Musulmon olamining taniqli muhaddislaridan biri Imom al-Buxoriy 810 yil 21iyulda Buxoroda tavallud topgan, 870 yilda Samarqanddan 25 km uzoqda joylashgan Hartang qishlog'ida (Samarqand viloyatining hozirgi Chelak tumani) vafot etgan va o'sha erda dafn etilgan. Biroq bu joy asrlar davomida qarovsiz holatda qolgan edi.
O'zbekiston mustaqillikka erishganidan so'ng majmua qayta tiklandi. 1997 yilning 29 aprelida O'zbekiston Respublikasi hukumatining «Imom al-Buxoriy tug'ilgan kuninining hijriy oy taqvimi bo'yicha 1225 yilligini nishonlash» to'g'risidagi qarori qabul qilindi. Shu yilning noyabr' oyida YuNYeSKOning bosh konferentsiyasi 1998 yilda muhim sana – olim Ismoil al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligining nishonlanishida qatnashish to'g'risida qaror qabul qiladi, xabar bermoqda uzbekistan.travel. Shu munosabat bilan, Imom al-Buxoriyning maqbarasida O'rta Osiyonong me'moriy an'analariga ko'ra bajarilgan yodgorlik majmuasi barpo etilgan edi. Yodgorlik uchun ajratilgan erning umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadi. Majmua Samarqand-Imom al Buxoriy avtotrassasiga tutashib ketadi (25 km).
Majmuaning qurilishi va undagi obodonlashtirish ishlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov boshchiligida amalga oshirilgan. Majmua qurilishida Samarqand, Buxoro, Hiva, Toshkent, Andijon, Qo'qon va Shahrisabzning xalq hunarmandlari va ishbilarmonlari qatnashdi. Maqbara, masjid, ma'muriy bino va boshqalar milliy me'morchilik an'analarida barpo etilgan.
Majmua ma'muriy binosi, janub tomonga qaragan. Majmuaga kirish, uchta yirik o'yma arkasimon darvozalari orqali amalga oshiriladi. Darvozaxona orqali asosiy kirishda, milliy uslubdagi katta ayvon qurilgan. Kirish darvozasining old qismida, majmuaning qurilish tarixi matni arab va o'zbek tillarida yozilgan. Darvozaxonaga kirishda, o'ng tomonda ma'muriy va boshqa xonalar joylashgan. Majmuaning asosiy qismida, Imom al-Buxoriyning maqbarasi joylashgan. Kub shaklidagi bu inshootga o'n etti metrlik gumbaz o'rnatilgan. Devorlar, och-yashil, havorang, oq qoplamali plitalar, marmar, onikslar bilan bezalgan. O'ng tomonda och-havorang oniksga ishlov berib yasalgan qabr toshi (sag'ana) ostida al-Buxoriyning marmar bilan qoplangan qabri joylashgan. Ichki hovlining chap tomonida, maydoni 786 kv.m. bo'lgan masjid joylashgan. Ayvonlarning umumiy maydoni 214 kv. m. Masjidda bir vaqtning o'zida 1500 kishi namoz o'qishi mumkin.
Mehrob tokchasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Saudiya Arabistoni qiroli Fahd ibn Abdulaziz tomonidan sovg'a qilingan kisva-Ka'baning qoplamasi osilgan. Hovlining chap qanotida, yordamchi xonalari bilan zal (miyonsaroy) joylashgan. Miyonsaroy gumbazi, boshqa gumbazlar kabi bir xil o'lcham va hajmga ega. Bu binoda, kutubxona, ilmiy xodimlarning kabinetlari va boshqa xonalar joylashgan. Uning umumiy maydoni 946 kv.m. ni tashkil etadi. Kutubxonada Qur'onning noyob namunalari, ilk nashrlar hamda Imom al-Buxoriyning asarlarining namunalari saqlanadi.
Imom al-Buxoriy majmuasi yaqinida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2008 yil 23 maydagi qaroriga asosan barpo etilgan Imom al-Buxoriy Halqaro markazi joylashgan. Imom al-Buxoriy majmuasi, yurtimizdagi oxirgi vaqtlarda barpo etilgan shu turdagi inshootlarning eng katta va noyoblaridan biri hisoblanadi. Prezident Islom Karimovning so'zlariga ko'ra, bu majmua faqatgina muqaddas ziyorat joyi bo'lib qolmasdan, balki O'zbekistondagi yurtimiz dovrug'ini dunyoga yoyuvchi va o'sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida muhim rol' o'ynovchi, har bir kishini hayot va mangulik to'g'risida o'ylashga majbur qiluvchi joylardan biridir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati