“Mazhab” so'zi arab tilida “yo'l”, “yo'nalish”, shar'iy istilohda esa “diniy masala bo'yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'li” ma'nolarini bildiradi.
Hanafiy mazhabi ahli sunna val jamoa yo'nalishining to'rt fiqhiy mazhablari orasida asrlar osha ergashuvchilarining ko'pligi, mustahkam asoslari va qulayligi bilan ajralib turadi.
Ma'lumki, sahobalar va tobeinlar davridayoq fiqhiy maktablar shakllana borgan. Bu maktablar muayyan bir shaxs nomi bilan emas, balki shahar va mintaqa aholisi nomi bilan atalgan. Masalan, madinaliklar mazhabi, makkaliklar mazhabi va hokazo. O'z navbatida, mazkur shahar yoki mintaqa aholisi o'sha erdagi ulamolarning fatvolariga amal qilganlar.
Tabiiyki, bir shahar aholisi mazhabi bilan boshqa shahar aholisi mazhabi o'rtasida juz'iy farqlar mavjud edi. Buning sababi, fatvo beruvchi sahobiylarning hammasi ham Rasululloh alayhissalom aytgan hadislardan birdek xabardor emas edilar. Qolaversa, ularning ilmiy salohiyatlari ham, ijtihodiy yo'nalishlari ham bir xil bo'lmagan. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham “Ummatimning ixtilofi rahmatdir” degan muborak hadisni aytganlar va bundan aynan mana shu xildagi tafovutni nazarda tutganlar.
Hanafiylik mazhabi faqat Imom Abu Hanifaning ijtihodlari asosidagina shakllanmagan. Abu Hanifa rahmatullohi alayh Iroq fiqhiy maktabining yorqin vakili hisoblanadi. Iroq fiqhiy maktabi asoslari Kufada yashagan Hazrati Ali roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu boshliq bir ming besh yuzdan ortiq sahobaga tayanadi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh mujtahid (oyat va hadislardan hukm chiqarishga salohiyati bor, etuk olim) darajasidagi ko'plab shogirdlari hamrohligida o'z davrlarida paydo bo'lgan deyarli barcha fiqhiy masalalarni tizimli ravishda echimini topib, hattoki hali sodir bo'lmagan faraziy masalalarga ham echim topganlar. Shu tariqa kelajak avlodga juda katta fiqhiy meros xazinasini qoldirdilar.
Imom A'zam Abu Hanifaning o'zlariga xos ijtihod yo'llari mavjud bo'lib, u kishi buni quyidagicha ta'riflaydilar: “Men hukmlarni Qur'ondan olaman. Agar Qur'ondan topa olmasam, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislaridan olaman. Agar Qur'ondan ham, Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasam, sahobalardan xohlaganimning fatvosini olaman, xohlamaganimni olmayman. Keyin ularning so'zlaridan chiqmayman. Ammo tobeinlarga kelsak, masalan, Ibrohim an-Naxa'iy, Sha'biy, Hasan, Ibn Sirin, Said ibn Musayyablardek, mening ham ularga o'xshab ijtihod qilishga haqqim bor”.
Demak, Imom A'zam rahmatullohi alayhning hukm chiqarishda tutgan yo'llari quyidagi hadisga muvofiq bo'lgan:
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yamanliklarga islomni o'rgatish uchun yuborganlar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu jo'nab ketayotgan paytlarida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam u kishini to'xtatib, shunday deganlar:
“ كَيْفَ تَقْضِي إِذَا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ” قَالَ: “أَقْضِي بِكِتَابِ اللَّهِ” قَالَ: ”فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي كِتَابِ اللَّهِ” قَالَ: “فَبِسُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم” قَالَ: ”فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي سُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلاَ فِي كِتَابِ اللَّهِ” قَالَ: “أَجْتَهِدُ رَأْيِي وَلاَ آلُو” فَضَرَبَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم صَدْرَهُ وَقَالَ: ”الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ اللَّهِ لِمَا يُرْضِي رَسُولَ اللَّهِ”
(رَوَاهُ الإِمَامُ أبو داود والإِمَامُ الترمذي)
ya'ni: “U erda sizga biror masala duch kelsa, qanday qilib hukm chiqarasiz?” deb so'radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Allohning kitobi ila”, deb javob berdilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam: “Allohning kitobidan topa olmasangiz-chi?” deb so'radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Rasulullohning hadislari bilan”, deb javob berdilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasangiz-chi?” deb so'radilar. Shunda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Qarab turmasdan fikrim ila ijtihod qilaman”, dedilar. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam bu javoblardan g'oyat mamnun bo'ldilar va: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Hanafiy mazhabida ham shar'iy hukmlarni chiqarishda, quyidagi to'rtta manbaga asoslaniladi:
Birinchisi: Qur'oni karim. Mazhabboshimiz biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo'lsalar, avvalo, Qur'onga murojaat qilganlar. Agar Qur'onda echim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilganlar.
Ikkinchisi: Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislari. Agar faqih o'sha masalaga javobni Qur'ondan topa olmasa, hadisga murojaat qilgan. Agar hadisda echim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilgan.
Uchinchisi: ijmo'. Ijmo' bu – bir davrdagi ijtihod ahli bo'lgan ulamolar bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur'oni karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qur'onning o'zida ham, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarida ham ta'kidlanmagan. Ammo Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so'ng urushlarda Qur'onni yod biladigan qorilar ko'plab shahid bo'layotganidan tashvishlangan Umar roziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Qur'onni jamlashga buyruq berdilar. Bunga hamma rozi bo'ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Demak, bu ish ijmo' (kelishuv) orqali amalga oshdi.
To'rtinchisi: Qiyos. Qiyos bu – yuqoridagi manbalarda hukmi kelmagan narsani, umumiy o'xshashlik bo'lgani uchun manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish. Misol uchun, Qur'onda o'sha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yo'li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab, ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham “harom” deganlar.
Qolaversa, mazhabboshilar tutgan yo'lni Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mashhur hadislarida maqtaganlar.
“إذا حَكَمَ الحاكِمُ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أصابَ فَلَهُ أجْرانِ، وإذا حَكَمَ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أخْطَأَ فَلَهُ أجْرٌ”
(رَوَاهُ الإِمَامُ البخاري عن عمرٍو بن العاصِ رضي الله عنه)
ya'ni: “Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, to'g'ri topsa, unga ikki ajr beriladi. Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, xato qilsa, unga bitta ajr beriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuni unutmaslik kerakki, ijtihod qiluvchi kishi bir qancha ilmlarni puxta bilishi talab qilinadi. Jumladan, oyatlarni nosix va mansuxi, mutlaq va muqayyadi, sababi nuzuliga doir barcha ilmlardan xabardor bo'lishi kerak. Shuningdek, hadislarni qaysi biri sahih, hasan, zaifligini va hadisni rivoyat qiluvchi zotlarning tarixini hamda nosix va mansux hadislarni bilishi shart hisoblanadi. Shu bilan birga, ijtihod qilguvchi shaxs arab tili qoidalarini, balog'at, ma'oniy, bayon ilmlari va usulul fiqh kabi ilmlarni bilishi lozim. Chunki mazkur ilmlarni puxta egallamagan kishi oyat va hadislardagi maqsadlarni mukammal tushunib etmaydi. Natijada xato hukm chiqaradi. Doktor Muhammad Hasan bunday deganlar: “Kim arab tilini bilmasa, u tuya ignaning teshigidan o'tganida ham, (ya'ni, hech qachon) mujtahid bo'la olmaydi”.
Mulla Ali Qorining “Muxtasari Viqoya” kitobiga yozgan sharhini o'qigan kishi hanafiy mazhabida aytilgan har bir masalaning dalili borligiga ishonch hosil qiladi. Hozirgi kunimizda pokistonlik ulamolardan alloma Zafar Ahmad Usmoniy o'zlarining ustozlari ulug' olim shayx Ashraf Ali Tahonaviyning ko'rsatmalariga binoan “E'lous Sunan” nomli yigirma bir jildli kitobni yigirma yil davomida yozib tugatdilar. Bu kitob ulkan mehnat samarasi o'laroq, hanafiy mazhabidagi fiqhiy masalalar hadislar asosida echilganini isbot qilibgina qolmay, hadisdan foydalanishda boshqa mazhablardan ustun ekanini ham isbot qildi.
Hanafiylik mazhabi qoidalari mo''tadilligi, yumshoqligi, qulayligi, ibodat masalalarida boshqa mazhablardan farqli o'laroq, ko'proq imtiyozlarga yo'l ochib bergani va xalqlarning mahalliy an'analarini e'tiborga olganligi sababli keng yoyilgan. Kichik Osiyo, Bolqon, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz, Volgabo'yi, O'rta Osiyo, Afg'oniston, Hindiston va Hitoygacha kengliklarda tarqalgan. Dunyo musulmonlarining qariyb yarmi hanafiylik mazhabi ko'rsatmalari asosida amal va ibodat qiladilar.
Afsuski, mana shunday butun ummat e'tirof qilib turgan mazhabdan ba'zi yurtdoshlarimiz yuz o'girib, o'zlaricha bir nechta hadisni tarjimasini bilib olib: “Men o'zim Qur'on va hadisdan hukm olaman, men mazhabga ergashmayman, men hadisga amal qilaman”, deb katta xatoga yo'l qo'ymoqdalar. Vaholanki, hadis ilmining sultonlari bo'lgan va minglab hadislarni o'rganib, ularni jamlab, hadis kitoblarini yozgan buyuk muhaddislar ham mazhabda yurganlar. Hatolarining asosiy sababi, ular mazhabga amal qilganlar. Mazhabni tan olmaydiganlarning xatolariga asosiy sabab, mazhab asoschilari qanday martabadagi zotlar ekanini bilmasliklaridir.
Mazhabboshimiz Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh muhaddislik bobida eng oliy darajalardan bo'lmish hofizlik maqomiga etgan zot edilar. Hofiz yuz ming hadisni matn va isnodi bilan yoddan bilgan shaxsdir (“Al-yavoqit vad durar” kitobidan). Imom Zahabiy ham Imom A'zam Abu Hanifani hofizlar tabaqasida zikr qilganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh “Musnad” kitobini yozganlar. Boshqa faqihlardan ko'ra Abu Hanifadan oz hadis rivoyat qilinganligi haqida As-Solihiy quyidagilarni yozadi: “Hifzlari kuchli bo'lsa-da, u kishidan oz rivoyat qilinishi, fiqh bilan ko'p mashg'ul bo'lganlari sabablidir. Zero, Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo kabi katta sahobalardan ham kichik sahobalarga qaraganda oz hadislar rivoyat qilingan”.
Shunday ekan, birorta hadisni sanadi bilan (hadisni bizgacha etib kelishida xizmat qilgan olimlarning kim ekanliklarini) to'liq yod bilmay turib, minglab hadislarni sanadi bilan yod bilgan, ularni har tomonlama sinchiklab o'rganib chiqqan muhaddis va mujtahid faqihlardan o'zimizni yuqori qo'ymasligimiz lozim. Ayniqsa, bir necha hadis ma'nosini chala-chulpa tushunib olib, ajdod ulamolarga nisbatan asossiz ma'lumotlarni tarqatish dinimizga mutlaqo zid amal sanaladi. Buning o'rniga hadislar va fiqhiy kitoblarni chuqurroq o'rganish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Hulosa qiladigan bo'lsak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari ming yillardan beri amal qilib kelgan Imomi A'zam rahmatullohi alayhning mazhablariga ixlos ila ergashishlari o'ta muhim va zarur hisoblanadi.
Moturidiya aqidasi asoslari. Aqidaning lug'aviy ma'nosi – bir narsani haq deb bilib, qalbda mahkam tutmoqlikdir. Aqidaning aqoid ilmi istilohidagi ma'nosi esa, musulmonlar haq va to'g'ri deb ishonib, e'tiqod qiladigan masalalardir.
Rasullar ummatlarini, avvalo, sof aqidaga, ya'ni Alloh taoloning borligi, birligini tasdiq etish, unga noloyiq bo'lgan barcha sifatlardan pok ekaniga ishonish, oxirat kuni, hisob-kitob, jannat-do'zax haqligiga imon keltirishga da'vat etganlar.
Barcha payg'ambarlarning aqidasi bir bo'lib, shariatlari har xil bo'lgan. Aqidani qalbga mustahkam o'rnatib olish va qalb undan hech qachon gumon qilmasligi hamda unga haqiqiy ishonishi kerak. Aqidasiz kishining hayoti hayot emas. Aqidasiz umr juda og'ir va ma'nosizdir. Aqida bilan o'tgan umr esa juda yaxshi, lazzatli va ma'noli bo'ladi.
Darhaqiqat, aqida bu – Islomning asosiy poydevori bo'lib, uning sahih va sog'lom bo'lishi o'ta muhimdir. Zero, aqida birligi jamiyatdagi birlikka sabab bo'ladi, odamlarning maslaklari va g'oyalari bitta bo'lgani uchun ham o'zaro ixtilofga borishmaydi.
Muqaddas Islom dinimizdagi yagona va eng to'g'ri aqida bu – ahli sunna val jamoa aqidasidir. Zero, kishining aqidasi to'g'ri bo'lsa, uning yuradigan yo'li to'g'ri bo'ladi. Aqidasi to'g'ri bo'lgan odam yaxshiliklarning eshigini ochguvchi, yomonliklarning eshigini yopguvchi kalit singaridir. Saodat asrining buyuk vakillari bo'lmish sahobalar ham o'z aqidalarida mustahkam bo'lib, ularni dunyoning hech bir narsasi chalg'ita olmagan. Jumladan, Hazrati Ali karramallohu vajhahuning Alloh taologa bo'lgan ishonchi shunchalik kuchli ediki, hech bir narsa uning imoniga xalal bera olmas edi. U zot o'z imoni xususida bunday degan: “Agar parda ko'tarilib, Allohning jamolini ko'rsam ham, imonim zarracha ko'paymaydi”.
Ammo kishining aqidasi buzuq bo'lsa, u qilgan amallarning ko'pligi unga foyda bermaydi. Sog'lom aqida bilan bajarilgan ozgina amalning savobi buzuq aqida bilan bajarilgan ko'plab amallarning savobidan ustun bo'ladi. Zero, ulug' allomalarimizdan biri So'fi Ollohyor: “Aqida bilmagan shaytona eldur, Agar ming yil amal deb qilsa eldur”, deb juda ham to'g'ri aytgan.
Aqidasi buzuq kishilar o'zlarini haq yo'lda deb biladilar. Bunday kimsalarning turmushlari yomonlik, har bir so'zlari jamiyat orasida fitna urug'i bo'lib sochiladi, qayerga bormasinlar, o'zlaridan albatta, biron-bir ixtilof qoldirib ketadilar.
Bugungi global zamonda diniy adabiyotlar, internet tarmoqlari orqali turli xil yot g'oya va aqidalar ahli sunna val jamoa aqidasi nomi ostida targ'ib qilib kelinmoqda.
Ana shunday yot g'oya va aqidalarga aldanib qolishning oldini olish maqsadida, avvalo, ahli sunna val jamoa aqidasi bilan yaqindan tanishib chiqamiz.
Ulamolar tomonidan najot topuvchi yo'nalish bu ahli sunna val jamoa ekaniga ittifoq qilingan. “Ahli sunna” degani Muhammad alayhissalom sunnatlariga ergashuvchilar va “val jamoa” so'zi esa musulmonlarning ko'pchiligi ortidan yuruvchilarni anglatadi. Demak, “Ahli sunna val jamoa” – sunnatga va jamoaga ergashuvchilardir. Haqiqatan, bugungi kunda musulmonlarning aksari, ya'ni ٩٢,٥ foizi ahli sunna val jamoaga mansubdir. Ma'lumki, Islomda e'tirof etilgan to'rtta fiqhiy mazhablar bor. Bular: hanafiylik, shofeiylik, molikiylik va hanbaliylik mazhablari. Dinimizda e'tirof etilgan aqidaviy yo'nalishlar esa ikkitani tashkil etadi. Bular ash'ariylik va moturidiylik. Yuqoridagi to'rt fiqhiy mazhablardan avvalgi uchtasi ash'ariylik mazhabida bo'lsalar, hanafiylik mazhabidagi musulmonlar moturidiylik mazhabiga asoslanadilar.
Mana shu ikki yo'nalishdan boshqa har qanday aqidaviy yo'nalish, nomi har qancha jarangdor bo'lishidan qat'i nazar, noto'g'ridir!
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh sunniy e'tiqodidagi ikki yirik ta'limotlardan biri bo'lmish moturidiya ta'limotining asoschilaridan hisoblanadi. Uning to'liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir.
Abu Mansur al-Moturidiy rahmatullohi alayhning tug'ilgan yillari haqida aniq ma'lumotlar yo'q. U zot 994 yilda Samarqandda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Ma'lumki, biz Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhning yo'nalishlarida bo'lib, unga ko'ra imon bu – til bilan iqror bo'lish va qalb ila tasdiqlashdir. Quyidagilarga imon keltirish vojib: 1. Alloh taologa. 2. Uning farishtalariga. 3. Kitoblariga. 4. Nabiylariga. 5. Oxirat kuniga. 6. Qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekaniga. 7. O'lgandan keyin qayta tirilishga.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning ta'kidlashicha amal imonning sharti hisoblanmaydi. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimning juda ko'p o'rinda imonni alohida, amallarni alohida ajratib, shunday marhamat qiladi:
إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَآتَوُا الزَّكَاةَ لَهُمْ أَجْرُهُمْ عِنْدَ رَبِّهِمْ وَلَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ
(سورة البقرة/٧٧٢)
ya'ni: “Albatta, imon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan, namozni barkamol o'qib, zakotni berganlar uchun Parvardigorlarining huzurida (maxsus) mukofotlari bordir…” (Baqara surasi, ٢٧٧-oyat).
Lekin shuni bilish kerakki, ulamolarimiz amalni imon shartlariga kiritishmagan bo'lsalar-da, imon taqozo qilgan shariat hukmlariga amal qilishni vojib deb bilganlar.
Imom Moturidiy fiqh va aqida masalalariga qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olish davomida ko'plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo'lganlar. Jumladan, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyoziy, Imom A'zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabi ulamolardan ilm olganlar.
Imom quyidagi asarlarni yozib qoldirganlar: “Kitob at-Tavhid”, “Kitob al-Maqomat”, “Ka'biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag'ishlangan kitob”, “Mu'tazila g'avg'olari va undan qo'rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Ta'vilot al-Qur'on” (10 tom), “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob”. Bulardan tashqari ba'zi mutaxassislar Imom Moturidiyning Islom huquqshunosligining asoslariga bag'ishlangan “Usul kitobi” asarlari ham mavjud bo'lganini ta'kidlaydilar.
Imom Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to'g'ri kelib, Islom olamida e'tiqod masalalarida bir-biriga qarama-qarshi bo'lgan xilma-xil g'oyalar keng tarqalgan. Qadariylar, shialar, jahmiylar, mu'taziliylar, rofiziylar kabi o'nlab oqimlar orasidagi tortishuvlar ba'zan qonli mojarolar bilan yakunlangan. Ana shunday murakkab davrda Samarqandda Imom Moturidiy va u zot kabi ulug' ulamolar o'zlarining ilmu ma'rifatlari, chuqur va teran tafakkurlari bilan jaholatni engishga harakat qildilar. Shu tariqa sof islomiy aqidani saqlab qolish uchun o'zlarining bor salohiyatlari va kuch-quvvatlarini ayamadilar. Shuni alohida ta'kidlash joizki, ular Qur'oni karim va sunnat ta'limotlari asosida hamda Muhammad sollallohu alayhi va sallam sahobalari uslubida aqida masalalarini yorita boshladilar. Musulmonlarni tarqoqlikka olib keluvchi aqidaviy oqimlarga qarshi kurashda Abu Mansur Moturidiy birinchilar safida bo'ldi.
Imom Moturidiy sof aqidani isbotlashda mu'taziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki, birinchi navbatda, naqldan foydalanishni zarur deb biladi. Ushbu olimning aqida borasida qo'shgan yana bir hissasi shuki, juda ko'plab firqalar e'tiqod borasida o'z fikrlari bilan musulmon ahlini turli yo'llarga boshlagan bir paytda, o'lkada yagona sunniy aqida tizimini o'rnatadilar. U zot turli adashgan firqalarning Qur'oni karim va sunnati nabaviyyaga zid bo'lgan barcha botil aqidalarini dalillar asosida isbotlab beradilar. Natijada turli xildagi mayda oqimlar ko'payishining oldi olindi. Imom Moturidiy o'z uslubi va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qo'shdi. Shuningdek, hanafiya mazhabining O'rta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bog'liq ekanini o'z qarashlari orqali ko'rsatib berdilar.
Buyuk imomning “Ta'vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta'vilot al-Qur'on” deb nomlangan asarlarida ahli sunna val jamoa aqidasiga zid bo'lgan oqimlarga raddiya bildirishda Imom Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda ish ko'radi.
Hozirgi kunga kelib soxta salafiylar tomonidan moturidiya aqidaviy yo'nalishini ahli sunna val jamoaning muqobiliga qo'yadilar va keskin tanqid ostiga oladilar. Vaholanki, Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ash'ariy ahli sunnatning aqoid bobi imomi ekanliklari haqida ko'p ulamolar ta'kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar:
المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي
ya'ni: “(“Ahli sunna” so'zidagi) Sunnatdan maqsad – ahli sunna val jamoa imomlari Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo'ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).
Mashhur muhaddis olim Murtazo Zubaydiy rahmatullohi alayh aytadilar:
«إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم
الأشاعرة والماتريدية»
ya'ni: “Agar hech qanday qaydlarsiz “Ahli sunna val jamoa” deyilsa, Ash'ariylar va Moturidiylar tushuniladi” (“Ithafu saadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).
Alloma Toshkubrozoda aytadilar:
«ثم اعلم أن رئيس أهل السنة والجماعة في علم الكلام يعني العقائد رجلان، أحدهما حنفي والآخر شافعي، أما الحنفي فهو أبو منصور محمد بن محمود الماتريدي، إمام الهدى... وأما الآخر الشافعي فهو شيخ السنة ورئيس الجماعة إمام المتكلمين وناصر سنة سيد المرسلين والذاب عن الدين والساعي في حفظ عقائد المسلمين،
أبو الحسن الأشعري البصري
ya'ni: “Ma'lum bo'lsinki, ahli sunna val jamoaning kalom ilmi (ya'ni, aqoid)dagi raislari ikki kishidir: birlari hanafiy, boshqalari shofeiy mazhabida. Hanafiylari Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Moturidiy bo'lib, u zot “Imomul Huda” “Hidoyat imomi” degan nom qozongan. Shofeiylari “Sunnat shayxi”, “Jamoat raisi”, “Mutakallimlar imomi”, “Payg'ambarlar sayyidi sunnatlariga yordam beruvchi”, “Din himoyachisi”, “Musulmonlar aqidasini saqlashga harakat qiluvchi” Abul Hasan Ash'ariy Basriydir” (“Miftahus saodat” kitobi).
Imom Muhammad Zohid Kavsariy aytadilar:
«فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى، وغالب ما وقع بين هذين الإمامين من الخلاف
من قبيل الخلاف اللفظي
ya'ni: “Imom Ash'ariy va Imom Moturidiy – mashriqu mag'ribda ahli sunna val jamoa imomlaridir. Ularning ko'p sonli kitoblari bor. Ular o'rtasidagi aksariyat ixtiloflar lafziydir”.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam turli firqalar ko'paygan paytda musulmonlarning katta jamoasini lozim tutishni ta'kidlab, shunday deydilar:
«فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ»
ya'ni: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, katta qora (jamoa)ni lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Demak, bugungi kungacha va hozirda ham katta jamoat – Imom Moturidiy va Imom Ash'ariylarning aqidada tutgan yo'llari hamda fiqhda to'rt mo''tabar mazhab (Hanafiy, Molikiy, Shofeiy va Hanbaliy)larga muvofiq keladi. Mana shular ahli sunna val jamoani tashkil etadi. Ahli sunna val jamoa ichida bulardan boshqa e'tiqodiy va fiqhiy mazhablar mavjud emas.
Hulosa o'rnida shuni aytish kerakki, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh asos solgan diniy ta'limot – moturidiya maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan g'oyalar Islom dinining mohiyatini to'g'rilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki mo'min-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohangdir.
"Diniy-ma'rifiy suhbatlar" kitobidan
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.