AQShning «CNN» axborot xizmati veb-saytida joriy yil noyabr'-dekabr' oylarida «The Generation Next» teleloyihasini suratga olish ishlarini o'tkazish uchun O'zbekistonda bo'lgan telekompaniya katta prodyuseri Tom Bush'e-Heysning maqolasi e'lon qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Maqolada O'zbekiston so'nggi yillarda iqtisodiy o'sishni boshdan kechirayotgani, o'z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilayotgani va Toshkent G'arbdan kelgan sayyohlar uchun tez orada yana bir mashhur maskanga aylanishi mumkinligi ta'kidlangan.
“O'zbekistonga tashrif buyuruvchilarning aksariyati, odatda, Toshkentga e'tibor bermasdan, Hitoy va Hindistondan O'rta er dengizigacha cho'zilgan qadimiy savdo yo'li – Ipak yo'lining bir qismi bo'lgan mashhur Samarqand va Buxoro kabi qadimiy shaharlarga sayohat qilishga oshiqadi. Biroq O'zbekiston poytaxti o'sishda davom etar ekan, u xorijiy sayyohlar uchun muhim manzilga aylanib bormoqda”, - deb yozadi muallif.
U kengayib borayotgan poytaxt ko'chalarining ozodaligi, an'anaviy va zamonaviy me'morchilikning uyg'unligi hamda Toshkent metrosining betakror go'zalligini alohida qayd etgan.
“Metro bekatlari shaharning kutilmagan, ammo sayyohlar uchun betakror go'zal diqqatga sazovor joylaridir, - deyiladi maqolada. – Butun dunyoda er osti transporti bekatlari, birinchi navbatda, yo'lovchi tashiladigan joy bo'lib, ular kamdan-kam hollarda bezatiladi. Markaziy Osiyodagi ilk er osti bekatlari Toshkentda qurilgan. O'zbekiston poytaxtining metro bekatlari 1970 yillar oxirida foydalanishga topshirilgan. Toshkent metro bekatlari xuddi san'at galereyalariga o'xshaydi. Badiiy asarlar, freskalar va mozaikalar mamlakat madaniyati va uning mashhur ajdodlarini ulug'laydi”.
Bosh taomi palov bo'lgan o'zbek milliy oshxonasi xilma-xilligi va o'ziga xosligi bilan amerikalik jurnalistda katta taassurot qoldirdi. Muallif ushbu taomni poytaxt Osh markazida tatib ko'rgach, maqolada bu haqda alohida to'xtalgan.
Toshkent bozorlarning to'kin-sochinligi, ayniqsa, “Chorsu” bozori tarixiyligi bilan ham boshqa bozorlardan ajralib turishi muallif e'tiborini o'ziga tortgan.
“Yangi savdo markazlari va osmono'par binolar orasida bir vaqtlar shahar qay ko'rinishda bo'lganiga eslatmalar bor, - deb yozadi u. – Shaharda masjid va madrasalar ham ko'p. Hazrati Imom majmuasida Qur'oni karimning eng qadimiy nusxasi – Hazrati Usmon Mushafi saqlanmoqda. O'zbekiston dunyoviy davlat bo'lsa-da, mamlakat aholisining 80 foizga yaqini islom diniga e'tiqod qiladi”.
Maqola yakunida Tom Bush'e-Heys xorijlik sayohatchilarning mutlaqo yangi guruhi uchun an'anaviy va zamonaviy uyg'unlik Toshkentni tez orada serqatnov sayyohlik maskaniga aylantirishi mumkinligini ta'kidlagan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.
Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.
Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati