Mukaddas Dinimiz ta'limotida birovga yaxshilik kilish savob, qilgan yaxshiligini minnat qilishi esa katta gunoh xisoblanadi. Musulmon odam savobli ish qilsa, sadaqa bersa, muhtojlarga yordam ko'rsatsa, hech kimga aytmaydi, odamlarga bildirmaydi, yaxshiligini minnat qilmaydi. Agar oila boshlig'i qo'l ostidagilarga minnat qilsa, “Senlarni men boqyapman. Men bo'lmasam och qolasanlar!” deb ta'na qilsa, bir tarafdan, minnat qilgani uchun juda og'ir gunohga botadi, ikkinchi tarafdan, rizq Allohdan ekanini inkor etgan bo'ladi. Chunki, u bo'lmasa, Alloh bandalari rizqini boshqa tarafdan, boshqa odam sababidan etkazadi.
Allox taolo Qur'oni karimda “Ey, iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham, kishilarga riyo uchun molini nafaqa qilganga o'xshab, bekorga ketkazmang”. degan (Baqara surasi, 264- oyat).
Ushbu oyati karimada sadaqadan keyin minnat qilib, ozor berib, qilgan yaxshiligining savobidan bebahra qolishlik ajoyib badiiy vasf bilan tasvirlanyapti. Bu bilan musulmonlar qalbida bu ishning naqadar yomon ish ekanligi jonli tasvir qilinmoqda. Oyatning avvalida sadaqani minnat va ozor berish bilan botil qilmaslikka amr bo'lyapti. Keyin esa agap shunday qilinsa, riyo uchun sadaqa qilganga o'xshab qolishining bayoni kelyapti:
Minnat qilishlik yomon odat bo'lib, inson qalbida og'ir yara qoldiradi. Berganni minnat qilgan kishining maqsadi manmanlik, boshqalarni mensimaslik, o'zini ko'rsatish, odamlar o'rtasida obro' qozonish bo'ladi. Minnat qilish tufayli mol sarflagan kishi molni oluvchiga ozor etkazadi. Odamlar ichida uning obro'yini to'kadi. Insoniy qadr-qimmatini pastlatadi. Holbuki, Islomda mol-mulkni sarflab, nafaqa qilishga targ'ib qilishdan maqsad kambag'allarning ko'nglini ko'tarish, ularni xursand etish, boy birodarlari ularni hurmat qilishini sezdirishdir.
Minnat qiluvchi kishi ikki jihatga ko'ra malomat qilinadi: avvalo, u barcha rizq va ne'matni Alloh taolo berishini inkor qilgan va tan olmagan bo'ladi. Agar rizq Allohdan ekanini haqqi-rost bilganida bunday qilmasdi. Ikkinchidan, minnatchi odam qilgan yaxshiliklarini aytib maqtanadi. Bunda u kibr va riyo illatlariga mubtalo bo'ladi. Bu esa o'sha yaxshi amalning bekor bo'lishiga, savobining ketishiga sabab bo'ladi.
Yaxshilik va saxiylik qilgandan so'ng minnat qilish, odamlarni kamsitish, ularni haqorat qilish va xorlash kabi illatlardan uzoqda bo'lish darkor.
Abdulloh ibn Amrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Jannatga minnatchi, ota-onaga oq bo'lgan va ko'p aroq ichuvchi kirmaydi”, dedilar”. (Imom Nasoiy va Imom Dorimiy rivoyat qilgan).
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ning: “Jannatga minnatchi, ota-onaga oq bo'lgan va ko'p aroq ichuvchi kirmaydi”, dedilar, degan so'zlarining ma'nosi: ular jannatga birinchlardan bo'lib kirmaydilar, deganidir. Chunki, ahli sunnat val jamoat ulamolari ittifoqiga ko'ra, kimki Allohga biror narsani sherik qilmasdan vafot etgan bo'lsa, do'zaxda abadiy qolmaydi. Balki, jahannam azobi bilan gunohlaridan poklangandan so'ng albatta jannatga kiradi. (Alloh barchamizni do'zax azobidan asrasin). Qarindoshlariga yaxshilik qilgandan so'ng minnat qiladigan inson ham yuqoridagi qattiq ogohlantirishga loyiqdir. Chunki bu fe'l ham uni jannatga kirishiga to'sqinlik qiladigan ishlardandir. Yuqorida o'tgan gaplardan ota-onaga oq bo'luvchi va silai rahmni uzuvchi kishilarning dunyo va oxiratda jazoga loyiqligini bildik. Bu hadisi sharifda esa Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ko'p mast qiluvchi ichimliklar ichuvchini ham jannatga kirmasligini zikr qildilar. Shuning uchun, spirtli ichimliklar ichuvchi yoki narkotik moddalar va mast qiluvchi narsalarni iste'mol qiluvchi kishilar bu hadisning ma'nosini chuqur o'ylab ko'rsinlar. Hamda, Allohga astoydil tavba qilsinlar.
Yaxshilikdan keyin minnat qilish razil xulqlardandir. Shunga ko'ra, agar bir inson biror kishiga yaxshilik qilsa yoki unga sadaqa qilsa, so'ngra unga minnat qilib, ehson va sadaqasini uning oldida gapirsa, batahqiq ehson va sadaqasining savobi zoye bo'ladi.
Minnatchi savoblarini zoye qilib, ehson qilgan odamidan ko'proq foyda olish uchun unga ozor beradi va agar undan biror narsa ololmasa, unga biror zarar etishini orzu qiladi. Bu narsa uyat va xorlikdan ham battar sharmandalikdir.
Shayx Muhammad Arifiy aytadilar:
«Tahorat qilasanu, isrof qilasan.
Hijob o'raysanu, atir sepib olasan.
Tahajjud namoziga turasanu, birodaring bilan arazlashasan.
Ro'za tutasanu, g'iybat qilasan.
Sadaqa berasanu, minnat qilasan.
Ko'zingni och! Solih amallarningni teshik xaltaga solma»
Allohdan o'zimizga va barcha musulmonlarga yordam va hidoyat so'raymiz!
Odiljon Narzullayev Yangiyo'l tuman Imomi Sulton jome masdidi Imom xatibi
Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqelarni yoritishda davom etayapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Xususan, ushbu mamlakatdagi ommabop "Sahm News" elektron nashrida O‘zbekiston 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilishi haqidagi ma’lumotni tarqatdi.
"O‘zbekistonning Samarqand shahri 2026 yilgi Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilish uchun tanlandi. Assambleya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘ish platformasiga aylanishi kutilmoqda", – deyilgan materialda.
Qayd etilishicha, 2026 yilda Samarqand shahrida Global ekologik fondning sakkizinchi yig‘ilishi va Global ekologik fond kengashining yetmish birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. "Bu qaror AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Kengashning oltmish to‘qqizinchi yig‘ilishida qabul qilindi", deya urg‘ulangan maqolada.
Saudiyaning yetakchi "Watan News" nashri esa O‘zbekiston Prezidentining yaqin kelajakda Bryusselga tashrif buyurishi haqida yozdi. "Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Tobgo Klan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumda ma’lum qildi", deya ta’kidlangan manbada.
"Bunday tashrif tarixiy voqea hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun noyob imkoniyat yaratadi", – deya Tobgo Klan fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati