Shayx Jaloliddin Suyutiy rahimahulloh aytadilar: “Men shayx Shamsiddin ibn Qamohani o'zining Abul Abbosiy Mustag'firiydan (hadis) jamlanmasi ustida topdim, shunda u (menga bir hadisni qanday o'rganganini) hikoya qilib: “Men imom Abu Homidil Misriydan ilm izlash orzusida, Misrga borishga qaror qildim. U zot bilan ko'rishganda Holid ibn Validdan rivoyat bo'lgan hadisni so'zlab berishini so'radim. U zot meni bir yil ro'za tutishga buyurdi. Bir yil ro'za tutib, so'ngra o'sha maqsad ilinjida yana u kishining huzurlariga qaytdim. Shunda u zot menga o'z shayxidan to Holid ibn Validgacha bo'lgan sanad ila u hadisni aytib berdi”, dedi. Ushbu hadis quyidagicha edi. Holid ibn Valid roziyallohu anhu aytadilar:
— Bir kishi Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib u kishiga:
— Men sizdan dunyo va oxirat haqidagi ba'zi narsalarni so'ramoqchiman,-dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Senga ma'lum bo'lmagan narsalar haqida so'ra.—dedilar.
— Ey Allohning Payg'ambari sollallohu alayhi vasallam, men odamlarning olimrog'i bo'lishni xohlayman?!
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Allohga taqvo qil, odamlarning olimrog'i bo'lasan!—dedilar.
— U: Insonlarning mol-dunyosi ko'pi bo'lishni yaxshi ko'raman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Qanoatli bo'l, insonlarning eng boyi bo'lasan! — dedilar.
— U: Men insonlarning afzalrog'i bo'lishni yoqtiraman?! — dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Insonlarning yaxshisi — ularga foydasi tegadigan kishidir, insonlarga manfaat etkazuvchi bo'lgin!—dedilar.
— U: Insonlarning odilrog'i bo'lishni yaxshi ko'raman?!- dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: O'zinga yaxshi ko'rgan narsani, boshqa odamlar uchun ham yaxshi ko'r, insonlarning odilrog'i bo'lasan!—dedilar.
— U: Men Allohga insonlarning xosrog'i bo'lishni xohlayman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Alloh zikrini ko'paytir, Alloh taologa bandalarning xosrog'i bo'lasan!—dedilar.
— U: Ehson qiluvchilardan bo'lishni yaxshi ko'raman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Allohga Uni ko'rib turgandek, agar unday qilolmasang, U seni ko'rib turgandek ibodat qil.—dedilar.
— U: Iymonim komil bo'lishini yoqtiraman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Hulqingni go'zal qil, iymoning komil bo'ladi!—dedilar.
— U: Toat qiluvchilardan bo'lishni yaxshi ko'raman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Allohning farzlarini ado qilgin, toat qiluvchilardan bo'lasan!—dedilar.
— U: Qiyomat kuni nurli holda hashr qilinishimni yaxshi ko'raman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Hech kimga zulm qilma! Qiyomatda nurli holda hashr qilinasan!—dedilar.
— U: Robbim taboraka va taolo menga rahm qilishini yaxshi ko'raman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: O'zinga va Allohning yaratganlariga rahm qil, Alloh senga rahm qiladi!—dedilar.
— U: Gunohlarim oz bo'lishini xohlayman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Allohga istig'for ayt, gunohlaring kamayadi!—dedilar.
— U: Odamlarning karamlirog'i bo'lishni hohlayman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Alloh haqida uning xalqiga shikoyat qilma, insonlarning karamlirog'i va ulug'rog'i bo'lasan!—dedilar.
— U: Rizqimni keng bo'lishini xohlayman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Doimo tahoratli bo'lgin! Rizqing kengaytiriladi!—dedilar.
— U: Alloh va Uning rasuliga suyukli bo'lishini xohlayman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Alloh va Uning rasuli yaxshi ko'rgan narsalarni yaxshi ko'r, Alloh va Uning Payg'ambari g'azab qilgan narsaga sen ham g'azab qil!—dedilar.
— U: Allohning noroziligidan omonda bo'lishni xohlayman?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Hech kimga g'azab qilma, Allohning g'azabi va noroziligidan omonda bo'lasan!—dedilar.
— U: Alloh ayblarimni yashirishini istardim?!—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Birodarlaring aybini yashirsang, Alloh seningayblaringni yashiradi!—dedilar.
— U: Mening xatolarimni o'chirib yuboradigan narsa nima?—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Allohdan qo'rqib to'kilgan ko'z yoshi, xuzu'va kasalliklar!—dedilar.
— U: Allohning nazdida yaxshilikning qaysi biri afzalroq?—dedi.
— U zot sollallohu alayhi vasallam: Husni xulq , tavoze', balolarga sabr qilish vaqadarga rozi bo'lish!—dedilar.
— U: Allohning nazdida qaysi gunoh ulkan?—dedi.
— U zot: Yomon xulq va baxil bo'lish!—dedilar.
— U: Rohmanning g'azabini so'ndiradigan amal nima?—dedi.
— U zot: Maxfiy sadaqalar qilish va silai rahm!—dedilar.
— U: Jahannamni o'tini nima o'chiradi?—dedi.
— U zot: Ro'za!—dedilar.
Manbalar asosida
Ho'jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi
Muhammadkuddus Abdulmannon tayyorladi
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati