Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Noyabr, 2026   |   15 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:59
Quyosh
07:18
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
25 Noyabr, 2026, 15 Jumadul soni, 1448

Hozir bajaring! Kutmang!

06.12.2023   1701   3 min.
Hozir bajaring! Kutmang!

Hikoya qilinishicha, bir ot ichi quruq bo'lgan chuqur quduqqa tushib ketibdi.

Tushib ketgandagi og'riqdan ot qattiq ingrabdi va shu zaylda bir necha soat o'tibdi. Uning egasi ziroatchi bo'lib, otni qanday chiqarib olish haqida o'ylanibdi va oxiri “Otim o'zi qarib qolgandi, uni chiqarib olishga ketgan xarajatga yangi ot olsa bo'ladi. Qolaversa quduq anchadan beri qurib yotibdi, unga tuproq tashab ko'mib yuborish kerak”, degan xulosaga kelibdi. Ziroatchi qo'shnilarini chaqirib, ulardan quduqni ko'mishda yordam berishlarini so'rabdi. Hammalari lomlarda quduqqa tashlagani tuproq, axlatlar yig'a boshlashibdi.

Ot nima bo'layotganini tushunib etibdi va og'riq hamda yordam so'rashni bildiradigan qilib baland ovozda kishnay boshlabdi. Ozgina o'tib jimib qolibdi. Barcha uning to'satdan jimib qolganiga hayron bo'libdi.

Egasi quduqning ichiga qarab dong qotib qolibdi. Qarasa ot har safar ustiga tuproq tashalganda, ustidan silkitib erga tashayotgan va tuproq tashalgani miqdoricha tepaga ko'tarilib borayotgan ekan.

Shu zaylda davom etib ot er sathiga yaqinlashib qolibdi. Keyin bir sakrab erga soppa-sog' chiqib olibdi.

Ot uni o'rab olgan har qanday to'siqlarga qaramay taslim bo'lmadi. Aksincha, o'zini o'limdan qutqarish uchun tinimsiz harakat qildi!

Endi Oskar Strous ismli germaniyalik tikuvchi haqida bir qissani keltiramiz. U 1850-yil Amerikaning Kaliforniya shtatiga safar qilibdi. Safarining sababi u erda ko'p oltin zaxiralari bor deb eshitgan ekan. Lekin orzu qilgan oltinlaridan hech vaqo topmabdi va juda qattiq ochlikka, charchoqqa duchor bo'libdi.

Umidsizlikka tushib qolgach, bekor o'tirmay ko'k rangli chodirini yirtib, undan og'ir shimlar tikibdi va uni “Strous jinsi” deb nomlabdi.

U shimlar nihoyatda mustahkam va kon ishlariga munosib bo'lgani uchun ko'p ishchilar uni sotib ola boshlashibdi. Natijada uning savdosi gurkirab ketibdi va Strous barcha konchilardan boyib ketibdi. Hozirgacha jinsilarning savdosi dunyoning barcha joyida juda yurishgan. Bu ish umidsiz holga tushgan, lekin shunga qaramay biror narsa qilishga harakat qilgan kishining mehnati samarasidir.

Demak muvaffaqiyatimiz siri o'z qo'limizda, Alloh bizga bergan qobiliyatimizda, aqlimizda ekan! Mehnat qilishdan to'xtamaslikda ekan! Lekin bularning barchasi ustida Alloh azza va jallaning tavfiqi turadi.

Muvaffaqtiyat kaliti – kutib o'tirmasdan shartta bir ishning etagini tutishda ekan. Axir Alloh taolo aytadi-ku: “Hurmo tanasini silkit, senga yangi meva tushiradi” (Maryam surasi, 25-oyat).

Mana Payg'ambar Iso alayhissalomning onasi Maryam onamiz... U zot shunchalik sharafli bo'lsalar-da Alloh u zotga xurmo tushishi uchun daraxtni silkitishni buyurdi. Hech qanday qiyinchiliksiz, harakatsiz ega bo'lishingiz mumkin bo'lgan meva yo'q dunyoda!

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   4083   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar