Bugungi sertashvish dunyoda qalblarimiz boylik, mol-dunyo to'plash, baland-baland imoratlar qurish, qimmat mashinalar minish bilan mashg'ul bo'lib qoldi. Kimdan so'rasangiz, orzulariga eta olmayotganidan, ko'ngli xotirjam emasligidan, huzur-halovat yo'qligidan noliydi.
Aslida, rizq-ro'z ham, mol-dunyo va farovon hayot ham imon quvvatida, ibodat va toatlar, tasbeh va zikrlar bardavomligidadir. Bejiz Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)», demagan (Ra'd surasi, 28-oyat).
Qalbimiz zikr va tasbehlar bilan orom oladi. Chunki Buyuk Rabbimiz ko'plab oyati karimalarda – Hadid, Hashr, Saf suralari 1-oyatlar – «Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur», deb marhamat qilgan bo'lsa, Jum'a va Tog'obun suralarining 1-oyatlarida «Osmonlardagi va Yerdagi (hamma) narsa Allohga tasbeh aytur», deyilgan.
Shuningdek, Isro surasi 44, Nur surasi 36, 41, Hashr surasi 24-oyatlarda ham etti osmon, Yer va ulardagi barcha mavjudot va maxluqot Parvardigorimizga tasbeh aytishi bayon etilgan.
Tasbeh va zikr qilishda ham ulug'larimizning tutgan yo'llari biz uchun ibratdir. Buyuk sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu bir kunda 12 ming marta tasbeh aytgan. U zotning oq ipi bo'lib, bu ipda mingta tugun bo'lgan. Shu ipni 12 marta aylantirib tasbeh sanamagunicha ko'ziga uyqu kelmagan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eng ko'p hadis rivoyat qilgan sahoba. Shu ulug' sahoba arqonni tugun qilib olib, tasbeh sanagani uchun bid'atchi bo'ladimi? Alloh asrasin! U zotlar Nabiy alayhissalomning tarbiyalarini olgan, nabaviy axloq bilan xulqlangan edilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu bid'atchi bo'lmagan, shuningdek, ko'p zikr qilishlari va tasbeh aytshlari rivoyat qilingan ulug' zotlar ham aslo bid'atchi, zalolatga boshlovchi emas. Aksincha ular sunnat va hidoyat imomlaridir (Imom Ibn Abu Shayba, “Musnad”).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men har kuni nafsim qarzini uzish uchun (Alloh yaratganiga shukr keltirish uchun) 12 ming marta tasbeh aytaman” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).
Demak, har dardning davosi bor. Qalb xotirjamligining davosi zikr qilish, tasbeh aytishdir.
Aziz o'quvchi! Bir sinab ko'ring-a: har kuni o'zingiz bilan tasbeh va zikrlarni kanda qilmay aytib yuring. Tez orada qalbingiz xotirjam bo'ladi, huzur-halovat topasiz. Alloh taolo umringizga, rizqingizga baraka kiritib qo'yadi.
Tolibjon NIZOM
Yurtimiz masjidlarida 2026 yil 20 mart – juma kuni Ramazon hayiti namozining o‘qilish vaqtlari quyidagicha belgilandi:
1. Andijon viloyati 06:40
2. Farg‘ona viloyati 06:40
3. Namangan viloyati 06:40
4. Toshkent shahar 06:50
5. Toshkent viloyati 06:50
6. Sirdaryo viloyati 06:55
7. Jizzax viloyati 07:00
8. Samarqand viloyati 07:00
9. Navoiy viloyati 07:05
10. Buxoro viloyati 07:05
11. Qashqadaryo viloyati 07:05
12. Surxondaryo viloyati 07:05
13. Xorazm viloyati 07:25
14. Qoraqalpog‘iston Res. 07:30
#namoz #vaqt #ramazon_hayiti
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati