Qohira shahrida O'zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatda tahsil olayotgan yuzlab vatandoshlarimiz ishtirokida Asosiy qonunimiz – Konstitutsiya qabul qilinganining 29-yilligi munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Misrda xizmat safarida bo'lib turgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ishtirok etdi.
O'zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev 24 oktyabr' kuni bo'lib o'tgan Prezident saylovida faol ishtiroki uchun vatandoshlarimizga minnatdorlik izhor etdi.
Misrdagi yurtdoshlarimizni ulug' ayyom – O'zbekiston Konstitutsiyasi kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etib, Asosiy qonunimiz mohiyatiga singdirilgan insonparvarlik tamoyillarini ta'minlash bo'yicha mamlakatimizda tizimli va keng ko'lamli demokratik islohotlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.
Bosh qomusimizda belgilab qo'yilgan har bir insonning, jumladan, yoshlarimizning huquqlarini qo'llab-quvvatlash va amalga oshirishda adolat printsipini amalda ta'minlash bo'yicha va ayni damda faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mutahkamlash bo'yicha jadal ishlar davom ettirilayotgani aytib o'tildi.
Davlatimiz rahbarining «Yangi O'zbekiston - maktab ostonasidan boshlanadi» g'oyasi asosida ta'lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, ilm-fan, madaniyat va san'at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning iste'dod va qobiliyatini ro'yobga chiqarish borasida qilinayotgan keng ko'lamli ishlar ta'kidlandi.
Bularning barchasi xalqimizning ertangi kunga bo'lgan ishonchini mustahkamlashga, yurtimizda Uchinchi Renessans – milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini va Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida xizmat qilayotgani qayd etildi.
Chet eldagi vatandoshlarimizning huquq va erkinliklarini ta'minlash, mavjud muammolarini tezkor va ijobiy hal etish, ularga amaliy yordam ko'rsatish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, O'zbekiston fuqarolari hamisha o'z davlati va Konstitutsiyasi himoyasida bo'lishi va bu tamoyil bundan buyon ham qat'iy amalga oshirilishiga e'tibor qaratildi.
Suhbatda bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni qo'llab-quvvatlashga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotgani, ularning ta'lim olishi, iqtidorini namoyish etishi va iste'dodini shakllantirishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani ta'kidlandi. Misrdagi o'zbek talabalariga ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanishi, turli xil soxta g'oyalarga uchmaslik lozimligi uqtirildi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, milliy an'ana va qadriyatlarimizni rivojlantirishga davlat tomonidan katta ahamiyat berilayotgani haqida so'z yuritdi. Ulug' allomalarning ilmiy merosini chuqur o'rganish, yoshlarni ilm-ma'rifatli etib tarbiyalash har bir mamlakatning ustuvor vazifasi ekanini qayd etdi.
O'zbekistonda ta'lim va ilmiy faoliyatda erishilgan yutuqlarga ham to'xtalib o'tildi. Talaba yoshlarga tinchlik dini bo'lgan islom dinining mazmun-mohiyati, yurtimizda tug'ilib, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo'shgan buyuk mutafakkirlarimizning bebaho ma'naviy merosini chuqur tadqiq etish, xalqaro darajadagi zamonaviy mutaxassis kadrlarni tarbiyalash davlatimizni ustuvor maqsadi ekani aytildi. O'z navbatida, Misrda tahsil olayotgan yoshlar ilm o'rganish yo'lida bardavom bo'lib, yurtimiz ravnaqi yo'lida xizmat qilishlari kerakligi urg'ulandi.
Tadbirda o'zbek talabalari o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi. “Ochiq muloqot” tarzida kechgan uchrashuv samimiy va ko'tarinki kayfiyatda yakunlandi.
Tadbir so'ngida ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni yozildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.
Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.
Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati