Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2025   |   25 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:46
Quyosh
06:05
Peshin
12:23
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:46
Bismillah
17 Sentabr, 2025, 25 Rabi`ul avval, 1447

Prezident farmoni bilan 182 nafar shaxs afv etildi

08.12.2021   953   2 min.
Prezident farmoni bilan 182 nafar shaxs afv etildi

Insonparvarlikning yuksak namunasi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig'i sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o'tayotgan hamda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan 182 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan to'liq ozod etildi, 108 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi engilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 63 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 6 nafarini chet el fuqarolari, 6 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 9 nafarini ayol hamda 25 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishlari, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishlari uchun ularga ko'mak berish bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

O'zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

17.09.2025   1064   3 min.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Paxtachi tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor uchrashuvlarni samarali va mazmunli tashkil etish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. U kishi har bir masjid imom-xatibi hamda mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng Ahmadxon domla, Paxtachi tumani bosh imom-xatibi I.Isayev hamrohligida tuman markazidagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi hududida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar doirasida:

  • Xonadon egalariga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
  • Vaqf xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tomonidan 7 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Har bir xonadonda samimiy muloqot o‘rnatilib, ezgu duolar qilindi. Ota-onalarning minnatdorliklari barcha ishtirokchilar qalbiga iliqlik bag‘ishladi.

Viloyat ishchi guruhi Paxtachi tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini ado etib, jamoatga quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:

  • “Qo‘shnichilik munosabatlari va ularning odoblari”
  • “Oila – muqaddas ”
  • “Axborot olish va tarqatishda mas’uliyat”
  • “Tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadri”
  • “Farzand tarbiyasi – buyuk burch va mas’uliyat”
  • “Yoshlar – kelajak timsoli va umid sutuni”
  • “Berilgan ne’matlarga shukrona qilish fazilati”
  • “Oilaviy totuvlik va birdamlikni asrash”
  • “Chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga aldanmaslik”

Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidida “Salomatlik va osoyishtalik – eng katta boylik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy quvvatga to‘la ma’ruza qildi.

Yig‘ilish yakunida Paxtachi tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolari tahlil qilindi. Masjid hujjat yuritishi, obodonchilik ishlari va jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.

Rahbarlar tomonidan aholi bilan yaqin hamkorlik qilish, diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va xayr-saxovat ishlarini yanada kengaytirish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz olib borayotgan xayrli ishlariga zafarlar tilab, birgalikda xayrli duo qildilar.

Bu sayyor yig‘ilish Paxtachi ahli uchun nafaqat amaliy yordam, balki ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati

Yangiliklar