Joriy yilning 1-9 dekabr' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyev boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistonida Umra ziyoratini tashkil qilish bo'yicha xizmat safarida bo'ldi.
Delegatsiya butun dunyoda qo'llanilayotgan karantin cheklovlari sharoitida Umra safarini tashkil qilish bo'yicha Podshohlik muassasalari bilan muzokaralar olib bordi. Inshaalloh, yaqin fursatlarda, COVID pandemiyasi boshlanishidan avval Umra safari uchun pul to'lab, navbatda turganlar va boshqa fuqarolar uchun tabarruk ziyoratni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi.
Karantin tartiblariga muvofiq mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o'rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o'rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarga rioya etish unchalik katta bo'lmagan miqdorda qo'shimcha mablag'larni talab etishi mumkin.
Umra ziyoratlari muddatlari, qo'shimcha to'lov miqdori, vaktsinatsiya to'g'risidagi ma'lumotlar tez orada ma'lum qilinadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Muslim.uz #Umra
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi