Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Minnat – savobni  ketkazuvchi  illat

21.12.2021   2681   5 min.
Minnat – savobni  ketkazuvchi  illat

Mukaddas  Dinimiz  ta'limotida  birovga  yaxshilik  kilish savob, qilgan yaxshiligini minnat qilishi  esa  katta gunoh  xisoblanadi. Musulmon odam savobli ish qilsa, sadaqa bersa, muhtojlarga yordam ko'rsatsa, hech kimga aytmaydi, odamlarga bildirmaydi, yaxshiligini minnat qilmaydi. Agar oila boshlig'i qo'l ostidagilarga minnat qilsa, “Senlarni men boqyapman. Men bo'lmasam och qolasanlar!” deb ta'na qilsa, bir tarafdan, minnat qilgani uchun juda og'ir gunohga botadi, ikkinchi tarafdan, rizq Allohdan ekanini inkor etgan bo'ladi. Chunki, u bo'lmasa, Alloh bandalari rizqini boshqa tarafdan, boshqa odam sababidan etkazadi. 

 Allox taolo Qur'oni karimda “Ey, iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham, kishilarga riyo uchun molini nafaqa qilganga o'xshab, bekorga ketkazmang”. degan (Baqara surasi, 264- oyat). 

 Ushbu oyati karimada sadaqadan keyin minnat qilib, ozor berib, qilgan yaxshiligining savobidan bebahra qolishlik ajoyib badiiy vasf bilan tasvirlanyapti. Bu bilan musulmonlar qalbida bu ishning naqadar yomon ish ekanligi jonli tasvir qilinmoqda. Oyatning avvalida sadaqani minnat va ozor berish bilan botil qilmaslikka amr bo'lyapti. Keyin esa agap shunday qilinsa, riyo uchun sadaqa qilganga o'xshab qolishining bayoni kelyapti: 

Minnat qilishlik yomon odat bo'lib, inson qalbida og'ir yara qoldiradi. Berganni minnat qilgan kishining maqsadi manmanlik, boshqalarni mensimaslik, o'zini ko'rsatish, odamlar o'rtasida obro' qozonish bo'ladi. Minnat qilish tufayli mol sarflagan kishi molni oluvchiga ozor etkazadi. Odamlar ichida uning obro'yini to'kadi. Insoniy qadr-qimmatini pastlatadi. Holbuki, Islomda mol-mulkni sarflab, nafaqa qilishga targ'ib qilishdan maqsad kambag'allarning ko'nglini ko'tarish, ularni xursand etish, boy birodarlari ularni hurmat qilishini sezdirishdir. 

Minnat qiluvchi kishi ikki jihatga ko'ra malomat qilinadi: avvalo, u barcha rizq va ne'matni Alloh taolo berishini inkor qilgan va tan olmagan bo'ladi. Agar rizq Allohdan ekanini haqqi-rost bilganida bunday qilmasdi. Ikkinchidan, minnatchi odam qilgan yaxshiliklarini aytib maqtanadi. Bunda u kibr va riyo illatlariga mubtalo bo'ladi. Bu esa o'sha yaxshi amalning bekor bo'lishiga, savobining ketishiga sabab bo'ladi.

Yaxshilik va saxiylik qilgandan so'ng minnat qilish, odamlarni kamsitish, ularni haqorat qilish va xorlash kabi illatlardan uzoqda bo'lish darkor. 

Abdulloh ibn Amrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Jannatga minnatchi, ota-onaga oq bo'lgan va ko'p aroq ichuvchi kirmaydi”, dedilar”. (Imom Nasoiy va Imom Dorimiy rivoyat qilgan).

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ning: “Jannatga minnatchi, ota-onaga oq bo'lgan va ko'p aroq ichuvchi kirmaydi”, dedilar, degan so'zlarining ma'nosi: ular jannatga birinchlardan bo'lib kirmaydilar, deganidir. Chunki, ahli sunnat val jamoat ulamolari ittifoqiga ko'ra, kimki Allohga biror narsani sherik qilmasdan vafot etgan bo'lsa, do'zaxda abadiy qolmaydi. Balki, jahannam azobi bilan gunohlaridan poklangandan so'ng albatta jannatga kiradi. (Alloh barchamizni do'zax azobidan asrasin).  Qarindoshlariga yaxshilik qilgandan so'ng minnat qiladigan inson ham yuqoridagi qattiq ogohlantirishga loyiqdir. Chunki bu fe'l ham uni jannatga kirishiga to'sqinlik qiladigan ishlardandir. Yuqorida o'tgan gaplardan ota-onaga oq bo'luvchi va silai rahmni uzuvchi kishilarning dunyo va oxiratda jazoga loyiqligini bildik. Bu hadisi sharifda esa Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ko'p mast qiluvchi ichimliklar ichuvchini ham jannatga kirmasligini zikr qildilar. Shuning uchun, spirtli ichimliklar ichuvchi yoki narkotik moddalar va mast qiluvchi narsalarni iste'mol qiluvchi kishilar bu hadisning ma'nosini chuqur o'ylab ko'rsinlar. Hamda, Allohga astoydil tavba qilsinlar. 

Yaxshilikdan keyin minnat qilish razil xulqlardandir. Shunga ko'ra, agar bir inson biror kishiga yaxshilik qilsa yoki unga sadaqa qilsa, so'ngra unga minnat qilib, ehson va sadaqasini uning oldida gapirsa, batahqiq ehson va sadaqasining savobi zoye bo'ladi. 

Minnatchi savoblarini zoye qilib, ehson qilgan odamidan ko'proq foyda olish uchun unga ozor beradi va agar undan biror narsa ololmasa, unga biror zarar etishini orzu qiladi. Bu narsa uyat va xorlikdan ham battar sharmandalikdir. 

Shayx Muhammad Arifiy aytadilar:

«Tahorat qilasanu, isrof qilasan.

Hijob o'raysanu, atir sepib olasan.

Tahajjud namoziga turasanu, birodaring bilan arazlashasan.

Ro'za tutasanu, g'iybat qilasan.

Sadaqa berasanu, minnat qilasan.

Ko'zingni och! Solih amallarningni teshik xaltaga solma»

 Allohdan o'zimizga va barcha musulmonlarga yordam va hidoyat so'raymiz!

 

Odiljon Narzullayev Yangiyo'l tuman Imomi Sulton jome masdidi Imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Abul Barakot Nasafiyning ilmiy merosi va “Tafsirun Nasafiy” asari

16.06.2025   5212   7 min.
Abul Barakot Nasafiyning ilmiy merosi va “Tafsirun Nasafiy” asari

Abul Barakot Nasafiyning ilmiy meroslari va xususan “Tafsirun Nasafiy” asari

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent Islom instituti talabasi

Hamidullayev No‘monxon

 

Annotatsiya: Mazkur maqolada mo‘g‘ullar istilosi davrida yashagan, hanafiy fiqh va moturidiy aqida yo‘nalishining yetuk vakillaridan biri bo‘lgan alloma Abul Barakot an-Nasafiyning ilmiy merosi o‘rganiladi. Uning kalom, fiqh va tafsir sohalariga oid muhim asarlari, xususan “Madorik at-Tanzil va Haqoiq at-Ta’vil” nomli tafsiri alohida tahlil qilinadi. Ushbu tafsir asari hanafiylik va ahli sunna ta’limotiga asoslangan bo‘lib, unda Zamaxshariyning “Kashshof” va Bayzoviy tafsirlaridan tanlab olingan jihatlar, ammo mo‘taziliy yondashuvlardan holi uslub qo‘llanilgan.

Muallif Qur’on oyatlarini fiqhiy, tilshunoslik va kalomiy jihatdan izohlab, tafsirni mo‘tadil, ixcham, isroiliylardan pok va ilmiy yondashuvga asoslangan holda yozgan. Shuningdek, maqolada Abul Barakot Nasafiyning boshqa mashhur asarlari va ulamolar tomonidan berilgan ta’riflar ham bayon etilgan. Bu maqola tafsir ilmi rivojiga qo‘shilgan boy ilmiy merosni ochib berish barobarida, hanafiy tafsir maktabining o‘ziga xos jihatlarini ham yoritadi.

Kalit so‘zlar: Abul Barakot an-Nasafiy, Madorik at-Tanzil, Tafsir an-Nasafiy, hanafiy mazhabi, moturidiy aqida, tafsir ilmi, Kashshof, Bayzoviy, ahli sunna val jamoa, fiqh, kalom, Qur’on tafsiri, mo‘g‘ullar davri, isroiliyat, qiroatlar, tafsir uslubi.

Nasafdan yetishib chiqqan ulug‘ olimlardan biri Abul Barakot Nasafiy o‘zining tafsir, fiqh, aqida sohalariga oid asarlari bilan mashhur bo‘lgan. U tug‘ilib, yashagan payt mo‘gullar hukmronligi davri bo‘lganligi uchun Movarounnahrda ilmiy, madaniy va iqtisodiy holat tanazzulga tushib qolgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Abul Barakot Nasafiy kabi fidoiy olimlar ilmni jonlantirishga va qayta tiklashga harakat qilganlar[1]. Abul Barakot Nasafiyning turli sohalardagi asarlari;

“Al-Musaffo fi sharh al-manzuma an-Nasafiya” (“an-Nasafiy nazmining musaffo sharhi ”) – ilmi kalomga oid;

“Al-Mustasfo fi sharh al-fiqh an-nofi” (“Tanlangan foydali fiqh sharhi”) – islom huquqshunosligiga oid;

“Umdat al-aqoid” (“Aqidalar asosi”) – kalom ilmiga oid.

Abul Barakot Nasafiyning tafsir ilmi bo‘yicha ahli ilm orasida “Tafsir an-Nasafiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan va hanafiy mazhabiga muvofiq bitilgan “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” (Qur’on ma’nolari va ta’vil haqiqatlari) kitobi boshqa asarlar orasida eng qimmatlilaridan biri desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki boshqa tafsir kitoblari orasida katta shuhrat qozongan “Tafsir an-Nasafiy” kitobi dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan hanafiy mazhabiga binoan yozilgan, undagi oyatlar aynan moturidiya ta’limotiga binoan bayon etilib, o‘sha davrning ilm markazlari Buxoro va Samarqandning olimlari fikrlari bilan boyitilgandir. Bu asarni yozishda Nasafiy Zamaxshariyning “al-Kashshof an haqoiqi-t tanzil”, Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil” va boshqa  tafsirlardan foydalangan[2].

Alloma Laknaviy Abul Barakot Nasafiy 1310 yilda Bag‘dodga kelgani, mudarrislik qilgani va shu yerda vafot qilganlini aytib o‘tgan[3]. 1310 yili rabi al-avval oyining juma kuni kechasi Bag‘dodda vafot etgan hamda Isfahon yaqinidagi Izaj shahrida (Xuziston va Isfahon oralig‘ida) dafn qilingan.

Quyida ushbu buyuk imom haqida ba’zi ulamolarning fikrlari keltiramiz: Imom Laknaviy uni shunday ta’riflagan: “Komil imom, zamonasining ziyrak olimlaridan, fiqhda asosiy manbalarga amal qilgan, hadis va uning ma’nolarida yetuk olim”[4].

Imom Ibn Hajar uni “dunyoning allomasi”[5] deb atagan.

Ibn Kamol Pasha uning yuksak ilmiy maqomi haqida shunday degan: “U mutaqaddim faqihlar va muhaqqiqlar qatorida yuqori mavqega ega bo‘lib, zaif va mavzu' hadislarni o‘z asarlarida keltirmagan, balki mustahkam dalillarga tayangan”.

Shuningdek, u shunday degan: “Ijtihod eshigi u kishi bilan yopilgan, undan keyin hech bir mazhabda yangi mujtahid kelmagan”[6].

Abul Barakot Nasafiyning bir qator asarlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Nasafiy tafsiri ta’rifi va muallifining undagi uslubi.

Bu tafsirni Imom Nasafiy rohimahulloh “Tafsirul Bayzoviy” va Zamaxshariyning “Kashshof” tafsirlaidan muxtasar qilib olgan. Lekin u Kashshofdagi mo‘tazila e’tiqodidagi fikrlarni tashlab, Ahli sunna val Jamoa mazhabiga ko‘ra ta’lif qilgan. Bu tafsir uzun tafsirlar bilan qisqa tafsirlar orasidagi o‘rtacha tafsirdir. Bu tafsirda Imom Nasafiy rohimahulloh qiroat va tarkib qoidalari o‘rtasidagi vajhlarni jamlagan. Bunga Kashshofda kelgan balog‘at qoidalari va yashirin nozik ma’nolarni kashf etishdan iborat bo‘lgan bir qancha narsalarni ham kiritgan.

Shu bilan birga, Zamaxshariy o‘z tafsirida qo‘llagan savol va javoblarni ham keltirgan. Lekin imom Nasafiy rahmatullohi alayh o‘zining bu tafsirida oyatlarni asos qilib olgan. Shuning uchun “Kashshof”ning sohibi suralarning fazilati haqida mavzu' hadislarni keltirganidek u kishi mavzu' hadislarni keltirmagan.

Imom Nasafiy rohimahulloh grammatik qoidalarga chuqur kirmay, balki yengil to‘xtalib o‘tgan. Mutavotir yetti qiroatni lozim tutib, har bir qiroatni o‘z qorisiga nisbatini bergan. Hukm oyatlarning tafsirida fiqhiy mazhablarga qisqacha to‘xtalib o‘tgan. Har bir mazhab keltirgan fikrlarni qisqacha bayon qilib, asosan, ko‘pincha o‘zining hanafiy mazhabini qo‘llab-quvvatlagan. Mazhabiga muxolif kelganlarga raddiyalar bergan. Bu tafsirda Isroiliyot rivoyatlarining zikri kamdan-kam uchraydi. Shunda ham bunday rivoyatlarni keltirib turib, so‘ngra rad qiladi.

Darhaqiqat, imom Nasafiy rohimahulloh o‘z tafsirining avvalida qisqa bir iborani keltirib, unda o‘zining bu tafsirini yozishdagi yo‘nalishi va uslubini bayon qilib, jumladan, shunday deydi: “Tafsir ilmida qiroat va tarkib vajhlarini jamlagan, «Badi' va ishorat” ilmining nozik jihatlarini o‘z ichiga olgan, Ahli sunnat val jamoatning so‘zlari bilan bezalgan, bid’at va zalolat ahlining botil fikrlaridan xoli bo‘lgan, malol keladigan darajada juda uzun bo‘lmagan va xalal beradigan darajada juda qisqa bo‘lmagan, o‘rtacha bir kitobni yozdim».

 

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YHATI

  1. Uvatov U. Yurtimiz allomalari. – Toshkent: Nihol, 2014. – B. 98.
  2. Abul Barakot an-Nasafiy. Kanz ad-daqoiq. – Madina: Dorus siroj, 2001 – B. 29.
  3. Abul Barakot an-Nasafiy. Kanz ad-daqoiq. – Madina: Dorus siroj, 2001 – B. 13.
  4. Abdulhay Laknaviy. Favoidul bahiyya. – Bayrut: Matba’atus sa’oda, 1998. – B. 101.
  5. Ibn Xajar Asqaloniy. Durarul kamina. – Haydarobod: Maorifil Usmoniya, 1994, – J. 1. – B. 17.
  6. Abdulhay Laknaviy. Favoidul bahiyya. – Bayrut: Matba’atus sa’oda, 1998 – B. 101-102.