Barcha tarixchilar boburiy hukmdorlar shaxsan barcha davlat hujjatlarni nazorat qilishgan degan fikrga qo'shilishadi. Shu sababli bizda Toj Mahalni qurish jarayoni bilan bog'liq juda kam sahih dalillar bor - imperatorlar ularning ayrim sirlarini oshkor qilishni yoqtirishmagan, deb yozadi Manjit Txakur.
“Islamosfera” nashriga ko'ra, deyarli ikki asr davomida Toj Mahalning qurilishi Shoh Jahonning ilohiy ilhomiga va uning xotini Mumtoz Mahalga bo'lgan sevgisiga bog'liq. Ammo imperatorning orzusi haqiqatga aylanishi uchun minglab rassom va hunarmandlar jalb qilingan.
Toj Mahal bilan bog'liq XVII asr qo'lyozmalarida asli Samarqandda dunyoga kelgan, keyinchalik Turkiyaga borib qolgan usta me'mor Ibrohim Ishoq ushbu qasr muallifi deyiladi. Ularga ko'ra, u maqbarani loyihalagan. Tarixchilarning fikricha, Ibrohim Ishoq haqiqatda bor odam bo'lishi mumkin, lekin u me'mor emas, kartograf bo'lgan. Shunga muvofiq ravishda, u Toj Mahal rejasini yaratgan bo'lishi kerak. Va bu beqiyos yodgorlikning haqiqiy me'mori, so'nggi tadqiqotlarga ko'ra, Shoh Jahon saroy a'yonlaridan fors me'mor rassomi Ahmad Lahoriydir. U Ahmad Me'mor nomi bilan ham tanilgan va Dehlidagi Qizil fortning yaratuvchisi hisoblanadi.
Tarixchilarning fikricha, Toj Mahalning dastlabki eskizlarini Lahorda Ahmad Me'mor tayyorlagan. U bu shaharda, o'z uyida, Vazir xon masjididan uncha uzoq bo'lmagan joyda yashab, ijod qilgan. Shundan so'ng unga gumbazlarni loyihalashtirgan turk me'mori Ismoil-afandi qo'shildi. Ahmad Me'mor gumbazlar uchun oltin biriktirishlarni loyihalashtirish uchun Lahordan do'sti Qosim Hon bilan, shuningdek, o'sha davrda mozaika plitalarining taniqli usta dizayneri Dehlidan mashhur Chiranji Lala bilan bog'landi. Shunday qilib, Toj Mahal loyihasi bir necha ijodkorlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasi sifatida ko'rib chiqilishi kerak.
Toj Mahalda ish olib borgan o'sha davrning boshqa bir qancha mashhur ustalarining nomlari ma'lum. Hattot Ustod Omanat xon Sherozdan, toshtarosh Amir Ali esa Balujistondan olib kelingan. Multandan Muhammad Hanif marmar plitkalar ishlab chiqarish bilan shug'ullangan, Dehlidan Mukarimat Hon va Sherozdan Mir Abdul Karim loyihaning asosiy boshqaruvchisi va ma'murlari bo'lgan.
Rassom va hunarmandlarga qancha haq to'langani haqida ma'lumotlar saqlanib qolgan. Ustod Ibrohim Ishoqqa bir ming rupiy berildi. O'sha paytda bu pul bilan 3330 gramm oltin sotib olish mumkin edi. Gumbaz ustasi ustod Ismoil Hon Rumiy 500 rupiy olgan. Gumbaz uchlarini o'rnatgan Samarqanddan Muhamad Sharif 500 rupiy, Laxordan Qosim Hon - 295 rupiy, Qandahordan bosh toshtarosh Muhammad Hanif - 1000 rupiy, Multandan tshtarosh Muhammad Said - 590 rupiy olgan. Hattot Omonat Hon Sheroziyga 1000 rupiy, Bag'doddan boshqa xattot Muhammad xonga esa 500 rupiy to'langan. Suriyadan Ravshan xonga 300 rupiy berilgan.
Shoh Jahon Ustod Ahmad Lahoriyning ko'zlarini o'yib, Toj Mahal kabi boshqa yodgorlik yaratmasligi uchun qo'llarini kesib tashlagani bu bor yo'g'i o'ylab topligan uydirma gap. Ustod Ahmad ish tugagandan so'ng Lahorga qaytib, 1649 yilda vafot etganini tasdiqlovchi hujjatlar bor.
Vaqti-vaqti bilan Toj Mahal me'mori Venetsiyadan Hindistonga kelgan, Lahor qal'asida Shoh Jahon tomonidan qamoqqa olingan va qurilish tugagandan so'ng qatl qilingan italiyalik Jeronimo Veronio degan mish-mishlar tarqatib turiladi. Bunday odam haqiqatan ham mavjud edi, lekin uning Toj Mahal bilan hech qanday aloqasi yo'q. U mashhur zargar edi va imperator oilasi uchun zargarlik buyumlarini yaratgan. U qimmatbaho toshlar va katta olmosni o'g'irlashda ayblanib, o'lim jazosiga hukm qilingan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati