Qish mavsumida ko'pchilikni: “Immunitetni qanday ko'tarish mumkin”, degan savol ko'p o'ylantiradi. Aksariyat kishilar shamollash, angina, tamoq yallig'lanishi kabi keng tarqalgan kasallardan himoyalanish, immunitetni kuchli qiluvchi ishonchli “mo'jizali” dorini sotib olish uchun dorixonalarda turna qator navbatda turish va katta harajat qilishga ham tayyormiz.
Famatsevtika sohasi bugun qanday muvoffaqiyatga erishgan bo'lmasin, immunitetni mustahkamlaydigan “mo'jizali” davo vositasini haligacha kashf qilolgani yo'q. Bundan umidsizlanishga aslo shoshmang! Sog'likni mustahkamlash uchun dorixonaga borish shart emas. Bu borada dinimizga amal qilish samaraliroq. Quyida jismimizni kuchli va immunitetni “qattiq yong'oq”dek mustahkam qilishning eng yaxshi usullarini ko'rib chiqamiz.
Tahorat
Har bir musulmon uchun kundalik odat bo'lgan tahorat nafaqat namozning, balki sog'liqning ham kalitidir. Olimlar tahoratning inson yurak qon-tomir tizimiga juda foydali ekanini aniqlashgan. Ayniqsa, sovuqroq suvda qilingan tahorat tanani qattiqlashtiradi. Og'iz va burunni muntazam yuvish viruslarni rivojlanishiga to'sqinlik qiladi. Umuman barchasi oddiy: tahorat qiling – sog'lom bo'ling!
Zanjabil
Bu jannat ildizida bakteriya va yallig'lanishga qarshi, mikroblardan himoyalovchi xususiyat mavjud. Zanjabil qish mavsumida, ayniqsa, uyimizda bo'lishi kerak. Ushbu achchiq ildiz juda foydali bo'lib, unda S, V vitaminlari hamda inson tanasidagi shikastlangan hujayralarni davolovchi va yangilovchi retinol moddasi bor.
Asal
Qur'onda kelgan yana bir dori – asaldir. Bu mahsulot immun tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. E'tibor bering: inson qoni va asalning kimyoviy tarkibi juda o'xshash: Qonimizda 24, tabiiy asalda 22 mikroelement mavjud.
Shamollash bilan bog'liq kasalliklar oldini olishda tabiiy asal va yong'oq aralashmasi eng yaxshi vositadir. Bunda yong'oqning har qanday turidan foydalanish mumkin. Asosiysi, tayyorlanayotgan davo vositasiga etarlicha qo'shishdir.
Qora zira
Qora zira kuchli tabiiy immunitet manbai bo'lib, tanaga yumshoq ta'sir qiluvchi davo vositasidir. O'simlikning faol moddasi bo'lgan timoxinon tanani himoya qilish va kasallikka chidamlilikda asosiy o'rin egallaydi.
Tananing himoya xususiyatlarini oshirish uchun uning yog'ini ertalab och qoringa nonushtadan bir soat oldin va kechqurun yotishdan oldin qabul qilish tavsiya etiladi. Katta yoshlilar uchun bir choy qoshiq me'yor hisoblanadi.
Shambala (Hel'ba)
“Agar odamlar shambalaning qanchalik foydaliligini bilganida uni oltin narxida bo'lsa ham sotib olardi”. Olimlar izlanishi tufayli bu ajoyib o'simlik foydalari haqida bilamiz. Ammo biz negadir dorixonaga foydasi yuz yillar oldin isbotlangan oltin urug'lar uchun emas, balki farmatsevtika sanoatining samaradorligi reklama shiorlarida mavjud bo'lgan navbatdagi ixtirosining izidan quvishda davom etyapmiz.
Shunday qilib, shambalaning urug'i yuqumli kasallik asoratlari, kuyish, shamollashdan xolos bo'lishga yordam beradi. O'zining yumshatuvchi xususiyati tufayli bu o'simlik shamollashni davolashda yallig'lanishga qarshi vosita sifatida ishlatiladi. U qalinlashgan shilimshiqning yumshatishilishi va erishiga, limfa tizimi orqali taksinlarni yo'q qilishga yordam beradi. Buning uchun bir osh qoshiq shabalaning urug'iga yarim litr qaynoq suvga solib aralashtiriladi. Ushbu suyuqlik ta'sirini oshirish uchun limon sharbati qo'shiladi.
Yuqorida eslatgan immunitetni mustahkamlovchi juda foydali usullar ishlashi uchun faol hayot tarziga o'tish, ovqatlanishda me'yorga amal qilish va ibodatlarni ko'paytirishimiz lozim.
Manbalar asosida
Bahriddin Hushboqov
tayyorladi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi