Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

10.12.2021 y. Cafar va unga doir odoblar

07.12.2021   4580   17 min.
10.12.2021 y. Cafar va unga doir odoblar

 SAFAR VA UNGA DOIR ODOBLAR

Muhtaram azizlar! Inson hayoti doim bir maromda, bir joyda kechmaydi. U har xil sabablar bilan uzoq yaqinlarga turli muddatlarda safar qilishga ehtiyoj sezadi. Haqiqatda musulmon kishi haj va umra, ilm talabi, rizq izlash, yaqin kishisini ziyorat qilish va hakazo safarlarga chiqadi.

 Alloh taolo bandalarini sayohat qilish, uning ne'mat va yaratganlaridan ibratlanishga buyurib shunday deydi:

 (قُلْ سِيرُوا فِي الْأَرْضِ فَانظُرُوا كَيْفَ بَدَأَ الْخَلْقَ)

سورة العنكبوت 20   

ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Ayting: «Yerda sayr qilib, (Alloh) qanday qilib yaratishni boshlaganini ko'ringiz!” (Ankabut surasi, 20-oyat).

Quyidagi oyatda esa sayohat qilib o'tgan ummatlarning holidan ibrat olishga chaqiriladi:

 (قُلْ سِيرُواْ فِي الأَرْضِ ثُمَّ انظُرُواْ كَيْفَ كَانَ عَاقِبَةُ الْمُكَذِّبِينَ)

  سورة الأنعام11

ya'ni: “Ayting: “Yerni sayr qilib (aylanib) chiqingiz. So'ngra (payg'ambarni) yolg'onchiga chiqarganlarning (oxir)oqibati ne bo'lganini ko'ringiz!”” (An'om surasi, 11-oyat).

Keyingi oyatda turli maqsadlarda sayohat qilishga buyurilmoqda:

هُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ ذَلُولًا فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا وَكُلُوا مِن رِّزْقِهِ وَإِلَيْهِ النُّشُورُ)

  سورة الملك 15 

ya'ni: “U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo'ysunuvchi) qilib qo'ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir” (Mulk surasi, 15-oyat).

Dinimizda safar mashaqqatlari e'tiborga olinib, bir qancha masalalarda engillik berilgan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

 يُرِيدُ اللَّهُ أَنْ يُخَفِّفَ عَنْكُمْ وَخُلِقَ الْإِنْسَانُ ضَعِيفًا

ya'ni: “Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) engillatishni xohlaydi. Axir, inson zaif yaratilganda!” (Niso surasi 28-oyat).

Safar ruxsatlardan foydalanish uchun shar'iy safar yuzaga chiqish kerak. Qisqa masofalarga safar qilinsa shar'iy ruxsatlardan foydalanib bo'lmaydi.

Imom Muslim rivoyat qiladilar:

 وَعَن شُرَيْح بن هَانِئ قَالَ : أتيت عَائِشَة أسألها عَن الْمسْح عَلَى الْخُفَّيْنِ ، فَقَالَت : عَلَيْك بِابْن أبي طَالب فَاسْأَلْهُ فَسَأَلْنَاهُ فَقَالَ : " جعل رَسُول الله [ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم َ ] ثَلَاثَة أَيَّام ولياليهن للْمُسَافِر ، وَيَوْما وَلَيْلَة للمقيم " 

Shurayh ibn Honi' aytadilar: “Oisha onamizning yonlariga mahsiga mash tortish haqida so'rab bordim. U kishi: “Ali ibn Abu Tolibdan so'ragin”, dedilar. Hazrati Alidan so'raganimizda: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam mahsiga mash tortishni musofir uchun uch kechayu uch kunduz, muqim uchun bir kechayu bir kunduz qilib belgilab berganlar”, deb javob berdilar” (E'lous sunan, Musofirning namozi, Qasr masofasi bobi, 7-jild, 259-bet).

 Safar masofasi haqida “Jome'us sag'ir kitobida aytiladi: “Tuyaning yurishi yoki piyoda yurishda uch kechayu uch kunduzlik yo'lni qasd qilib chiqqan muqim kishi shahrining binolaridan o'tib ketsa (uzoqlashsa), namozni qasr qilishi lozim va unga ro'zani tutmaslikka ruxsat bo'ladi. Tog'da ham uch kechayu uch kunduz yurish e'tiborga olinadi, agarchi tekislikda bu masofani kamroq vaqtda bosib o'tadigan bo'lsa ham”” (“Hulosatul fatovo”, Musofirning namozi, 22-fasl).

Ulamolarimiz uch kechayu kunduzlik yo'l taqriban ≈96 km masofaga teng deydilar. Hozirgi kunda tezkor ulovlar yoki uchoqlar bilan mazkur masofani qisqa muddatda bosib o'tsa ham, shar'iy safar hisoblanadi.

Yana muhim nuqta shuki, mazkur masofani qasd qilib yo'lga chiqqan kishi borib tushgan manzilida 14 kun va undan kam yashasa, u musofir bo'lib, namozlarini qasr qiladi va boshqa ruxsatlardan foydalanadi. Agar borgan joyida 15 kun va undan ko'p tursa, u muqim hisoblanib, ruxsatlardan foydalana olmaydi. Har ikki holatda ham yo'lda musofir hisoblanadi.

Chet ellarga turli maqsadlar bilan borgan va u erda 15 kundan ortiq, balki yillar davomida yashaydigan kishilar, o'zlarini musofir deb atasalarda, muqim hukmida bo'ladilar, ruxsatlardan foydalana olmaydilar.

Safardagi ruxsatlar quyidagilar:

  1. Namozlarni qasr qilishi.

Musofir to'rt rakatli farz namozlarni qisqartirib, ikki rakat qilib o'qiydi. Agar to'rt rakat qilib o'qisa makruh bo'ladi. Chunki, Alloh taolo tomonidan berilgan qulaylik va imkoniyatdan yuz o'girgan bo'ladi. Sunnatlarni to'liq o'qiydi. Uch rakatli Shom va vitr namozlarini o'zgartirmasdan uch rakat qilib o'qiydi.

  1. Iqtido va imomlik masalasi.

Musofir muqimga to'rt rakatli namozda iqtido qilsa, to'rt rakatni to'liq o'qiydi, ammo muqim musofirga iqtido qilsa, musofir salom bergandan keyin, muqim o'rnidan turib, yana ikki rakaat o'qiydi. Musofir kishi imom bo'lganda, iqtido qilguvchilarga musofirligini bildirib qo'yish kerak.

  1. Qazo namozlar.

Musofir musofirlikdagi qazo bo'lgan namozlarini, garchi muqim bo'lganidan keyin bo'lsa ham, qasr qilib o'qiydi. Muqimlikdagi qazolarni esa, garchi musofirlikda bo'lsa ham, to'liq qilib o'qiydi.

  1. Mash tortish.

Musofir mahsiga uch kecha-kunduz mash tortishi mumkin. Muqim esa bir kecha-bir kunduz mash torta oladi.

  1. Musofir kishiga ro'za tutish farz emas.

Lekin safari engil bo'lib qiynalmasdan ro'za tuta olsa, tutgani afzal.

  1. Musofirga juma namozi farz emas.

Lekin juma namoziga hozir bo'lsa, albatta jumani o'qiydi va bu peshinni o'rniga o'tadi. Boshqa paytlarda musofir peshin namozini o'qiydi.

  1. Musofirlarga iyd namozlari ham vojib bo'lmaydi.

Mabodo iyd namoziga hozir bo'lib qolsa, albatta, uni ado etadi.

  1. Musofirga qurbonlik vojib bo'lmaydi.

Ulamolarimiz safarning fiqhiy hukmlaridan tashqari boshqa odoblarini ham sanaydilar.

Imom Shofe'iy nazm yo'li bilan safarning beshta foydasi borligini aytadilar: g'amning ketishi, tirikchilik qilish, ilm, odob va ulug'lar bilan suhbat.

Musulmon safari davomida quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim bo'ladi:

  1. Yaxshi niyat. Musulmon to'g'ri niyat bilan safarini ham ibodatga aylantiradi. Bu Payg'ambarimiz alayhissalomning:“Amallar (savobi yoki gunohi) niyatlarga qarab bo'ladi, degan so'zlariga muvofiqdir (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
  2. Alloh taolo rozi bo'ladigan va xush ko'radigan ishlar uchun safar qilish.

Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar:

 مَا مِنْ خَارِجٍ يَخْرُجُ -يَعْنِي مِنْ بَيْتِهِ- إِلَّا بِيَدِهِ رَايَتَانِ, رَايَةٌ بِيَدِ مَلَكٍ وَرَايَةٌ بِيَدِ شَيْطَانٍ, فَإِنْ خَرَجَ لِمَا يُحِبُّ اللَّهُ -عَزَّ وَجَلَّ- اتَّبَعَهُ الْمَلَكُ بِرَايَتِهِ فَلَمْ يَزَلْ تَحْتَ رَايَةِ الْمَلَكِ حَتَّى يَرْجِعَ إِلَى بَيْتِهِ, وَإِنْ خَرَجَ لِمَا يُسْخِطُ اللَّهَ اتَّبَعَهُ الشَّيْطَانُ بِرَايَتِهِ فَلَمْ يَزَلْ تَحْتَ رَايَةِ الشَّيْطَانِ حَتَّى يَرْجِعَ إِلَى بَيْتِهِ

ya'ni:Kim uyidan chiqsa uning qo'lida ikkita (ma'naviy) bayroq bo'ladi. Biri farishtaning qo'lida, biri shaytonning qo'lida. Agar Alloh azza va jalla yaxshi ko'radigan ish uchun chiqsa, farishta o'z bayrog'i bilan unga ergashadi. U toki uyga qaytguncha farishtaning bayrog'i ostida bo'ladi. Agar Alloh taoloni g'azablantiradigan ish uchun chiqsa, unga shayton o'z bayrog'i bilan ergashadi. Toki uyga qaytgunicha shaytonning bayrog'i ostida bo'ladi(Imom Ahmad rivoyatlari).

  1. Safarga chiqishdan avval Alloh taologa istixora qilish (yaxshilik so'rash) va do'stlar bilan maslahatlashish.

Maslahat bilan ish ko'rish Payg'ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridandir.

  1. Safarga chiqishdan avval qarzlarni uzish va omonatlarni egalariga qaytarish.

Qarzini qaytarishga qodir bo'lmasa, qarz bergan kishidan safar uchun ruxsat so'rasin. Payg'ambarimiz alayhissalom Madinaga hijrat qilganlarida Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhuni omonatlarni egalariga qaytarish uchun Makkada qoldirdilar.

  1. Safarga chiqayotgan kishi oila ahliga vasiyati bo'lsa, qilishi zarur.
  2. Safar uchun solih yo'ldosh tanlash.

Hadisi shariflarda shunday deyiladi:

الرَّجُلُ عَلَى دِينِ خَلِيلِهِ فَلْيَنْظُرْ أَحَدُكُمْ مَنْ يُخَالِلُ

ya'ni: “Kishi do'stining dinida bo'ladi. Biringiz kim bilan do'stlashayotganiga qarasin” (Abu Dovud rivoyatlari).

لَوْ يَعْلَمُ النَّاسُ مَا فِي الْوَحْدَةِ مَا أَعْلَمُ, مَا سَارَ رَاكِبٌ بِلَيْلٍ وَحْدَهُ

ya'ni: “Odamlar yolg'iz yurish haqida men bilgan narsani bilganlarida edi, birorta otliq kechasi yolg'iz yurmagan bo'lardi” (Imom Buxoriy rivoyatlari)

  1. Safarga etarlicha tayyorgarlik ko'rish, ko'zlagan manziliga etar darajada mablag' hozirlash.
  2. Imkon boricha sahar vaqti safarga otlanish.

Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom:

اللَّهُمَّ بَارِكْ لِأُمَّتِي فِي بُكُورِهَا

ya'ni:Ey, Alloh! Ummatimning sahariga baraka bergin”, deb duo qilganlar. Bu hadisi sharifga amal qilgan savdogar sahobalar karvonlarini sahardan yo'lga chiqarishardi. Tezda ularning molu mulklari ko'payib ketdi.

  1. Safardan avval nafl namoz o'qish.

Hadisda zikr qilinishicha, kishi ahliga shu ikki rakat namozdan yaxshiroq narsa qoldira olmaydi.

     10. Safarga chiquvchining haqqiga ahli va do'stlari duo qilishi.

 O'z o'rnida musofirdan ham duo so'rash maqbul. Chunki u duosi qabul bo'ladigan holatda bo'ladi.

    11. Yo'lga chiqqanda duo qilish.

Uyidan chiqqanda shunday deydi:

بسم الله، توكلتُ على الله, ولا حول ولا قوة إلا بالله 

“Bismillahi, tavakkaltu alalloh, va la havla va laa quvvata illa billah”

   12. Yo'lda musofirlar o'zlariga bir rahbar saylab olishlari.

Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

إِذَا كَانَ ثَلَاثَةٌ فِي سَفَرٍ فَلْيُؤَمِّرُوا أَحَدَهُم 

ya'ni: Uch kishi safarga chiqsa, birlarini boshliq qilishsin”  (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

    13. Safar davomida zaif toifalarga rioya qilish.

 Ayniqsa, jamoat joylari va transport vositalari ichida: Eshik va derazalarni sheriklarining ruxsati bilan ochish, taomlanmoqchi bo'lsa, atrofdagilarni taklif qilish, xos suhbatlarni baland ovozda gaplashmaslik, yoshlar iloji boricha yaxshi joylarni keksalar, bemorlar va ayollarga bo'shatib berish, havoni chekish, ortgan taom va badbo'y hidli narsalar bilan iflos qilmaslik.

    14. Safar davomida guvoh bo'lganlaridan ibratlanish.

Alloh taoloning yaratganlarini tadabbur qilish.

    15. Ayol kishilar safarga chiqadigan bo'lishsa, o'zlari bilan biror mahramni hamroh qilishlari kerak.

    16. Musofir qaysi shaharga borsa, modomiki shariatga zid kelmas ekan, o'sha erning qonun-qoidalari va urf-odatlariga rioya qilishi.

Ularga zid ish qilmaslik kerak bo'ladi.

    17. Safar davomida shariatimiz ruxsatlaridan foydalanish.

 Chunki har qanday safar ham qiyinchilikdan xoli bo'lmaydi.

Demak, dinimiz ko'rsatmasiga ko'ra o'rni kelganda safar qilish va dunyoyu dini uchun foyda qozonish mahbub ishdir. Faqat safarga chiqishdan avval safarning fiqhiy hukmlari va odoblarini yaxshi o'rganib olishimiz zarur.

Alloh taolo doimo o'zi rozi bo'ladigan safarlar qilishni bizga nasib qilsin! Undagi noxushlik va mashaqqatlardan o'zi panoh bersin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   15459   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD