Yangi O'zbekiston diniy e'tiqodlar hamda madaniy-ma'naviy omillarning umumiy silsilasiga kiruvchi, teng huquqli qadriyat sifatida tan olindi va to'la erkinlik berildi. Diniy tashkilotlarga qonun doirasida ochiq va daxlsiz faoliyat ko'rsatish imkoniyati yaratildi. O'zbekiston aholisining asosiy qismi islom diniga, boshqa millat vakillari esa o'zlarining din va mazhablariga emin-erkin e'tiqod qilmoqda. Diniy emin-erkinlik haqida so'z yuritar ekanmiz hozirda yurtimizda 15 dan ortiq diniy konfessiya vakillari bag'rikenglik tamoyili asosida yashamoqdalar. Ular vatan mustaqilligini mustahkamlash, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash yo'lida hamjihat faoliyat yuritmoqdalar.
Yer kurrasida faxrli o'rinni olgan suveren demokratik O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni mamlakatimiz uzra kirib kelmoqda. Bu muqaddas an'anaviy kun ona diyorimizda bayram sifatida keng nishonlanishi xalqimizning asl muddaosidir. Qomusimizda xalqimiz ruhiga mos keladigan diyonat, mehr-oqibat, or-nomus, adlu insof, imon-e'tiqod, bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanganligi, iffat, hayo, shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy huquqlar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar, inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari, fuqarolarning burchlari kabi eng ezgu ijtimoiy mavzularning mujassam bo'lgani sababli u mamlakatimiz ravnaqiga o'z xissasini qo'shmoqda.
Aytishimiz mumkinki, ko'p millatli O'zbekistonimizda turli diniy e'tiqodlar vakillari o'rtasidagi hamjihatlikni huquqiy mustahkamlab qo'yilgan. Bu quyidagi: “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar qonun oldida tengdirlar”. (18-modda) deyilgan jumlalarda o'z ifodasini topgan. E'tibor bersak, mazkur moddada diniy e'tiqod hamda milliy hayotga, fuqarolarning milliy his-tuyg'ulariga daxldor muhim ahamiyatga ega qator tamoyillar belgilab qo'yilganiga ishonch hosil qilamiz.
Darhaqiqat, jannatmakon yurtimizda, so'nggi yillarda aholining diniy qadriyatlarga e'tiborining ortishi tarixiy-an'anaviy madaniyatni tiklashda muhim omillardan biriga aylangan. Yurtimizda olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy, milliy va diniy islohotlar haqida so'z yuritar ekanmiz, islom diniga, uning qadriyatlariga bo'lgan munosabat nechog'li rivojlanib borayotganiga yana bir bor guvoh bo'lamiz.
Yaxshi bilamizki, mustaqillik yillarida yurtimizda islom dini ravnaqi va taraqqiyoti yo'lida keng imkoniyatlar ochildi. E'tiqod erkinligi, shu kunlarda qabul qilinganligini keng nishonlanish arafasida turgan Asosiy bosh Qomusimizda kafolatlanib qo'yilgan. Bu Konstitutsiyamizning “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e'tiqod qilish huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi” (31-modda).degan iboralar bilan o'z aksini topgan.
Mamnuniyat bilan ayta olamiz, xalqimizni barchasi uchun xizmat qilish Qonunimizda belgilab berilgan. Unda aynan mehr-shafqat ko'rinishi quyidagi 45-moddada o'z ifodasini topgan: “Voyaga etmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg'iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir”. Bunday insonparvarlik ramzi bo'lmish mehr-muruvvatni muqaddas dinimiz, milliyligimizning hayot baxsh ta'limoti, avvalo, insonni eng azizu mukarram zot sifatida e'zozlaydi. Odamlar din va e'tiqodda bir-birlaridan farqlansalarda, asosiy qonunimizning tamoyili bilan fuqarolar teng huquqli, ularning o'zaro mehr-shafqatli, hamda do'stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashda barcha barobardirlar.
Bilamizki, asosiy Qonunimizda jinsi, millati, dini, irqi, yoshi, e'tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va boshqalarga ko'ra inson huquqlarini muayyan darajada kamsitadigan birorta ham moddaning yo'qligidan, o'ylaymizki, ajdodlarimizdan meros bo'lib kelayotgan milliy qadriyatlarimiz va bebaho an'analarimizning beqiyos o'rni bor. Ming yilliklar davomida ajdodlardan avlodlarga, ota-onalardan farzandlarga, vorislarga o'tib kelayotgan va dunyoning hech bir burchagida takrorlanmaydigan ajoyib munosabatlarning, insoniy fazilatlarning asosiy Qonunimizdan o'rin egallagani tahsinga sazovor. Shunga ko'ra azaldan ajdodlardan meros bo'lib kelayotgan ota-ona va farzandlar munosabati insoniy fazilatlar sifatida oila va nikohga kata e'tibor qaratib kelingan. Nasl-nasabni saqlash, jamiyatning ma'naviy holatini yaxshilashning asosiy omili oila deya e'tirof etilgan. Bu esa Konstitutsiyaning 63-moddasida: “Oila jamiyatning asosiy bo'g'ini dirhamda jamiyat va davlat muhofazasida bo'lish huquqiga ega” deb oilaga alohida to'xtalib o'tilgan.
Bir so'z bilan aytganda Yurtimizda kafolatlab qo'yilgan dinu-diyonat erkinligi, insoniy g'amxo'rliklarni, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni, tinchlik-osoyishtalikni ilohiy marhamat va ulug' ne'mat deb qabul qilib, ular uchun shukronalar keltirishimiz ayni musulmonchilik burchimizdir. Zero, bu bilan Allohning “Shukr etsalaringiz, albatta ziyoda etaman” degan chaqirig'iga muvofiq bo'lamiz.
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.