“O'zaro mehr-oqibatli bo'lmaguningizcha, komil mo'min bo'lolmaysizlar”
Muqaddas Islom dinimiz insonlarni tinch-totuv, hamjihat, kechirimli, bir-birimizga do'st va birodar bo'lib hayot kechirishga buyuradi. Tarixdan ma'lumki, dinimizni mana shu ko'rsatmasiga amal qilib yashagan musulmonlar doimo baxt va saodatda yashaganlar, tinch-totuv hayot kechirganlar. Alloh taolo Qur'oni karimda musulmonlar o'zaro aka-uka va birodar ekani haqida shunday marhamat qilgan:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ
ya'ni: “Albatta, mo'minlar birodardirlar” (Hujurot surasi 10-oyat).
Islom dini insonlarni doimo bir-birlari bilan yaxshi muomalada bo'lishga buyurar ekan, ularning muomalalari beg'araz bo'lishi uchun o'zaro munosabatlari ham samimiy bo'lishi lozimligini ta'kidlaydi.
Zero, inson tabiatan kirishimli qilib yaratilgan, ya'ni u jamiyatdan ajralib, alohida yashay olmaydi. Shunday ekan, mo'min kishi diniy va dunyoviy ishlarini to'g'ri yo'lga qo'yishda solih do'stu yorlarni tanlashi lozim. Payg'ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflarida marhamat qiladilar:
وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لاَ تَدْخُلُوا الْجَنَّةَ حَتَّى تُؤْمِنُوا وَلاَ تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا
“Bir-birlaringizga birodar bo'lmaguningizcha, mo'min bo'lmaysizlar, mo'min bo'lmaguningizcha, jannatga kira olmaysizlar”(Imom Muslim rivoyatlari).
Agar bu do'stlik Alloh uchun bo'lsa, u yana ham mustahkam bo'ladi, chunki Alloh roziligi uchun bo'lgan do'stlikka hech qanday dunyoviy g'araz aralashmaydi. Boshqacha qilib aytganda, dunyoviy ishlar yuzasidan sen-menga borib qolgan taqdirda ham, ularning do'stligiga putur etmaydi. Shuning uchun ham dinimizda Alloh uchun do'stlashishga targ'ib qilinib, bunga katta ajru mukofotlar va'da qilingan. Abu Dardo raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
إنَّ حَوْلَ الْعَرْشِ مَنَابِرُ مِنْ نُوْرٍ عَلَيْهَا قَوْمٌ لِبَاسُهُمْ نُوْرٌ وَوُجُوهُهُمْ نُوْرٌ لَيْسُوا بِأَنْبِيَاءَ وَلاَ شُهَدَاءَ يَغْبِطُهُمُ النَّبِيُّونَ وَالشُّهَدَاءُ فَقَالُوا: يَا رَسولَ اللهِ صِفْهُمْ لَنَا فَقَالَ: هُمْ اَلْمُتَحَابُّونَ فِي اللهِ
وَالْمُتَجَالِسُونَ فِي اللهِ وَالْمُتَزَاوِرُونَ فِي اللهِ
(رواه الإمام مسلم)
ya'ni: “Arshning atrofida nurdan bo'lgan minbarlar bor. Ushbu minbarlarda liboslari nur, yuzlari nur bo'lgan bir qavm bo'ladilar. Ular payg'ambar ham, shahidlar ham emaslar. Ularni payg'ambar va shuhadolar havas qiladilar”, – dedilar. Shunda sahobalar: “Bizga ularni tavsiflab bering, Yo Rasululloh”, dedilar. Shunda Rasulimiz alayhissalom: “Ular Alloh yo'lida bir-birlariga muhabbat qiluvchilar, Alloh yo'lida birga o'turuvchilar, Alloh yo'lida bir-birlarini ziyorat qiluvchilar”, – deya marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Islom tarixidan ma'lumki, Abu Zarr raziyallohu anhu bilan Bilol ibn Raboh raziyallohu anhu o'rtalarida biroz kelishmovchilik bo'lib, achchiqlangan Abu Zarr raziyallohu anhu Bilol ibn Rabohga: “Ey qora xotinning o'g'li, meni bosib olding!” – degandilar, Bilol g'azab qilgan holda o'rnilaridan turib: “Allohga qasam, men bu ishni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga aytaman”, – dedilar.
Bu xabar etkazilganida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yuzlari o'zgarib ketdi va: Ey Abu Zarr! Onasini aybladingizmi? Sizda johiliyat odatlari bor ekan”, – dedilar.
Abu Zarr yig'ladilar va: “Ey Allohning rasuli, menga istig'for ayting” dedilarda, masjiddan yig'lagan holda chiqib ketdilar.
Keyin Bilolning oldiga kelib, yuzlarini tuproqqa qo'ydilar-da: “Allohga qasam, to oyog'ing bilan yuzimni ezg'ilamaguningcha, boshimni ko'tarmayman. Sen olijanob kishisan, men esa – pastkashman”, – dedilar.
Bilol ham yig'lab unga yaqinlashdilar-da, uning yuzidan o'pdilar. So'ngra: "Allohga qasamki, Alloh uchun bir marta bo'lsa ham sajda qilgan yuzni oyog'im bilan bosmayman”, dedilar. Keyin ikkovlari o'rinlaridan turib, bir-birlarini quchoqlab, yig'ida davom etishdi.
Bizlar bugungi kunda bir-birimizga yomonlik qilib qo'ysak, kechirasiz deb aytishga ham botina olmaymiz. Aslida, uzr so'rash yuqori saviyadagi madaniyat hamda oliy fazilatli xulqlardandir.Qolaversa, Islom dinida, irqiy kamsitish yoki millat ajratish, inson zotini tahqirlash qoralangan. Inson qaysi millat va irqdan bo'lmasin, unga nisbatan kamsitish – ma'naviy qashshoqlikdir!
Mo'min-musulmonlar o'zaro birodar bo'lganlaridan keyin, bir kishi haqida fikr bildirish borasida tiliga juda ehtiyot bo'lishi lozim. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
إِنَّ العَبْدَ لَيَتَكَلَّمُ بِالكَلِمَةِ مِنْ رِضْوَانِ اللَّهِ، لاَ يُلْقِي لَهَا بَالا، يَرْفَعُهُ اللَّهُ بِهَا دَرَجَاتٍ، وَإِنَّ العَبْدَ لَيَتَكَلَّمُ بِالكَلِمَةِ مِنْ سَخَطِ اللَّهِ، لاَ يُلْقِي لَهَا بَالا، يَهْوِي بِهَا فِي جَهَنَّمَ
(رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya'ni: “Kishi o'zi e'tibor bermagan holda Alloh rozi bo'ladigan so'zni aytishi mumkin. Bu bilan Alloh uning jannatdagi darajasini ko'taradi. Shuningdek, kishi o'zi e'tibor bermagan holda Allohni g'azabi keladigan so'zni gapirib qo'yishi mumkin. Bu bilan Alloh uni jahannamga tushiradi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom musulmonlarning bir-birlariga do'st, birodar, ko'makdosh bo'lishlari zarurligini bundan o'n besh asr muqaddam e'lon qilib, Islom ummatini o'zaro birodarlikka, qardoshlikka, hamkorlikka chaqirganlar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
﴿المُسلمُ أخو المُسلمِ لا يَظلِمُه ولا يُسلِمُه مَن كان في حاجةِ أخيه كان اللهُ في حاجتِه ومَن فرَّجَ عن مسلمٍ كُربةً فرَّجَ اللهُ بها عنه كُرْبةً مِن كُرَبِ يَومِ القِيَامَةِ ومَن سَتَرَ مُسْلمًا سَتَرَه اللهُ يَومَ القِيَامَةِ﴾
ya'ni: “Musulmon – musulmon kishining birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmanga ham topshirib qo'ymaydi. Kim birodarining hojatida bo'lsa, Alloh ham uning hojatida bo'ladi. Kim musulmondan g'am-tashvishni ketkazsa, Alloh taolo uni Qiyomat g'am-tashvishlaridan xalos etadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo Qiyomat kunida uning ham aybini berkitadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
لَا يُؤْمِنُ أحَدُكُمْ، حتَّى يُحِبَّ لأخِيهِ ما يُحِبُّ لِنَفْسِهِ
ya'ni: “Kishi o'zi uchun yaxshi ko'rgan narsani birodariga ham ravo ko'rmagunicha komil mo'min bo'la olmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom sahobai kiromlardan birlariga uch marta Jannatni bashoratini berdilar. Shunda, Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu u kishini uylarida mehmon bo'lib, uch kun amallarini kuzatdilar. Lekin hech qanday ortiqcha amalni ko'rmadilar. Keyin, u sahobadan Abdulloh ibn Amr: “Qaysi amalingiz tufayli Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytgan narsaga erishgansiz?” – deb so'radilar. U zot: “Siz ko'rganingizdan boshqa narsa yo'q. Lekin ko'nglimda biror musulmonga nisbatan g'illu g'ashlik saqlamayman va Alloh unga bergan narsaga hasad qilmayman”, – dedilar. Abdulloh ibn Amr: “Ha, mana shu narsa sizni ushbu darajaga olib chiqqan ekan”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! Do'stlik va birodarchilikka putur etkazadigan masalalardan biri – turli masalalarda ixtilof qilish, bexuda tortishuvlarga kirishishdir. Aynan shu kunlarda yangi yil kunini nishonlash haqida bahs-munozaralar ko'paymoqda. Ma'lumki, ayni paytda dunyoda yuzlab bayramlar va nishonlanadigan kunlar mavjud. Har bir mamlakatning bayram va tantanalari mana shu xalqning dini, madaniyati va tarix mobaynida erishgan yutuqlarini o'zida aks ettiradi. Bugungi kunda yurtimizdagi bayramlar xilma-xil bo'lib, ular milliy, diniy, kasbiy va xalqaro kabi turlarga bo'linadi. Mazkur bayramlarning ayrimlari hukumat tomonidan dam olish kuni sifatida e'lon qilingan.
Bayramlar uch qismga bo'linadi, quyida ularni bayon qilamiz:
Islom dini bayramlarida xursandchilik qilgan, ota-onasi, ahli ayoli, qarindosh va tanish-bilishlariga kengchilik yaratganlar hamda qurbonlik qilganlar savob oladilar va ibodat qilganning ajriga erishadilar. Hatto eb-ichish xursandchilik alomati bo'lganidan yuqorida zikr qilingan ikki hayit va tashriq kunlarida ro'za tutish makruhdir.
Yuqoridagilar kabi ijtimoiy bayramlardan yana biri – melodiy yil boshlanish sanasini nishonlashdir.
Yurtimizda ham yangi yil sanasini o'ziga xos tarzda kutish va o'tkazish odat tusiga kirgan. Ushbu sanani nishonlovchi fuqarolar o'zlarini boshqa din vakillariga qaysidir aqidada o'xshashlikni maqsad qilmaydilar. Aksincha yangi boshlanadigan sanani xursandchilik bilan kutib, yangi kunga yangi maqsadlar, yangicha kayfiyat bilan kirib borishni maqsad qiladilar. Shu sababdan ularning qilayotgan ishlariga diniy tus berish, ularni e'tiqodiy xatoga yo'l qo'yganlikda ayblash yoxud kufrga nisbat berish mutlaqo nojoiz sanaladi.
Vaholanki, birovni kufrga chiqarish – juda hassos masaladir. Buning o'zini asoslari, qoidalari, bu masalani hal qiladigan kishilari bor. Agar bir kishi dinda qat'iy dalillar bilan sobit bo'lgan biror narsani o'zi bilgan holda inkor qilsa yoki biror kufr lafzini aytsa, hatto barcha holatda ham uni kofirga chiqarish oddiy insonlarning ishi emas. Bu masala qozilar, muftiylar ko'rib chiqadigan masaladir.
To'g'ri, ushbu masala yuzasidan zamonamiz ulamolari o'rtasida har xil fikrlar mavjud. Shariatga zid bo'lmagan holatda nishonlashni joiz deydigan ulamolar, melodiy yil hisobining boshlanishini nasroniylikdagi diniy bayramlar bilan bog'lash noto'g'ri, deydilar. Chunki ulardagi diniy bayram yilning 24–25 dekabr' yoki 6–7 yanvar' kunlariga belgilangandir. Dunyo aholisi 1 yanvar' kuniga milodiy sananing boshlanishi sifatida qaraydi. Uni muayyan din, shu jumladan nasroniylik yoki boshqa din bilan bog'lamaydi.
Dinimiz manbalarida ham boshlanayotgan kun, oy va yil uchun baraka so'rab duo qilish zikr qilingan. Tolha ibn Ubaydulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qachon yangi chiqqan oyni ko'rsalar shunday der edilar:
اللَّهُمَّ أَهِلَّهُ عَلَيْنَا بِالْيُمْنِ وَالْإِيمَانِ وَالسَّلَامَةِ وَالْإِسْلَامِ رَبِّي وَرَبُّكَ اللهُ
(رَوَاهُ الامَامُ التِّرْمِذِيُّ)
“Allohim! Uni bizga xayr-baraka, imon, salomatlik va Islom ila chiqargin. Robbim va Robbing – Allohdir” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Shunday ekan, har bir boshlanayotgan kun, oy, yilni yaxshi duo va niyatlar ila boshlash durust bo'ladi.
Alloh taolo barchalarimizni O'zining roziligi yo'lida do'stlashuvchi solih bandalaridan qilsin! Mo'min-musulmonlarning hamjihatligini ta'minlasin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan