“Pirotexnika ofat keltiradi, yoxud musulmonni qo'rqitish halol emas!” nomli innovatsion dasturlar va zamonaviy metodlarni o'z ichiga olgan INFOGRAFIKA tayyorlandi.
Infografikada pirotexnika vositalarining moddiy va ma'naviy zararlari, uning salomatlikka salbiy ta'siri, Islom dinida insonni qo'rqitish, ziyon etkazish qattiq qoralanishi, shunday buyumlarni qonunga xilof tarzda ishlab chiqarish, sotish va tarqatish hamda ulardan foydalanish javobgarlikka sabab bo'lishiga oid ma'lumotlar ifoda qilingan.
Shuningdek, tarbiya ishiga mutasaddi bo'lganlar va ota-onalarga muhim tavsiyalar bayon etilgan.
Mobil qurilmalar orqali ham foydalanish uchun infografikaning PDF shakli, mavzuga oid videoroliklar va mazkur faoliyat bilan shug'ullanganlik uchun javobgarlik belgilangan tegishli kodekslar moddalarining QR kodlari berilgan.
Siz azizlardan ushbu infografikani keng tarqatish orqali noxush voqea-hodisalarning oldini olishga chaqiramiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.