Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Dunyo ne'matdir. Uning eng yaxshi ne'mati soliha ayoldir”, deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Qur'oni karimda: “Ey qavmim, bu dunyo hayoti vaqtinchalik bir matoh xolos. Albatta, oxirat, o'shaning o'zi barqarorlik diyoridir” (G'ofir surasi, 39-oyat), deb marhamat qilgan.
Dunyodagi mol-dunyo, farzand, er, xotin, mansab kabi narsalarning bari vaqtinchalik ne'matlardir. Ulardan birortasi doimiy emas. Oxirat diyori esa: “O'shaning o'zi barqarorlik diyoridir” (G'ofir surasi, 39-oyat). Ya'ni, insonlar oxirat diyorida qaror topishadi. U diyor abadiydir. Ammo dunyo o'tkinchi. Alloh insonga taqdir qilgan miqdorda undan foydalana oladi. So'ngra o'tadi. O'z holida qolmaydi.
Dunyo ne'matlari juda tez o'zgarishi bois, inson ular bilan g'ururlanmasligi zarur. Kun kelib kishi foydalanib turgan ne'mat uning qo'lidan ketadi, xuddi undan bir muddat ham foydalanmaganday bo'lib qoladi. Shu tufayli dunyodan rihlat qilishga har on tayyor turish lozim.
Dunyoning haqiqatini unutmaslik lozim. Qo'lga kiritilgan narsalar qanchalik ko'p bo'lmasin, bir kun ketadi. Aslo davomli bo'lmaydi. Shu sababli Alloh taolo nima bersa, uning qadriga etib, taqvo qilish kerak. Ularni Alloh taolo rozi bo'ladigan erlarga ishlatish lozim. Oyati karimada: “Alloh shunday zotdirki, sizlarni zaif narsadan (bir tomchi suvdan) yaratdi, so'ngra (sizlarga) zaiflikdan keyin (quvvat paydo) qildi. So'ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi. U O'zi xohlagan narsani yaratur. U Bilimdon va Qudratlidir” (Rum surasi, 54-oyat).
Nabiy alayhissalom dunyoning inson foydalanadigan, lazzatlanadigan narsalarining eng yaxshisini aytib: “Uning eng yaxshi ne'mati soliha ayoldir”, deydilar. “Eng yaxshisi”, ya'ni eng afzal ne'mati – soliha ayoldir.
Soliha qanday ayol? Uni Payg'ambarimiz alayhissalom bunday ta'riflaganlar: “Ayol to'rt narsa uchun nikohlanadi: moli, nasabi, jamoli va dini uchun. Sen dindorini tanlagin, qo'ling tuproqqa qorilgur” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Dindorlik – ayol kishi sifatlangan eng yaxshi sifatdir. Shuning uchun eng yaxshi ne'mat soliha ayoldir.
Sahobalar Nabiy alayhissalomdan: «Yo Rasululloh, ayollarning qandog'i eng yaxshisidir, deb so'rashganda, u zot alayhissalom bunday javob berganlar: “Qachon nazar solsa, surur bag'ishlaydigani, qachon buyruq bersa, itoat qiladigani va eriga o'z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani» (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati).
Dunyo ne'matning eng afzali – soliha ayol. Shuningdek, dunyoning eng yaxshi ne'mati, ayolga nisbatan, solih erdir. Soliha ayol qanchalik erining haqini ado etsa, solih er ham ayolining haqiga rioya etadi. Shu bois Payg'ambarimiz alayhissalom: “Qachon sizga o'zingiz dinidan va xulqidan rozi bo'lgan kishi kelsa, unga (so'raganini) nikohlab bering. Yo'qsa, Yer yuzida fitna va katta fasod bo'ladi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
“Riyozus solihin” asari asosida
Toshkent viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi
Nigora IMOMOVA tayyorladi.
manba: Fitrat.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.
Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.
Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.
Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.
– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezident.
Qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
https://president.uz/ru/lists/view/9028