Alloh taolo bizga go'zal, ozod va obod Vatan ato etdi. Allohga cheksiz hamdlar bo'lsinki yurtimizga istiqlol ne'mati bergan ulug' imkoniyatlardan biri bu xalqimizning hurlik va ozodligi, uning kafolatlarini ta'minlovchi bosh qomusimiz O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi sanaladi.
Joriy yilning 8 dekabr' sanasida ham milliy an'analarimizga monand ravishda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi kunini keng nishonlaymiz. Biz bu bayramni chin yurakdan, dildan kutamiz. Sababi, ushbu muhim hujjatning muqaddimasidan tortib har bir moddasi yuksak tafakkur bilan ishlangan. Eng asosiyni insoniylik qadri va qiymati kafolati muxrlab qo'yilgan.
Undagi moddalar mazmuni jahon andozalariga mos kelishi, insonparvarligi, kishilarning vijdon erkinligi, iymon-e'tiqodini himoya qilishi va boshqa qator muhim jihatlarni o'zida aks ettirganligi dunyo miqyosidagi qonunshunoslar tomonidan haqli ravishda e'tirof etilgan.
Bosh Qomusimizning katta bir imkoniyatlaridan biri shuki, yurtimizga asriy qadriyatlar qatori muqaddasi dinimiz e'zozi ham o'z o'rniga qo'yilgandir.
Islomni ulug'lagan, uning insonni ma'naviy kamolotini targ'ib qilishga xizmat qiluvchi ta'limotini hurmatlagan yurtdoshlarimiz esa bugun emin-erkin ibodat qilishayapti. Joylarda yuzlab masjidlar, islom oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari faoliyat olib boryapti.
Mazkur asosiy qonunda fuqarolarimizning din sohasidagi huquq va erkinliklarining ta'minlanishi uzoq yillar dinga nisbatan taziyq ostida yashagan xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega bo'ldi. Demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri bo'lgan, e'tiqod erkinligini ta'minlash masalasi Konstitutsiyada o'z aksini to'liq topgan. O'zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlandi. Aniqrog'i, har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega bo'ldi. Hech qaysi din davlat dini darajasiga ko'tarilmasligi, barcha millat, elat va din vakillarining qonun oldida teng ekanliklari jahon hamjamiyatida o'z o'rniga ega bo'lgan yurtimizning demokratik tamoyillarga asoslangan mustaqil taraqqiyot yo'liga ega davlat ekanligining yorqin dalili sifatida namoyon bo'ldi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-soddasida: «O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar», deb belgilab qo'yilgan.
Istiqlol yillarida diniy bag'rikenglik masalasi yurtimiz bosh shiorlaridan biri sifatida maydonga chiqdi. Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil va bahamjihatlikda yashamoqdalar. Bu ham bo'lsa qomusimiz kafolatidir.
Birgina bu moddani tahlil qiladigan bo'lsak, Alloh taoloning: «Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni birerkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir»(Hujurot surasi, 13-oyat), oyatiga hamohang tarzida belgilab qo'yilganligini ko'rishimiz mumkin.
Muxtasar qilib aytganda, Konstitutsiya millatimiz fahri. Dinimiz ko'rsatmalarini ham bu qomusimizda ko'rishimiz mumkin. Mamlakatimiz bag'rikenglik sohasida dinlar va millatlararo totuvlik, hamjihatlik o'rnata olgan hamda bu sohada boshqalarga namuna bo'la oladigan davlat sifatida jahonda o'z o'rniga egadir.
Shu fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Davlatimiz qomusi Konstitutsiya qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etib qolaman.
Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, barcha xalqimizni o'zaro hamjihatlik, tinchlik va totuvlikda yashashlari Yaratganning o'z bardavom aylashligini so'rab qolaman.
Mirzamaqsud domla Alimov
O'zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakili,
viloyat bosh imom-xatibi
Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf hamda mamlakatimizdagi elchisi Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin domla Eshonqulov va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarilgani ta’kidlanib, mehmonlar Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yonida yangi barpo etilgan "Hadis" mehmonxonasi ochilishi bilan qutlandi. Shuningdek, delegatsiyaga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, Diniy idora, Ulamolar Kengashi va Fatvo markazi faoliyati haqida so‘zlab berildi.
Muloqot davomida XIV asr oxiri XV asr boshlarida Indoneziyada Islom ma’rifati yoyilishiga hissa qo‘shgan Ibrohim Samarqandiy va boshqa ulamolar merosi xalqlarimizni chambarchas bog‘lab turishi qayd etildi. Yaqin o‘tmishda Indoneziyaning birinchi Prezidenti Ahmad Sukarnoning Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgani iliq xotirlandi.
Uchrashuvda Haj va Umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni almashish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash, yurtimizdagi "Vaqf" xayriya jamoat fondi va Indoneziya vaqf tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yakunda mazkur tashabbus va takliflarni hayotga tatbiq etish uchun mas’ullar belgilandi. Mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati