Har bir narsaning ochqichi bo'lgani kabi jannatning ham kaliti bo'ladi. Bu “Laa ilaha illalloh” kalimasidir. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda: «Jannatning kaliti “Laa ilaha illallohu Muhammadur rasululloh” kalimasidir» deyilgan.
Boshqa bir hadisda: «Bir kishi qalbi bilan tasdiqlagan holda tili bilan “Laa ilaha illalloh” desa, albatta, Alloh taolo unga hajahannamni harom qiladi” deyilgan» (Muttafaqun alayh).
Muso alayhissalom Alloh taologa munojot qilib: “Yo Rabbim! Menga shunday so'zlarni o'rgatki, men doimo shu so'zlar bilan Seni zikr qilayin”, dedi. Alloh taolo: «Ey Muso, Laa ilaha illalloh de, dedi». Muso alayhissalom: “Yo Rabbim! Barcha bandalaring shu kalimani aytadi. Men maxsus bir kalima istayman”, dedi. Alloh taolo: “Ey Muso, etti qavat osmon va ulardagi barcha narsalar: quyosh, oy, yulduzlar, jannatlar, Arsh, Kursi, farishtalar, etti qavat er va ulardagi narsalar, tog'lar, dengizlar, daryoyu anhorlar, dov-daraxtlar, jinlar va hayvonlar tarozining bir pallasiga, “Laa ilaha illalloh” kalimasi ikkinchi pallasiga qo'yilsa, shubhasiz, “Laa ilaha illalloh” kalimasi og'ir keladi», deb marhamat qildi (Imom Bag'aviy, “Sharhus sunna”).
Har bir mo'min-musulmonning qo'lida jannatning kaliti bor. Ta'bir joiz bo'lsa, “tishlari” namoz, ro'za, zakot va haj bo'lgan ushbu ochqichni zanglatib qo'ymasligimiz kerak. Avvalo, ibodatlarimizni beriyo, tavoze, xushu va xuzu bilan ado etishimiz lozim. Bordi-yu, toatlarimizga riyo aralashsa, gunohlarimiz ko'paysa, kalit sekin zanglay boshlaydi.
Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh alayhissalom: “Qalblar fitnaga bir-bir ro'baro' qilinadi. Qaysi qalb ularni qabul qilsa, unga bitta qora dog' tushadi. Qaysi qalb inkor etsa, oq dog' tushadi. Oxiri qalblar ikki xil bo'lib qoladi: biri Safo singari oppoq bo'lib, eru osmonlar bor ekan, unga fitna zarar qilmaydi. Ikkinchisi qop-qora bo'lib, bunday qalb egasi yaxshilikni bilmaydi, yomonlikdan qaytmaydi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo bir kalima evaziga bizga jannatni va'da qildi. Mo'min kishi jannatga intilishi, jahannamdan qochishi kerak. Bu yo'lda Rabbimiz bizga ko'p imkoniyatlarni ato etdi. Lekin ba'zan mana shu imkoniyatlardan foydalana olmay qolamiz. Sahobalar jannat evaziga biror masala ko'ndalang bo'lsa, evazi, badali nima bo'lishidan qat'i nazar, behishtga almashtirishgan.
Saodat asri davrida bir yigit Payg'ambar alayhissalomning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, uylanib, oilam bilan farovon turmush qurish, nomahramlarning ko'zi hovlimizga tushishining oldini olish maqsadida qo'shnim bilan mening hovlim o'rtasiga devor o'rnatishga kirishdim. Devor tiklayotsam, o'rtada qo'shniga tegishli xurmo daraxti bor ekan. Qo'shnimdan xurmo daraxtini menga sotsangiz, uni kesib devor tiklasam, dedim. U ko'nmadi. Vaholanki, qo'shnimning xurmozori bor. U hovlimiz o'rtasidagi bitta xurmoga qarab qolgan emas”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo'shnini chaqirtirib, xurmo daraxtini sotib olishni so'radilar. Yigit bunga ham, devor tiklashga ham rozi bo'lmadi. O'jarligi, qaysarligi, dunyoga hirs qo'ygani sababli hatto turli takliflarga ko'nmagan yigitga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar xurmo daraxtini qo'shningga bersang, men senga jannatdan xuddi shunday daraxting bo'lishiga va'da beraman”, dedilar.
Yigit bu taklifga ham rozi bo'lmadi. Shunda Abu Dahdah ismli sahoba roziyallohu anhu darhol o'rnidan turib: “Yo Rasululloh, ruxsat bering” deb, gapira boshladi va: “Agar shu yigitdan darxtini sotib olsam, unga va'da qilingan jannatdagi xurmoni menga berasizmi?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Shunday qilsang, men senga jannatdagi xurmoni Allohdan so'rab olib beraman” dedilar.
Abu Dahdahni tanimagan, bilmagan, u kishining xurmozori haqida eshitmagan kishi yo'q edi. U kishi o'sha yigitning oldiga borib: “Meni taniyapsanmi? Hurmozorimni, qudug'imni, uyimdagi barcha narsalarni shu bitta xurmo daraxtiga almashtiraman”, dedi.
Buni kutmagan yigit darhol rozi bo'ldi. Abu Dahdah roziyallohu anhu devor tiklayotgan haligi yigitga: “Hurmo daraxtini kesib tashlab, devoringni tiklayver”, dedi.
Abu Dahdah Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yuzlanib: “Endi menga jannatdagi xurmoni Alloh taolodan so'rab berasizmi?” dedi. Shunda Payg'ambar alayhissalom: “Yo'q”, dedilar. Abu Dahdah hayratlanib: “Yo Rasululloh, axir, o'zingiz jannatda va'da qilingan xurmoni Allohdan so'rab olib beraman, degandingiz-ku”, dedi. Shunda Sarvari koinot: “Birodaringga shunday saxovat qildingki, endi senga jannatdan bir tup xurmo emas, balki butun boshli xurmozorni, qudug'i bilan, qasri bilan so'rab beraman”, dedilar.
Abu Dahdah roziyallohu anhu uyiga borib ayoliga: “Ey onasi, bolalarni olib chiq, uyni va bog'ni sotdim”, dedi. Ayoli: “Kimga sotdingiz, nima uchun sotdingiz, endi nima qilamiz?”, demasdan erining so'zini ikki qilmadi. Abu Dahdah roziyallohu anhu: “Hurmozorni jannatdagi xurmozorga alishtirdim”, dedi. Ayoli: “Eng yaxshi tojoratingiz shu bo'libdi”, dedi.
Abu Dahdah oilasi bilan bog'dan chiqib ketayotgan edi, farzandlaridan biri erda yotgan bir dona xurmoni olib og'ziga soldi. Shunda Abu Dahdah yugurib borib, bolasining og'zidan xurmoni oldi va: “Bolajonim, endi bu mevalar bizniki emas. Bizning mevalarimiz jannatda”, dedi.
Boyazid Bistomiy rahmatullohi alayhdan: «“Laa ilaha illalloh” kalimasi jannatning kaliti deyilgan. Bundan murod nima?” deb so'rashdi. U zot: «Darhaqiqat, jannatning kaliti “Laa ilaha illalloh” kalimasidir. Bu kalitning to'rtta “tishi” bor. Ular: 1) yolg'on va g'iybatdan tiyilgan til; 2) makr va xiyonatdan saqlangan qalb; 3) harom va shubhali narsalardan parhezda bo'lgan oshqozon; 4) nafsoniy tuyg'ularga uchmagan, riyo aralashmagan amal», dedilar.
Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati