Istiklolga erishgach, mamlakatimiz tarakkiyotidagi barcha o'zgarish, yangilanish va yutuklar zamirida Asosiy Qonunimiz yotadi.
Asosiy Konunimiz jahon me'zonlari talablariga javob beribgina qolmay, xalqaro miqyosda namuna bo'lgulik huquqiy hujjat ekanini ham ko'rsatadi. Bu mazmundagi e'tiroflarga o'z-o'zidan sazovor bo'lingani yo'q. Chunki bunday darajadagi huquqiy hujjatni tayyorlash, qabul qilish va uncha-muncha tasavvurlardagi ishlardan ham mas'uliyatliroq va murakkabroqki, buni anglash uchun birinchi Prezidentimizning quyidagi fikrlarini yana bir bora yodga olish o'rinli: "Tabiiyki, har qanday davlatning yuzi, obro'-e'tibori uning Konstitutsiyasi hisoblanadi. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnomadir. Asosiy Qomusimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Bir so'z bilan aytganda, Konstitutsiyamiz tom ma'noda xalkimiz tafakkuri va ijodining maxsulidir".
Mamlakatimiz xalqi murakkab tarixiy jarayonni boshdan kechirdi. Barcha qiyinchilik, jabr-zulm va adolatsizliklarga qaramay, buyuk ajdodlarining munosib avlodlari, jahonga dovrug'i ketgan mashhur allomalarning konuniy vorislari ekanini har tomonlama isbotladi. Allohning lutfu karami ila aziz istiqlolga erishdi. Nurli kelajak sari katta ishonch bilan qaramoqda va ulug' orzulariga etmoqda.
Ona diyorimizda yashovchi barcha xalqlar hayotida muhim voqea bo'lgan Asosiy Qonunimiz qabul qilindi. Ma'lumki Asosiy Qonunimizda inson omilining huquqi, sha'ni va qadr-qimmatining eng oliy qadriyat, deb belgilab qo'yilgani bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar tufayli o'z isbotini topmoqda. Unga asosan olib borilayotgan faoliyat va sa'y-harakat o'zining ijobiy natijalarini bermoqda. Mamlakatimiz musulmonlari ham diniy, ma'rifiy qadriyatlarning qayta tiklanishiga ham shohid bo'lmoqdadir.
Asosiy Qonunimizda jinsi, millati, dini, irqi, yoshi, e'tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi kabi omillarga ko'ra, inson huquqlarini muayyan darajada kamsitadigan birorta moddaning yo'qligida, o'ylaymizki ajdodlarimizdan meros bo'lib kelayotgan milliy qadriyatlarimiz va bebaho an'analarimizning beqiyos o'rni bor. Ming yilliklar davomida ajdodlarimizdan avlodlarga, ota-onalardan farzandlarga, vorislarga o'tib kelayotgan va dunyoning xech bir burchagida takrorlanmaydigan ajoyib munosabatlarning, insoniy fazilatlarning Asosiy Qonunimizdan o'rin egallagani tahsinga sazovor.
Diyorimizning barcha hududlarida istiqomat qiluvchi mo'min-musulmonlar ushbu Qomusda belgilab qo'yilgan huquq va erkinliklardan keng va bemalol foydalanmoqdalar. Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq muhokamasidan o'tganidan keyin, 1992 yil 8 dekabr' kuni qabul qilindi.
Mazkur hujjat qabul qilinishi mustaqil yurtimizning davlatchilik tarixida buyuk voqea bo'ldi. Unga binoan 1998 yil 1 mayda qabul qilingan yangi tahrirdagi "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida"gi Qonunga asosan diniy tashkilotlarning huquqiy maqomi belgilab berildi. Mazkur qonunning 5-moddasi e'tiqod sofligi, diniy bag'rikenglikka asoslangandir.
Diyorimiz mustaqillikka erishgach, milliy istiqlol haqidagi azaliy orzu-umidlarimiz amalga oshdi. Natijada, asriy qadriyatlarimiz tiklandi va rivojlanib bormoqda. Madaniyatimiz, dinimiz o'zining tabiiy-tarixiy, milliy falsafiy asoslariga qaytmoqda. Ayniqsa, ma'naviy me'rosni o'rganish, ajdodlarimiz qoldirib ketgan turli sohalardagi asarlarni ommalashtirish, buyuk allomalar, ulug' ajdodlarimizning muborak nomlari va ijodining xalqqa qaytarib berilishi, ona tili va dinimiz rivojlanishi uchun sharoit yaratilgani o'zbek xalqi, xususan, musulmonlar uchun buyuk xaloskorlik va millatning kelajak tarqqiyoti uchun qudratli kuch-omil bo'ldi.
Mustaqil ona diyorimizda yashovchi barcha xalqlar tomonidan iqror qilingan Asosiy Qonunimizda inson huquqlari, burch va vazifalari kabi vijdon erkinligi ham alohida belgilab qo'yilgan. Asosiy Qonunimizning 31-moddasida "Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. ... Diniy qarashlarni majburiy singdirishga yo'l ko'yilmaydi ", deb alohida ta'kidlangan. Muqaddas Islom dini qadriyatlari boy va buyuk ma'naviyatimiz asosi ekanini e'tirof etib, Vatanimizning birinchi Prezidenti bunday deganlar: "Biz o'z millatimizni mana shu muqaddas dindan ayri xolda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o'zligimizni yo'qotamiz".
Asosiy Qonunimiz moddalarida nafaqat xalqchil tamoyillariga, balki ming yillar davomida rivojlanib kelgan milliy ma'naviyatimiz asoslariga ham tayanadi.
Ming afsuslar bo'lsinki, asosiy Qonunimizning mazkur 31-moddasini ayrim g'arazli kimsalar, o'zlarini missioner deb biluvchilar tomonidan qo'pol ravishda buzish hollari hamon uchramoqda. Ular g'arazli harakatlarini turli faoliyatlar orqali amalga oshirishmokda. O'zlarining bunday nopok maksadlarini yoshlar o'rtasida, ayniqsa, xech bir diniy ma'lumoti bo'lmagan yoki turli yot ta'sirlarga beriluvchan ayrim sodda fuqarolar orasida yoyishga urinishmokda. Natijada, ba'zi yurtdoshlarimiz aldanib moddiy-ma'naviy qiyinchiliklar baxonasida xorijiy missionerlar tuzog'iga ilinib qolishmoqda. Imon-e'tiqodlaridan mahrum bo'lib, ikki dunyo saodatini qo'ldan boy berib qo'yishmoqda. Shu munosabat bilan barchani ogohlikka, qadriyatlarimiz va u bilan bog'liq bo'lgan tarixiy boy me'rosimizni kelajak avlodlarimizga, aziz farzandlarimizga to'la-to'qis ravishda etkazishga chorlaymiz.
Biz uchun yod bo'dgan har qanday harakat, g'oya va fikrlarga befarq bo'lmasligimiz, mustaqil ona diyorimiz xalqiga, uning tinch turmushi va farovonligiga bo'layotgan tahdid xavflardan ogox bo'lishimiz, bu yo'lda o'zimizning xolis xissa va xizmatlarimizni ko'shishimiz lozim.
Bugun, dunyoning turli nuqtalarida diniy, milliy va etnik mojarolar, urush va xunrezliklar bo'layotgan bir pallada, yurtimiz tinch va osuda, millat va elatlar hamjihat va xotirjam yashayotgani, shu choqqacha milliy yoki diniy nizolar kelib chiqmagani bu borada katta ishlar amalga oshirilayotganini yaqkol ko'rsatadi. Bunday imkoniyatlar uchun har qancha shukr qilsak arziydi.
Mamlakatimizda huquqiy Davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda Konstitutsiya va u asosida yaratilgan qonunlarimizning ustuvorligi jamiyat taraqqiyoti va ravnaqini belgilab beruvchi eng muhim omil hisoblanadi.
Bir so'z bilan aytganda, Konstitutsiyamiz - baxtimiz qomusi, ertangi porloq va nurafshon hayotga etkazuvchi nurli yo'limizdir.
Odiljon Narzullayev
Yangiyul tuman
«Imom Sulton» jome
masjidi Imom xatibi.
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati