Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Mo'l rizq va xotirjamlik kafolati

02.01.2022   4254   7 min.
Mo'l rizq va xotirjamlik kafolati

Ba'zan ko'cha-ko'yda, to'y-ma'rakalarda tanishlarimiz bilan uchrashsak, ular hayotidan nolib, ishlari yurishmayotganini, orzu-maqsadlari ro'yobga chiqmayotganidan afsuslanishadi. Tijoratchilar bilan gurunglashsak, savdolari baroridan kelmay, kasodga uchrayotganidan yozg'irishadi. Insonmiz-da, Alloh taolo in'om etgan ne'matlarning qadriga etmaymiz. Gunohlarimiz ko'p, istig'for aytmaymiz.

Gunohlar afv etilishi, solih amallar ko'payishini va yuksak darajalarga erishishni kim ham xohlamaydi. Oila bag'rida, tinch-osuda Vatanda yashash katta baxt-ku! Buning uchun ko'p istig'for aytishga odatlanish kerak.

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: «Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rang, so'ngra Unga tavba qiling, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)­gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur…» (Hud surasi, 3-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Kim istig'forni doimiy aytib yursa, Alloh unga qiyin damlarda osonlikni nasib etadi. Uni o'ylamagan joyidan rizqlantiradi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Har doim istig'for aytish joiz, gunoh qilganda esa vojib bo'ladi. Istig'for aytishning bir necha turlari bor. Ulardan eng ulug'i “Sayyidul istig'for” duosidir. Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz alayhissalom: «Istig'forning sayyidi “Allohumma, anta Robbiy. La ilaha illa anta. Holaqtaniy va ana 'abduk. Va ana 'ala ahdika va va'dika, mastato't. A'uzu bika min sharri ma sona't. Abuu laka bini'matika 'alayya va abuu bi zanbiy. Fag'firliy, fainnahu la yag'firuz zunuba illa ant”, demoqdir. Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa-yu, o'sha kuni kech kirishidan oldin vafot etsa, jannatga kiradi. Kim uni ishonch bilan tunda aytsa-yu, o'sha kechasi tong otishidan avval bu dunyoni  tark etsa, jannat ahlidan bo'ladi”, dedilar».

Duoning ma'nosi: “Ey Alloh, Sen Rabbimsan! Sendan o'zga iloh yo'q. Meni yaratding va men Sening bandangman. Qodir bo'lganimcha Senga bergan ahdimda va va'damda turibman. Sendan qilmishlarimning yomonligidan panoh tilayman. Menga bergan ne'matingni e'tirof qilaman. Gunohlarimni ham tan olaman. Meni mag'firat qil. Albatta, Sendan o'zga gunohlarni mag'firat qiluvchi yo'q”.

Muqaddas dinimizning asosiy manbai – Kalomullohda bunday deyiladi: «Va men: “Parvardigoringizdan mag'firat so'ranglar, albatta U o'ta Mag'firatli bo'lgan Zotdir. (Shunda) U Zot ustlaringizga osmondan yomg'ir quydiradi va sizlarga mol-dunyo, bola-chaqa bilan madad beradi hamda sizlarga bog'u bo'stonlar (ato) qiladi va sizlarga oqar daryolar (ato) qiladi”, dedim» (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).

Ibn Kasirning tafsirida bu oyat quyidagicha sharhlanadi: “Ya'ni agar sizlar Allohga haqiqiy tavba qilsangiz, istig'for aytsangiz va U Zotga itoat etsangiz, rizqingiz ko'payadi. Alloh osmonning barakasidan ustingizga yomg'ir yog'diradi. Yerning barakasidan o'simliklar va turli nabototlarni undirib chiqaradi. Sizlarga ko'p farzand va boyliklar ato qiladi. Shuningdek, Alloh sizlarga turli mevalari bor va o'rtasidan daryolar oqib turuvchi go'zal bog'lar ato qiladi”.

Nuh payg'ambarning qavmi mol-dunyoga ruju qo'ygan edi. Shu sababli u zot qavmini Allohga itoat etishga chaqirgan. Uzoq yillar qilingan da'vatlarni qabul etmay, o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni yolg'onga chiqarishgach, Alloh taolo Nuh alayhissalom qavmiga qurg'oqchilik yuborib, ayollarini tug'mas qilib qo'yadi. Shundan so'ng, agar imon keltirsalar, Alloh ularga yana farovonlik ato qilib, boshlaridagi og'ir kunlarni ketkazishi ma'lum qilinadi.

Hasan Basriy rahimahullohning oldiga bir kishi qurg'oqchilikdan shikoyat qilib kelganida, u zot unga: “Istig'for aytgin!” deb maslahat bergan. Boshqa odam kelib kambag'allik, yana boshqasi befarzand ekanini, boshqa birov erining unumdorligi past ekanidan shikoyat qilib kelganida, Hasan Basriy ularning barchalarini ko'p istig'for aytishga amr qildi.

Shunda Robiy' ibn Subayh: “Oldingizga turli toifadagi odamlar kelib, har xil masalada shikoyat qilishgan bo'lsalar-da, ularning hammasini istig'for aytishga buyurdingiz. Buning sababi nima?”, deb so'radi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh yuqoridagi oyatni o'qib bergan ekan..

“Tafsiyrun Nasafiy” kitobida: “Istig'for Allohdan mag'firat qilishini so'rashdir. Agar istig'for aytuvchi kofir bo'lsa, kufrdan istig'for aytadi. Agar istig'for aytuvchi osiy mo'min bo'lsa, gunohlaridan istig'for aytadi”, deyilgan.

Imom Qurtubiy: “Ushbu va Hud surasidagi oyatlar istig'for rizq ko'payishi va mo'l yomg'ir yog'ishiga sabab bo'ladi”, degan.

Shu o'rinda bir voqeani eslab o'tish maqsadga muvofiq. Zakotini o'z vaqtida beradigan, ko'p istig'for aytadigan bir tijoratchi tanishimning mollari saqlanadigan joyga elektr energiyasining nosozligi tufayli o't ketibdi. Barchaning mollari kuyib kul bo'libdi-yu, biroq haligi birodarimizning mollari omon qolgan ekan. Barcha qiziqib buning boisini so'raganida u kishi: “Men har tong ishga kelib va ishdan qaytayotib “Sayiidul istig'for” duosini o'qiyman. Rasulloh sollallohu alayhi va sallam o'rgatgan duoning kuchini ko'rib turibman”, degan ekan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimki istig'forni ko'paytirsa, Alloh u (banda) uchun har qanday g'am-tashvish va tanglikdan chiqish yo'li (paydo) qilib, uni o'zi o'ylamagan tomondan rizqlantiradi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Mo'min banda sababsiz biror muammo va qiyinchilikka duch kelmaydi. Buning asosan ikkita sababi bor. Birinchisi, Alloh qaysi bir bandani yaxshi ko'rsa, uni musibat bilan sinaydi. Bu sinovdan chiroyli sabr bilan chiqib ketgan bandaning gunohlari kechiriladi, imoni ziyoda bo'ladi, qalbi poklanadi.

Muxtasar aytganda, bizni yaratgan Zot, koinotning egasi Alloh taologa qancha ko'p istig'for aytsak, turmushimiz yanada farovon va nurafshon bo'ladi. Istig'for tufayli boshimizga balolar yog'maydi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'ladi.

Mansur O'ROLOV,

Sergeli tumani “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   82279   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari