Bugun diniy idoramizga Namanganlik bir nuroniy otaxondan minnatdorlik maktubi keldi. Maktubni o'qib chiqib, uni sizlarga ilingimiz keldi. Quyida maktubni o'qish oson bo'lishini o'ylab oqqa ko'chirgan holda, to'laligicha sizlarga havola qilamiz. Maktub bunday boshlanadi:
“Joriy yil 16 dekabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlarining Namangan shahrida qurilgan “Yusufxon o'g'li Qosimxon” jome masjidiga peshin namoziga tashrif buyurib, namozxonlarga mav'iza qilib berishini eshitib, juda xursand bo'ldim. Lekin masjidga borib mav'iza tinglashga keksalik aslo yo'l bermas edi.
Honadonimda mahzun holda o'tirgan edim, buni sezgan nabiram, bobojon hafa bo'lmang, muftiy hazratning mav'izalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali to'g'ridan-to'g'ri olib berilar ekan, birgalikda tinglaymiz, deganda qanchalik sevinganimni tasavvur ham qila olmaysiz.
Va nihoyat peshin vaqti bo'ldi. Viloyatimiz bosh imom-xatibi hurmatli Abdulhay domla Muftiy hazratni juda berilib tanishtirib, so'zni u kishiga berdilar. Muftiy hazratning “Alloh rozi bo'ladigan uch amal” mavzusidagi mav'izalarini nabiramning telefoni orqali to'g'ridan-to'g'ri tinglash baxtiga muyassar bo'ldim.
Shanba kuni barcha farzand va nabiralarim bilan dasturxon atrofida o'tirar ekanman, beixtiyor Muftiy hazratning so'zlaridan keltirib, ularga nasihatlar qildim, xursandchilik ustiga yana bir xursandchilik, bir nabiram eshikdan shoshilib kirib keldida bobojon Muftiy hazratning Namangandagi mav'izalarini bugun televideniye orqali namoyish qilinar ekan, dedi.
Shunda qalbim sururlarga to'ldi. Inson keksayganda shunday bo'lib qolar ekan. Endi bir o'zim emas, balki barchamiz Muftiy hazratlarining masjid minbaridan turib baralla aytgan so'zlari, nasihatlarini tinglar ekanmiz, deb Yaratganga shukronalar keltirdim.
Oila a'zolarim bilan birga miriqib Hazratning mav'izalarini televideniye orqali tomosha qilib, tinglashga muyassar bo'ldik. Albatta, bunga amal qilishga ham erishamiz, insha Alloh. Muftiy hazratdan Alloh rozi bo'lsin!
Janobingizga uzoq umr tilab, keksa nuroniy muxlisingiz Hasanxon hoji MUMINOV”
Namangan viloyati vakilligi matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati