Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

Dunyo ne'matlarining afzali

02.01.2022   2369   5 min.
Dunyo ne'matlarining afzali

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Dunyo ne'matdir. Uning eng yaxshi ne'mati soliha ayoldir”, deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyati).

Qur'oni karimda: “Ey qavmim, bu dunyo hayoti vaqtinchalik bir matoh xolos. Albatta, oxirat, o'shaning o'zi barqarorlik diyoridir” (G'ofir surasi, 39-oyat), deb marhamat qilgan.

Dunyodagi mol-dunyo, farzand, er, xotin, mansab kabi narsalarning bari vaqtinchalik ne'matlardir. Ulardan birortasi doimiy emas. Oxirat diyori esa: “O'shaning o'zi barqarorlik diyoridir” (G'ofir surasi, 39-oyat). Ya'ni, insonlar oxirat diyorida qaror topishadi. U diyor abadiydir. Ammo dunyo o'tkinchi. Alloh insonga taqdir qilgan miqdorda undan foydalana oladi. So'ngra o'tadi. O'z holida qolmaydi.

Dunyo ne'matlari juda tez o'zgarishi bois, inson ular bilan g'ururlanmasligi zarur. Kun kelib kishi foydalanib turgan ne'mat uning qo'lidan ketadi, xuddi undan bir muddat ham foydalanmaganday bo'lib qoladi. Shu tufayli dunyodan rihlat qilishga har on tayyor turish lozim.

Dunyoning haqiqatini unutmaslik lozim. Qo'lga kiritilgan narsalar qanchalik ko'p bo'lmasin, bir kun ketadi. Aslo davomli bo'lmaydi. Shu sababli Alloh taolo nima bersa, uning qadriga etib, taqvo qilish kerak. Ularni Alloh taolo rozi bo'ladigan erlarga ishlatish lozim. Oyati karimada: “Alloh shunday zotdirki, sizlarni zaif narsadan (bir tomchi suvdan) yaratdi, so'ngra (sizlarga) zaiflikdan keyin (quvvat paydo) qildi. So'ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi. U O'zi xohlagan narsani yaratur. U Bilimdon va Qudratlidir” (Rum surasi, 54-oyat).

Nabiy alayhissalom dunyoning inson foydalanadigan, lazzatlanadigan narsalarining eng yaxshisini aytib: “Uning eng yaxshi ne'mati soliha ayoldir”, deydilar. “Eng yaxshisi”, ya'ni eng afzal ne'mati – soliha ayoldir.

Soliha qanday ayol? Uni Payg'ambarimiz alayhissalom bunday ta'riflaganlar: “Ayol to'rt narsa uchun nikohlanadi: moli, nasabi, jamoli va dini uchun. Sen dindorini tanlagin, qo'ling tuproqqa qorilgur” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Dindorlik – ayol kishi sifatlangan eng yaxshi sifatdir. Shuning uchun eng yaxshi ne'mat soliha ayoldir.

Sahobalar Nabiy alayhissalomdan: «Yo Rasululloh, ayollarning qandog'i eng yaxshisidir, deb so'rashganda, u zot alayhissalom bunday javob berganlar: “Qachon nazar solsa, surur bag'ishlaydigani, qachon buyruq bersa, itoat qiladigani va eriga o'z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani» (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati).

Dunyo ne'matning eng afzali – soliha ayol. Shuningdek, dunyoning eng yaxshi ne'mati, ayolga nisbatan, solih erdir. Soliha ayol qanchalik erining haqini ado etsa, solih er ham ayolining haqiga rioya etadi. Shu bois Payg'ambarimiz alayhissalom: “Qachon sizga o'zingiz dinidan va xulqidan rozi bo'lgan kishi kelsa, unga (so'raganini) nikohlab bering. Yo'qsa, Yer yuzida fitna va katta fasod bo'ladi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

“Riyozus solihin” asari asosida

Toshkent viloyati bosh imom-xatibining

xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi

Nigora IMOMOVA tayyorladi.

 

manba: Fitrat.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   6143   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA