Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Konstitutsiya baxtimiz qomusidir

08.12.2021   3277   4 min.
Konstitutsiya baxtimiz qomusidir

Alloh taolo bizga go'zal, ozod va obod Vatan ato etdi. Allohga cheksiz hamdlar bo'lsinki yurtimizga istiqlol ne'mati bergan ulug' imkoniyatlardan biri bu xalqimizning hurlik va ozodligi, uning kafolatlarini ta'minlovchi bosh qomusimiz O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi sanaladi.

Joriy yilning 8 dekabr' sanasida ham milliy an'analarimizga monand ravishda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi kunini keng nishonlaymiz. Biz bu bayramni chin yurakdan, dildan kutamiz. Sababi, ushbu muhim hujjatning muqaddimasidan tortib har bir moddasi yuksak tafakkur bilan ishlangan. Eng asosiyni insoniylik qadri va qiymati kafolati muxrlab qo'yilgan.

        Undagi moddalar mazmuni jahon andozalariga mos kelishi, insonparvarligi, kishilarning vijdon erkinligi, iymon-e'tiqodini himoya qilishi va boshqa qator muhim jihatlarni o'zida aks ettirganligi dunyo miqyosidagi qonunshunoslar tomonidan haqli ravishda e'tirof etilgan.

Bosh Qomusimizning katta bir imkoniyatlaridan biri shuki, yurtimizga asriy qadriyatlar qatori muqaddasi dinimiz e'zozi ham o'z o'rniga qo'yilgandir.

Islomni ulug'lagan, uning insonni ma'naviy kamolotini targ'ib qilishga xizmat qiluvchi ta'limotini hurmatlagan yurtdoshlarimiz esa bugun emin-erkin ibodat qilishayapti. Joylarda yuzlab masjidlar, islom oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari faoliyat olib boryapti.

        Mazkur asosiy qonunda fuqarolarimizning din sohasidagi huquq va erkinliklarining ta'minlanishi uzoq yillar dinga nisbatan taziyq ostida yashagan xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega bo'ldi. Demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri bo'lgan, e'tiqod erkinligini ta'minlash masalasi Konstitutsiyada o'z aksini to'liq topgan. O'zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlandi. Aniqrog'i, har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega bo'ldi. Hech qaysi din davlat dini darajasiga ko'tarilmasligi, barcha millat, elat va din vakillarining qonun oldida teng ekanliklari jahon hamjamiyatida o'z o'rniga ega bo'lgan yurtimizning demokratik tamoyillarga asoslangan mustaqil taraqqiyot yo'liga ega davlat ekanligining yorqin dalili sifatida namoyon bo'ldi.

        O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-soddasida: «O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar», deb belgilab qo'yilgan.

Istiqlol yillarida diniy bag'rikenglik masalasi yurtimiz bosh shiorlaridan biri sifatida maydonga chiqdi. Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil va bahamjihatlikda yashamoqdalar. Bu ham bo'lsa qomusimiz kafolatidir.

  Birgina bu moddani tahlil qiladigan bo'lsak, Alloh taoloning: «Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni birerkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir»(Hujurot surasi, 13-oyat), oyatiga hamohang tarzida belgilab qo'yilganligini ko'rishimiz mumkin.

        Muxtasar qilib aytganda, Konstitutsiya millatimiz fahri. Dinimiz ko'rsatmalarini ham bu qomusimizda ko'rishimiz mumkin. Mamlakatimiz bag'rikenglik sohasida dinlar va millatlararo totuvlik, hamjihatlik o'rnata olgan hamda bu sohada boshqalarga namuna bo'la oladigan davlat sifatida jahonda o'z o'rniga egadir.

        Shu fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Davlatimiz qomusi Konstitutsiya qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etib qolaman.

Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, barcha xalqimizni o'zaro hamjihatlik, tinchlik va totuvlikda yashashlari Yaratganning o'z bardavom aylashligini so'rab qolaman.

Mirzamaqsud domla Alimov

O'zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakili,
viloyat bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ar-Riyozda o‘zbek miniatyura san’ati ko‘rgazmasi ochildi

10.09.2026   72478   1 min.
Ar-Riyozda o‘zbek miniatyura san’ati ko‘rgazmasi ochildi

Saudiya Arabistoni poytaxtida O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Miniatyura san’ati: Buxorodan Arabiston yarim oroligacha. Muqaddas qadamjolar yo‘lidagi tarix” nomli madaniy kecha va ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda diplomatik korpus, davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari vakillari, madaniyat va san’at arboblari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada o‘zbek ustalarining 35 ta ijodiy ishi namoyish etilib, ular tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston miniatyura rangtasviri tarixi, badiiy xususiyatlari va an’analari bilan tanishtiradi.

O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va o‘zbek-saudiya madaniy-gumanitar aloqalarini rivojlantirishda madaniyatning o‘rnini ta’kidladi.

“AlMashtal” kreativ markazi rahbari, malaka Nura bint Saud bin Naif Al Saud O‘zbekistonni mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, miniatyura san’atini islom badiiy merosining bir qismi sifatida saqlab qolish ahamiyatini alohida qayd etdi.

Tadbir doirasida ta’lim va san’at sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Saudiya universitetlari vakillari Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan akademik almashinuvlar, qo‘shma tadqiqotlar va kasbiy aloqalarni o‘z ichiga olgan sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilar uchun ikki kun davomida ochiq bo‘ladi. Shuningdek, o‘zbek mutaxassislari rahbarligida 35 nafar saudiyalik havaskor rassomlar va yosh ustalar uchun amaliy mahorat saboqlari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari