Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Olimlarning ta'kidlashicha, ko'z yuzasida yupqa parda bo'lib, u qorong'ulikda kengayadi, yorug'likda torayadi. Qachon odam qorong'ulikdan yorug'likka yoki yorug'likdan qorong'ulikka chiqsa, torayish va kengayish jarayoni yuzaga keladi. Mana shu torayish va kengayish jarayonida ko'zning nerv tolalari etti mil masofani bosib o'tadi. Qizig'i, insonga bu tezlikdan qilcha narsa sezilmaydi. Ushbu ne'matni Alloh taolo bizga O'zining karami ila ato qilgandir. Undan boshqa narsa emas! Shuning uchun ham bu ne'matni qadrlashimiz va uni to'g'ri ishlatishimiz lozim. Chunki, insonning ko'zi jilovsiz bo'lsa, u ko'p fahsh ishlarning manbaiga aylanadi. Shuning uchun muhaqqiqlar nazdida ko'zni tiymaslik «ummul xobais» barcha yomonliklarning onasi kabidir. Ulug' ne'mat deganimiz mana shu ikki ko'z jilovlanmasa, ulardan fitnalar qaynab chiqadi va atrof-muhitda, jamiyatlarda behayoliklar tarqalishiga sabab bo'ladi. Islom bu ikki yo'lni nazoratga oldi. Har mo'minga nazarini pastga qaratishni hukm qildi, na nomahramga nazar tushsin va na shahvat olovi alanga olsin, na qamish bo'lsin, na nay chalinsin. Bu ish xam islomning go'zalligidandir. Yomonlikni avval-boshdanoq bartaraf qilish Islomning bosh shiorlaridandir.
Nazari tiyiqsiz odamlarda shahvat alanga olaveradi. Hatto fahsh ishlarga mubtalo bo'lganini bilmay qoladi.
Badnazar odam Allohga osiylik qilgan bo'ladi.
Ko'zini haromdan tiymagan odam Allohga itoatsizdir. Badnazarlik qat'iy hujjat ila harom qilingan. Alloh taolo shunday amr etadi:
«Iymon keltirganlarga aytingki, nazarlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar» (Nur surasi, 30-oyat).
Shunday ekan, qaysi inson badnazarlik qilayotgan bo'lsa, u ilohiy amrga xilof ish qilayotgan bo'ladi. Badnazarlikdan saqlanish uchun qalbda qat'iy ishonch va itoat bo'lishi kifoyadir.
Badnazarlik omonatga xiyonatdir. Badnazar odam Allohning omonatiga xiyonat qilgan bo'ladi. Alloh taolo shunday ogohlantiradi:
«U (Allox) ko'zlarning xiyonati va qalblarning sirlarini biladi» (G'ofir surasi,19-oyat).
«Hiyonat» deyilishining sababi shuki, biz o'z ko'zlarimizning egasi emasmiz, balki ularning egasi-moliki Alloh taolodir. Bu ko'zlarni aynan U ato qilgan. Alloh ularni bizga omonat o'laroq bergan. Ularni muhofaza qilish, to'g'ri ishlatish, badnazarlikdan, haromlarga qarashdan to'sish - bular bizning bo'ynimizdagi mas'uliyatdir. Masalan, xudkushlik - o'z-o'zini o'ldirish ham harom, chunki omonat. Uning ham tanamizdagi jon egasi Alloh. Hullas, biz o'zimizniki emasmiz. Allohnikimiz! Shunday ekan, hech bir holatda Egamizning aytganiga xilof ish qilishga, bergan ne'mat-omonatlarini Uning g'azabini keltiradigan o'rinlarda ishlatishga haqqimiz yo'q! Mabodo, jismimiz va jonimizga o'zimiz xo'jayin bo'lganimizda, xohlagan tarzda tasarruf etishimiz mumkin edi. Chunki, xo'jayin o'z xo'jaligida xohlagan ishini qila oladi. Alloh taolo bandalariga bu ixtiyorni bermagani ham jismimiz Allohning omonati ekaniga dalildir. Omonatga xiyonat esa, katta jinoyat gunohdir. Shunga ko'ra, badnazarlik qiladigan kimsa Alloh bergan ko'z omonatiga xiyonat qiladi. Allohning omonatlariga xiyonat qiluvchi u zotning do'sti va mahbubi bo'la olmaydi. Bu esa juda katta ziyondir.
«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari