Dog'iston Respublikasi muftiysi shayx Ahmad Afandining o'zbek tilida nashr etilgan "Axloqus solihiyn" nomli kitobining taqdimoti 9 dekabr' kuni Do'stlik uyida bo'lib o'tdi. Bu haqda "Dog'iston" AA ma'lumot berdi.
Tadbirga O'zbekistonning Rostov-don shahridagi Bosh konsuli Rustam Qo'rg'onboyev va 1-kotib-konsul Ho'jabaxlil Asamovlar taklif etildi. Unda Dog'iston Respublikasi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari, munitsipalitetlar, Rossiya tashqi ishlar vazirligining Maxachqal'adagi vakolatxonasi, Dog'iston muftiysi, ma'naviy-ma'rifiy tashkilotlar va universitetlar, o'zbek diasporasi vakillari, shuningdek, Respublika ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar ishtirok etadi.
"Taqdimot chet el fuqarolarining ijtimoiy-madaniy moslashuvini targ'ib qilish, ekstremizm va terrorizm mafkurasiga qarshi kurashish, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash tadbirlari doirasida o'tkaziladi", – deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.
Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.
Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati