Dunyo tarixiga teran nazar tashlasak, har qanday ko'ngilsiz voqea-hodisa zamirida, albatta, fitnalar uyushtirilganiga guvoh bo'lamiz. Odam alayhissalom davridan to Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam zamonlarigacha, saodat asridan bugungi kungacha kuzatilgan har qanday urush, qirg'inbarot janglar, qonli to'qnashuvlarga fitnalar sabab bo'lganini hech kim inkor eta olmaydi.
Hazrati Umar va hazrati Usmon roziyallohu anhumoning shahid etilishi, hazrati Ali va Muoviya roziyallohu anhumo o'rtasidagi kelishmovchiliklar va undan keyingi asrlarda sodir bo'lgan mash'um hodisalarda halok bo'lganlarni hech ikkilanmay fitnalar qurboni bo'lishgan, deyish mumkin.
Shu bois Alloh taolo Qur'oni karimda: «Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir», deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 191-oyat). Tinch, osuda hayot kechirib turgan odamlar orasidan halovat va tinchlik ko'tarilishiga sabab bo'ladigan har qanday fitna harakatlari aslida odamlarning qonini to'kishdan ham og'ir, yomon oqibatlarga olib keladigan gunoh ekanini aslo unutmaslik zarur.
Ifk hodisasini olaylik. Payg'ambarimiz alayhissalomning suyukli ayollari Oysha onamiz roziyallohu anhoga munofiqlar fitna uyushtirdilar. Ularning fitnasiga ba'zi sodda musulmonlar ham qo'shilib qolishdi. Alloh taolo Nur surasining 11–22-oyatlarini nozil qiilib, mo'minlarning onasi Oysha roziyallohu anhoning pokdomon ekanliklarini ilohiy vahiy bilan tasdiqladi. Fitna yushtirgan Ubay ibn Salul boshchiligidagi munofiqlar razil bo'lib qolishdi.
Olamlar sarvarining jufti halollariga tuhmat qilgan munofiqlarga qiyomatgacha la'nat yog'iladi. Oxiratda esa ularga alamli azob borligini Alloh taolo Nur surasining 11-oyatida: «Albatta, (bu) bo'htonni (vujudga) keltirgan kimsalar o'zlaringizdan bo'lmish bir to'da kimsalardir. Uni (bo'htonni) sizlar o'zlaringiz uchun yomonlik deb o'ylamangiz, balki u sizlar uchun yaxshidir. Ulardan (bo'htonchilardan) har bir kishi uchun o'zi orttirgan gunoh (jazosi) bordir. Ularning orasidagi (gunohning) kattasini ko'targan kimsa (Abdulloh ibn Ubay) uchun esa ulkan jazo (jahannam) bordir».
Hadisi shariflarda ham fitna qattiq va qat'iy qoralanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Yaqin orada fitnalar bo'ladi. O'sha chog'da o'tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O'rnida jim tik turgan esa, yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa, tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o'sha fitnalarga e'tibor bersa, uni fitna o'ziga tortib oladi. Kimki qutulishga joy topsa, o'sha joyda fitnadan himoyalansin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu muborak hadisda Nabiy alayhissalom kinoya bilan ham fitnaga aralashib qolishdan qattiq qaytarmoqdalar. “Tik turgan odam bilan o'tirgan odam” deganda, fitnaga qiziqib turgan odam bilan unga e'tibor qilmagan odam nazarda tutilmoqda. Demak, fitnachilar haqida qiziqishdan ko'ra, ularga aslo e'tibor qilmaslik zarur.
“O'rnida jim tik turgan odam bilan yurayotgan odamdan” murod esa, fitnaga qiziqib turgan va fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushganlardir. Demak, fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushgandan, unga qo'shilmay, shunchaki qiziqqan durustroq sanalmoqda. Yayov yurgan odam bilan tez-tez yurayotgan odamdan murod esa, fitna sari tez harakat qilayotganlardan ko'ra, sust harakat qilayotganlar Allohning nazdida sal tuzukroq odam, demakdir.
Bu illat jamiyatda ildiz otar ekan, unga aralashgan odam darhol chiqib ketishi qiyin. Chunki fitna odatda jozibali bo'ladi, unga qiziqqanlarni darrov o'ziga jalb qiladi. Mo'min kishi har qanday og'ir bo'lmasin, fitnadan qochishi shart.
Imom Zaynuddin Birgaviy rahimahulloh “Tariqat ul-Muhammadiya” asarida islomiy odob-axloq, xususan, qalb xastaliklari borasida so'z yuritar ekan, qirq sakkizinchi o'rinda “Fitna” haqida alohida to'xtalib, jumladan. Bunday degan: “Ma'naviy illatlardan yana biri fitnachilikdir. Fitna deb odamlarni iztirob, ixtilof, mashaqqat va baloga giriftor qilishga aytiladi. Masalan, xalqni davlatga qarshi chiqishga targ'ib qilish, va'z aytishda tinglovchilarning saviyasini hisobga olmasdan tushunmovchilik keltirib chiqaruvchi murakkab tilda gapirish kabi holatlar umumma'noda fitnaga misol bo'ladi. Shuningdek, kitob mutolaa qilishda ehtiyotsizlik qilib, tushunib-tushunmasdan ommaga noto'g'ri tushuncha berib qo'yish ham fitna deyiladi”.
Bugun fitnalar shu qadar chuqur ildiz otyaptiki, bunday holatda mo'min-musulmon kishi ziyrak va hushyor bo'lishi qat'iy talab etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida tirnoq ostidan kir qidirishni “kasb qilib olgan” kaslarning dinimizga, Vatanimizga tosh otishlari Oysha onamizga fitna uyushtirganlarnikidan kam emas.
Shunday ekan, bugun o'zi mo'min hisoblagan, shu aziz diyorning fuqarosi bo'lgan kishi har qanday fitnaga duch kelsa, avvalo, mazkur oyati karima va hadisi sharifga murojaat qilishi, aql bilan ish tutishi zarur.
Buyuk Parvardigorimiz barchamizni fitnalardan asrasin!
Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.