Davrada o'n besh nafar ayol edik. Suhbatimiz mahr mavzusiga kelib taqaldi. Dugonalarimizdan faqat bir nafari mahriga nima olishni o'zi tanlab, qimmatbaho taqinchoqni mulk qilib olgan ekan.
Ayollardan yana birining aytishicha, kuyov kelinga taqqan nikoh uzugini mahr degan. Yana birining er tomoni kelin bo'lib tushayotgan bir uy, bir dahlizni mahrga berdik, deyishgan. Biroq o'n besh yildan beri o'zining mahriga berilgan xonaning birida ikki bolasi bilan erdan ajragan qaynsinglisi yashar, ikki xona bir-biriga uyqash bo'lgani uchun ikkinchisida ham erkin nafas ololmas emish.
Bir necha ayol o'sha paytda yosh, hayajonda bo'lganini ayta turib, attang qildi. Mahrga nima atashganini ham eslay olmas ekan.
Ehtimol, nimadir aytilgandir, biroq to'ydan keyin hech kim unga mana shu narsa sening mahring edi, demagan.
Yana bir ayolning hikoyasi antiqa bo'ldi.
U bilan ham hech kim nikohgacha mahr haqida gaplashmagan. Faqat nikoh o'qilayotgan mahal domlaning “Mahrga nima ataldi?” degan so'rog'iga javoban kuyov taraf: “Falon joydagi 3 sotix hovli, uch xona uy”, deb javob bergan. Kelin bu gapni eslab qolgan.
Oradan bir necha yil o'tib, alohida ko'chib chiqqan yosh oila moddiy jihatdan qiyinchilikka uchraydi. Kelin mahriga atalgan hovlini eslaydi. Yoshlar qaynona-qaynotaga bor gapni aytishganida kattalar bu gaplarga jahl qilib: “Kelin
uyalmaydimi?! Mahri o'rniga boshqa uy-joy qildilaring-ku!” qabilida javob qaytarishadi. Boz ustiga, o'sha erning uch xonali uy qurilgan qismi qaynakaning nomiga rasmiylashtirilgan bo'lib chiqadi.
Bir qancha gap-so'zlardan keyin bo'sh turgan qismi yoshlarga topshirilib, sotishga ruxsat beriladi. Lekin pulning yarmidan ko'pini qaynota olib qo'yadi.
Tabiiyki, arzimagan pul ularning moddiy ehtiyojini ham qoplamaydi. Lekin mahr egasiga topshirilgan bo'lib qoladi.
Bu voqealarni eslar ekan, kelin umri mobaynida bir necha bor moddiy qiyinchilikka duch kelib: “Mahrim qo'limda bo'lganida ishlatardim”, deb o'kinganini va o'z haqini, albatta, qiyomatda undirishga ahd qilganini aytdi.
Bu voqeadan keyin ko'plab tanishlardan mahr haqida so'radim va hammasidan yuqoridagi singari javoblar oldim. Afsuski, keyingi paytda mahr nimaligini unutib qo'ygan ekanmiz.
Qur'oni karimda mahr haqida bunday marhamat qilinadi: “Hotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz! Agar sizlarga o'zlari undan biror narsani ixtiyoriy ravishda kechsalar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringlar” (Niso surasi 4-oyat). Ushbu oyat ayollarga mahrni mamnuniyat bilan berilishi kerakligini ta'kidlamoqda. Qur'oni karimning yana to'rt oyatida mahr berish erga
vojib ekani qayd etilgan. Demak, bu masalaga jiddiy qarash, uni o'rnida ado etish nafaqat bo'lg'usi kelin-kuyovlar, balki barcha ota-onalar oldida turgan muhim vazifadir.
Gavhar NASRULLOH, jurnalist
"Mo'minalar", 3-son, 2023 yil
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari