqlarda notiq imom-xatiblar tomonidan tayyorlangan videoma’ruzalarni keng tarqatib, axborot makonida sog‘lom e’tiqod muhitini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Muftiy hazratlari har bir xodim o‘zini shariat xodimi sifatida anglab, taqvo, halollik va yuksak mas’uliyat bilan xalqimizga xizmat qilishi lozimligini uqtirdilar.
Farg‘ona viloyati vakilligi mutaxassislari uchun yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati