Bir kuni qarasam, o'g'lim o'yinchoqlarini ustachilik asboblari bilan ochib, sochib, qismlarga bo'lib o'tiribdi. Uning bu ishidan tepa sochim tikka bo'lib qattiq urishib berdim. To'g'ri-da, axir ularni falon pulga olib berganmiz. O'g'lim gapimdan ranjib ishini to'xtatdi va o'yinchoqlarini yig'ishtirib televizor ko'rgani o'tirdi.
Dadasi ishdan qaytganlarida o'g'limning qilgan ishini va uni qattiq koyib berganimni aytdim. Dadasi gaplarimni eshitgach, bir narsalarni xotirlagandek nimtabassum bilan jilmaydilar. Keyin mening bu ishim xato bo'lganini, bolaning olamni o'rganishga bo'lgan ishtiyoqidan kelib chiqadigan bunday harakatlarini to'g'ri baholashni, unga tanbeh berish o'rniga bunga o'xshagan ishlari uchun rag'batlantirish kerakligini tushuntirdilar.
Keyin yana bir oz o'ylanib o'tirganlaridan so'ng bolaliklarida onalari qilgan ishni aytib berdilar: "Marhuma onam juda ajoyib, oqila ayol edilar. Bir kuni men ham shu o'g'limiz kabi “ilmiy ish” bilan band edim. Lekin men ustachilik asboblari yordamida sochib tashlayotgan narsa o'g'limiz qilganidek o'yinchoqlar emas, balki uyimizdagi gaz bilan ishlaydigan isitish moslamasi edi. Ha, bu biroz xavfli ish bo'lsa ham qiziqishim g'olib kelib uning qanday yasalganini bilmoqchi bo'lib ochib ko'rayotgan edim. Onajonim bu ishimni ko'rib qoldilar. Ana endi tamom, yaxshigina tayoq eydigan bo'ldim deb tursam, yo'q, onam biror og'iz qattiq gapirmadilar, qaytanga o'zlari yonimga o'tirib “Bu mana bunday qilinadi” deb bilmaganlarimni bilganlaricha o'rgatdilar.
O'sha kundan keyin ustachilikka qiziqishim oshib uydagi deyarli barcha qurilmalarni tuzatishni o'rganib oldim. Ba'zan tuzataman deb yanada yomonroq holatga keltirib qo'ysam ham shashtimni tushirmasdan “Hechqisi yo'q, endi bu qurilmaga nima qilish mumkin emasligini bilib olding” deb ko'nglimni ko'tarardilar. Onamning mehribonchiliklari mening muhandislik sohasini tanlashimga turtki bo'ldi.
Mana hozir, o'zing bilganigdek, muhandislik fakul'teti katta professoriman. Mening qilgan barcha ixtirolarimda, katta-katta shirkatlar men bilan ishlash uchun o'zaro raqobat qilishlarida, umuman olganda, barcha erishgan yutuqlarimda onamning xizmatlari beqiyos. Shu paytgacha muhandislik yo'nalishida qancha ixtirolar qilgan bo'lsam, mening tom ma'nodagi ilhom pariyim onajonim bo'lganlar”.
(Hamma bolalarda ham bunday qiziqish bo'lavermaydi. Kamdan kam bolalarda topiladigan bunday qobiliyatni ko'pchilik ota-onalar to'g'ri baholay olmasdan bolaning qiziqishlarini, ijodkorlik qobiliyatlarini erta kunda yo'qqa chiqarishadi. Agar bolangizda shunday iqtidor bo'lsa, uning olovdek yonib turgan taftini so'ndirib qo'ymang, uning endigina kurtak yoza boshlagan novdalarini qirqmang. Aksincha unga qalbi daryo bog'bon kabi mehribon bo'ling. Shunda vaqti kelib o'zingiz uning mevasidan bahramand bo'lasiz, inshaalloh. Tarj.)
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari