(“Siz tergan raqam xizmat doirasida...”)
Islom – g'oyat go'zal din. Barcha zamon va hamma makonlarga mos. Go'zalligi shundaki, dinimiz o'z ta'limotlari bilan insoniyatning baxtli-saodatli yashashini ochiq-oydin ko'rsatib bergan. Shu ko'rsatmalarga rioya qilgan kishining qayg'urishi u yoqda tursin, hatto bir lahza bo'lsa-da, noqulay vaziyatga tushib qolmasligi kafolatlangan.
Imom Abu Dovud Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Janob Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “O'zi haq bo'lca ham talashib-tortishmagan kishi uchun jannat chekkarog'idan uy berilishiga, hazillashib bo'lsa-da yolg'on gapirmagan kishi uchun jannatning o'rtasidan uy berilishiga, xulqini go'zal qilgan kishi uchun esa jannatning eng yuqori qismidan uy berilishiga men kafilman” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Muborak hadisi sharifni bejiz keltirmadik. Chunonchi, bugun ko'plab oilalarga darz ketib, Arshning larzaga kelishiga, ma'sum go'daklarning tirik etim bo'lib qolishiga, o'smirlarning boshi berk ko'chaga kirib qolib, jinoyatga qo'l urishiga, qizlar bahorida xazon bo'lishiga mobil telefon sabab bo'layotgani hech kimga sir emas...
Aslida muborak Islom dinimizda shaxsning daxlsizligi yuqori darajada himoyalangan. Birovning maktubini o'g'irlab olish yoki tortib olib o'qishga intilish u yoqda tursin, iznsiz xattoki nazar solish ham mumkin emas! Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. “Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam: “Kim birovning maktubiga iznsiz nazar solsa, do'zax otashiga nazar solgan bilan barobardir”, – deganlar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ulamolarimiz “nazar solish”ga oid hukmni eshitishga, quloq solishga ham qiyos qilganlar. Bugun birovning mobil telefonidagi SMSlar va hokazolarga nazar solishning hukmi ham shunday!
Butun boshli o'rmonning kuyib kul bo'lishiga bir gugurt donasi kifoya qilganidek, jamiyatning tanazzulga uchrashiga ham, ming afsuski, arzimas omil va bahonalar sabab bo'layotir... Qolaversa, xalq orasida yurib, ularning murojaatlari, savollarini tinglab, mobil telefondan to'g'ri (!) foydalanilsa, koni foyda ekani, aks holda, bu matoh asr muammosiga aylanayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Shu bois dinimiz ta'limoti asosida mobil telefondan foydalanishning tartib-taomillari, qoidalarini keltirib o'tishni lozim topdik.
Milliy va diniy qadriyatlarimiz asosi bo'lgan Islom dinimizning ENG MUQADDAS va ENG OLIY kitobi bo'lmish Qur'oni karim va hadisi shariflarda “hayot entsiklopediyasi”da uchraydigan barcha savollarga aniq, batafsil va mukammal javob bor!
Engavvalounutmasliklozimki:
1) telefon orqali bizni chaqirayotgan ham odam;
2) ro'paramizdagi odam bilan muloqot qilganda, nimalarga e'tibor qaratsak, telefonga javob berishda ham shularni inobatga olish lozim;
Muqaddas Islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g'arazli xuruj va xamlalardan, tuhmat va buhtonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o'nib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga to'g'ri tushuntirish, Islom madaniyatining ezgu g'oyalarini keng targ'ib etish – har bir (!) OTA UChUN, har bir (!) ONA UChUN bugungi XXI asr zamonasida ENG KATTA vazifa!
Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o'ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo'r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, turli ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma'lumotlarni kechayu kunduz tarqatayotgan bir onda mazkur so'zlar jannatmakon yurtimizni, muqaddas Vatanimizni, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga – havo, baliqqa – suv zarurligiday zarur bo'lsa kerak...
Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ruhlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon INOMOV
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.